“Ukraina uchun xavf yo‘qolmadi”. Putin bilan uchrashgan Shols Baydenga hisob berdi
Olam
−
17 fevral 2022
7662Germaniya kansleri Olaf Shols va AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 16 fevral kuni telefon orqali muloqot qilib, Ukraina atrofidagi vaziyat jiddiyligicha qolayotganini, Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegaralaridan sezilarli darajada olib chiqilmaganini ta’kidladi. Bu haqda Germaniya Vazirlar Mahkamasi vakili ma’lum qilgan.
“Federal kansler Olaf Shols bugun kechqurun AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali suhbatda Ukraina va uning atrofidagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi. Ikkisi bir ovozdan Rossiya qo‘shinlarining Ukraina bilan chegaradosh hududlarda to‘planib qolgani tufayli yuzaga kelgan vaziyat o‘ta jiddiy deb baholanishi kerakligini aytdi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi keyingi harbiy tajovuzkorligi xavfi saqlanib qolmoqda, o‘ta hushyorlik zarur, Rossiya qo‘shinlarining sezilarli darajada olib chiqib ketilishi hali kuzatilmagan”, deydi Vazirlar Mahkamasi vakili.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 fevral kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash va Rossiya-Ukraina o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyat bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Moskvada bo‘ldi. Tashrif davomida u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazgan.
LiveBarchasi