Tramp Bayden bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishni buyurdi
Olam
−
05 iyun 4199 2 daqiqa
Joriy yilning 5 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp sobiq prezident Jo Bayden bo‘yicha rasmiy surishtiruv o‘tkazishni buyurdi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, surishtiruvning maqsadi – Bayden prezidentlik davrida uning kognitiv (aqliy) salomatligi yomonlashganini yordamchilari yashirganmi yoki yo‘q, shuningdek, rasmiy hujjatlar Baydenning bevosita ishtirokisiz avtomatik imzo qo‘yish qurilmasi (autopen) orqali imzolanganmi – shularni aniqlashdan iboratdir.
“So‘nggi oylar davomida Bayden yordamchilari uning kognitiv salomatligi yomonlashayotganini yashirish uchun autopen (avtomatik imzo)dan haddan tashqari ko‘p foydalangani borasida dalillar ko‘paymoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Tramp Bayden to‘liq anglab yetmasdan, ba’zi qarorlar, jumladan, afvlar yoki farmonlar imzolagan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Surishtiruvni Oq uyning yuridik maslahatchisi Devid Uorrington va bosh prokuror Pem Bondi olib boradi. Ular kim autopen orqali imzo qo‘yishni buyurgani va aynan qaysi hujjatlar shu usulda imzolanganini aniqlashi lozim. Bundan tashqari, Baydenning sog‘lig‘i bo‘yicha ma’lumotlar ataylab yashirilganmi yoki jamoatchilikka yolg‘on bayonotlar berilganmi shu jihatlar ham tekshiriladi.
Trampning bu ayblovlariga javoban Jo Bayden barcha qarorlar shaxsan o‘zi tomonidan qabul qilingani va unga qarshi ilgari surilayotgan da’volar yolg‘on ekanini aytgan.
Mazkur surishtiruv Trampning avvalgi ma’muriyat qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan kengroq siyosiy kampaniyasining bir qismidir. Bu Bayden davrida qabul qilingan ba’zi qarorlarning qonuniyligiga ham ta’sir qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil may oyining o‘rtalarida Baydenga prostata saratoni tashxisi qo‘yilgandi. “The Washington Free Beacon” ning xabar berishicha, kasallik allaqachon to‘rtinchi bosqichga o‘tgan. Kasallik Baydenning suyaklariga o‘tib ketgan va bu kasallikning eng xavfli bosqichi, uni davolab bo‘lmaydi. Shu bilan birga, onkologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislar zamonaviy tibbiyot bunday tashxis qo‘yilgan bemorlarga yaqinda bo‘lgani kabi oylar emas, balki yillar davomida yashashga imkon berishini ta’kidladi. Oq uyning sobiq shifokori va hozirgi respublikachi kongressmen Ronni Jekson urologlarga tayanib, Baydenning bir yildan 18 oygacha umri borligini istisno qilmagan. 30 may kuni esa sobiq rahbar Delaverdagi tadbirda saraton kasalligini davolash uchun unga buyurilgan dori-darmonlarni qabul qila boshlaganini aytgandi.
Live
Barchasi