Putin Rossiya urush hohlamasligini aytdi. Ammo G‘arb bunga ishonmayapti

Olam

image

Kecha, 15 fevral kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash va Rossiya-Ukraina o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyat bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Moskvada bo‘ldi. Tashrif davomida u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazgan.

Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar boshlanishi arafasida, Rossiya Ukraina bo‘ylab joylashtirilgan o‘z qo‘shinlarining ma’lum qismini ortga qaytarilayotgani haqida ma’lum qilgan. Kremlning bunday harakatlari xalqaro jamoatchilik tomonidan tinchlikni saqlash borasida qo‘yilgan “ilk ijobiy qadam va belgi” sifatida baholanmoqda.  

4 soatga yaqin davom etgan Putin va Shols o‘rtasidagi uchrashuv mobaynida, tomonlar mintaqada xavfsizlikni ta’minlash va kafolatlash borasida G‘arb-Rossiya muzokaralarini davom ettirish haqida so‘z yuritgan. 

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumani davomida, Putin jurnalistlarning urush boshlanishi haqidagi savoliga javob qaytargan.

“Biz bu urushni hohlaymizmi? Albatta yo‘q. Shuning uchun ham biz tinchlik bo‘yicha kelishuvlarni taklif qildik”, degan Rossiya rahbari. 

Ammo, Putinga ko‘ra tinchlik borasidagi kelishuvlarning tamoyillariga NATOning o‘zi amal qilmayapti. Kreml rahbari NATOdan (garchi Ukraina unga qo‘shilish ehtimolidan ancha yiroqda bo‘lsa-da), Rossiyaga Ukrainaning alyansga qo‘shilmasligi haqida kafolat berishini talab qilgan. 

Uchrashuv chog‘ida GFR kansleri Olaf Shols Rossiyaning Ukraina bo‘ylab tizilgan qo‘shinlarini mintaqa xavfsizligi uchun jiddiy tahdid deya atagan. Shols mintaqadagi taranglikka diplomatik yo‘l bilan yechim topishni taklif qilgan. 

“Men chegara bo‘ylab terilgan qo‘shinlarni tahdid deya hisoblayman. Albatta, Ukraina bilan chegarada 100 mingdan ortiq rus askari borligi bizni juda xavotirga solmoqda”, degan Shols.

NATOning bildirishicha, Rossiya “deeskalatsiya” haqida elon qilayotgan bo‘lsa-da, hozircha chegaradagi harbiylar soni sezilarni darajada qisqarmagan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya-Ukraina chegarasi bo‘ylab 130 000 atrofida rus qo‘shinlari to‘plangan. 

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning Twitter’da yozishicha, “Rossiya G‘arbga “turli signallar”ni yubormoqda. Chunki Britaniya razvedkasining ma’lum qilishicha, rus armiyasi chegara bo‘ylab harbiy gospitallar qurmoqda. Bu esa urush bo‘lishiga yaqqol dalil”.

Eslatib o‘tamiz, GFR rahbari kecha, 14 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Kiyevda bo‘lgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina-Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyat borasida muzokaralar o‘tkazgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

169

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing