Mutatsiyaga uchragan koronavirus, Rossiyadan Erdo‘g‘anga keskin javob, prezidentlikka nomzod Usmonov – bugun nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image

Bugun, 20 oktyabr kuni O‘zbekiston va halqaro maydonda ko‘plab muhim voqealar yuz berdi. Bugungi nihoyasiga yetayotgan kunning qisqacha tafsilotlari bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Jamiyat

Toshkentda ayol Instagram’dan kelgan xabar sabab erini pichoqlab qo‘ydi

Toshkentda Instagram’dan kelgan xabar sabab chiqqan kelishmovchilik oqibatida shar’iy nikohda bo‘lgan eriga pichoq bilan jarohat yetkazgan ayolga sud hukmi o‘qildi.

Fotih Jalolov rahbarlik lavozimiga tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Fotih Xamitovich Jalolov O‘zbekiston davlat satira teatri direktori etib  tayinlandi.

O‘z mehnat faoliyatini 1986 yili Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti “Qo‘g‘irchoq aktyori mahorati” kafedrasida o‘qituvchilikdan boshlagan Fotih Jalolov bugunga qadar Madaniyat vazirligi tizim tashkilotlarida turli vazifalarda faoliyat yuritgan. 

O‘zbekiston iqtisodi 9 oyda qanchaga o‘sgani ochiqlandi

2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 106,9 foizni, jumladan, sanoat – 109,0 foizni, xizmatlar – 107,6 foizni, qishloq xo‘jaligi – 104,2 foizni tashkil qilgan. Savdo aylanmasi hajmi 167,0 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 109,8 foizga o‘sgan.

Qashqadaryoda odamlarga suv sotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida markaziy ichimlik suvi quvuriga o‘zboshimchalik bilan ulanish holati aniqlandi. 

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qamashi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro X.B. “Shahrisabz-Qarshi” markaziy ichimlik suvi quvuriga o‘zboshimchalik bilan ulanib, aholiga ichimlik suvi tarqatish shoxobchasini tashkil qilgan. X.B. shu orqali ichimlik suvi sotishni yo‘lga qo‘yib, “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJga 174,9 mln so‘m zarar yetkazgan.

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxirasi keskin kamaydi

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxirasi 1 oktyabr holatiga 34 mlrd 414 mln dollarni tashkil etmoqda. O‘tgan bir oyda mamlakatning xalqaro zaxiralari 1,02 milliard dollarga yoki 2,9 foizga kamaydi.

Oliy ta’lim tizimida qariyb 14 mlrd so‘mlik moliyaviy xatoliklar aniqlandi

O‘zbekistonning Oliy va o‘rta maxsus ta’limi tizimida 9 oy mobaynida qariyb 14 mlrd so‘mlik moliyaviy kamchiliklar aniqlandi.

Aniqlanishicha, 2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida 245 ta ta’lim muassasasida jami 13 mlrd 605,3 mln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Banan va ananas kabi mevalar importi bojxona bojidan ozod qilindi

O‘zbekistonda avokado, mango, kivi va boshqa mevalar bojxona bojidan ozod qilindi. Bu haqda hukumat tomonidan qabul qilingan “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorida so‘z boradi.

Xalqaro qidiruvga berilgan ikki o‘zbekistonlik Koreyadan ekstraditsiya qilindi

Katta miqdorda firibgarlikda ayblangan ikki O‘zbekiston fuqarosi Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilindi.

Olam

Suriyada terakt: armiya avtobusi portlatildi

Bugun, 20 oktyabr kuni Suriya poytaxti Damashqda terakt sodir etildi, o‘ndan ortiq odam halok bo‘ldi.

Tongda terrorchilar mashhur Damarouz mehmonxonasi yaqinidagi Rais ko‘prigi atrofida ikkita portlovchi uskunani ishga tushirgan. Natijada Suriya armiyasining yo‘lda harakatlanayotgan avtobusi portlagan.

Hindistonda 50 ga yaqin odam toshqin qurboni bo‘ldi

Hindiston shimolidagi Uttaraxand shtatida kuchli yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan toshqin va ko‘chkilar oqibatida kamida 46 kishi halok bo‘ldi.

“Tolibon” giyohvandlikka qarshi urush boshladi

“Tolibon” Afg‘onistonda giyohvandlikka qarshi kurash boshladi. Harakat vakillari giyohvandlar to‘planadigan ko‘priklar tagida reydlar o‘tkazmoqda.

O‘zbekistonliklardan pul undirib kelgan qirg‘izistonlik amaldorlar ushlandi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Respublika Chegara xizmatida korrupsiya sxemasini fosh qildi. Respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kursanbek Bektashov korrupsiyada ayblanib, qo‘lga olingan.

Ta’kidlanishicha, bu jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchilar orasida O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan “Dostuk-avtodorojniy” nazorat-o‘tkazish punkti boshlig‘i va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi podstansiyasining O‘sh viloyati boshqarmasi boshlig‘i bor.

Koronavirusning xavfli “delta” shtammi mutatsiyaga uchradi

Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi avvalgisiga qaraganda 10-15 foiz yuqumliroq shtammi aniqlandi. Gap AY.4.2 varianti haqida bormoqda. Uni “delta” shtammining o‘zgarishini kuzatib boruvchi virusologlar aniqladi. Bu butun pandemiyaning eng yuqumli shtammiga aylanishi mumkin, demoqda London universiteti Genetika instituti direktori Fransua Ballou.

“Bir hovuch” davlatlar? – Rossiyalik senator Erdo‘g‘anga javob qaytardi

Rossiyalik senator Aleksey Pushkov Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari haqida bildirgan fikriga javob qaytardi.

“Erdo‘g‘an BMT Xavfsizlik kengashidan norozi: dunyo undagi “bir hovuch” davlatlardan buyukroq. Bir hovuch? Bu davlatlar ikki milliard odam degani”, deya yozgan Pushkov Twitter sahifasida.

Sport

Alisher Usmonov xalqaro tashkilot prezidentligiga nomzod bo‘ldi

Joriy yil Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining (FIE) hisobot-saylov Kongressi tashkil etiladi. Unda tashkilot rahbariyatiga saylov o‘tkaziladi.

Rossiya qilichbozlik federatsiyasi mazkur saylovga mamlakat nomidan FIE’ning amaldagi rahbari, rossiyalik metsenat Alisher Usmonovning nomzodini ilgari surdi. Shu tariqa, 27 noyabr kuni Shveysariyada o‘tkaziladigan FIE’ning Kongressida Usmonov nomzodi ko‘rib chiqiladi.

YeCHL 3-turida qanday natijalar qayd etildi?

Kecha, 19 oktyabr kuni UEFA Chempionlar ligasining 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. 

“A” guruhida g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biri bo‘lgan PSJ o‘z maydonida “Leypsig”ni mag‘lub etdi. Uchrashuvning 9-daqiqasida Kilian Mbappe mezbonlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, mehmonlar ikki bor gol urib, hisobda oldinga chiqib oldi. Uchrashuv qahramoni Lionel Messi 67-daqiqada hisobni tenglashtirdi, oradan 7 daqiqa o‘tar-o‘tmas Mbappega nisbatan ishlatilgan qo‘pollikdan so‘ng belgilangan penaltini “panenka uslubi”da amalga oshirib, jamoasiga g‘alaba keltirdi. Uchrashuvning so‘nggi daqiqasida esa Kilian penaltidan gol ura olmadi.

Saudiyalik rahbarlar “Nyukasl” murabbiyini iste’foga chiqardi

Angliyaning “Nyukasl” klubi bosh murabbiyi Stiv Bryus muddatidan avval iste’foga chiqarildi. Klubning saudiyalik yangi investorlari angliyalik mutaxassisning joriy mavsumdagi qoniqarsiz natijalari tufayli uni lavozimidan ozod qildi.

FIFA'dan yurish: JCH har ikki yilda o‘tkazilishi mumkin

FIFA 2026 yildan boshlab Jahon chempionatini har ikki yilda bir marta o‘tkazish taklifi bilan chiqdi.

Xalqaro futbol federatsiyasi prezidenti Janni Infantinoning a’zo mamlakat futbol assotsiatsiyalariga yuborgan maktubida potensial chempionat taqvimi taqdim etilgan. Unga ko‘ra yetakchi futbolchilar yiliga 50 kun emas, balki 30 kun terma jamoalari safida bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, saralash turnirlarini qisqartirish taklif qilinmoqda. Jamoalar ko‘pi bilan 7 ta o‘yinda maydonga tushadi va bu uchrashuvlarni mart-oktyabr oylarida o‘tkazish imkoniyatini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov Rajab Toyib Erdo'g'an Tolibon Instagram koronavirus

Baholaganlar

519

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing