Tarixga aylanayotgan “propiska”, vakolatini kengaytirgan Japarov, sabr kosasi to‘lgan Erdo‘g‘an... Bugun nimalar bilan yodda qoldi?
Jamiyat
−
12 Oktabr 2021
8023Bugun, 12 oktyabr O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar sodir bo‘ldi. Nihoyasiga yetayotgan kunning eng muhim voqealarining qisqacha tafsiloti bilan tanishing.
Jamiyat
O‘zbekistonning mehnatga layoqatli aholisi hisoblab chiqildi
2021 yil 1 oktyabr holatiga O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisining 57,8 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilardan iborat. Mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar – 31,1 foizni tashkil qiladi.
O‘zbekiston olimlari COVID-19 ga qarshi bir nechta vaksina ustida ishlayotgani ma’lum bo‘ldi
O‘zbekiston olimlari bir vaqtning o‘zida koronavirusga qarshi bir nechta vaksina ustida ish olib boryapti. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.
“Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, yaqinda respublikada eng mashhur o‘zbek-xitoy ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi ishlab chiqariladigan zavodlarda “Sputnik V” ishlab chiqarila boshlandi. Shu bilan birga, bizning olimlarimiz ham Rossiyada, ham butun dunyodagi hamkasblari bilan yaqin muloqotda bo‘lib, bir vaqtning o‘zida koronavirusga qarshi bir nechta mahalliy vaksinalarni ishlab chiqish ustida faol ish olib borishmoqda”, degan Ibrohimov.
Davlatlarning kiberxavfsizlik reytingi tuzildi. Unda O‘zbekiston ham bor
Global Cybersecurity Index davlatlarning kiberxavfsizlik bo‘yicha reytingini e’lon qildi. O‘zbekiston unda 182 davlat orasida 70-o‘rinni egalladi.
Indeks beshta asosiy yo‘nalishda 82 ta savolni jamlagan. Ularning har biriga 20 ball beriladi. Bunda huquqiy, texnik va tashkiliy hamda imkoniyatlar va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha choralarni o‘z ichiga oladi.
Kattaqo‘rg‘ondagi portlash bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahridagi xonadonda gaz portlab, ikki kishi tan jarohati olgani yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Portlash joriy yilning 8 oktyabr kuni yuz bergandi.
Tadbirkorlarga davlat tiliga oid yangi talab qo‘yilmoqda
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, Qonun bilan tovar (ish, xizmatlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilishi shartligi belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham iste’molchiga davlat tilida taqdim etadi.
Shavkat Mirziyoyevning Buxoroga safari
Bugun, 12 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari tashrifni Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi.
Tashrif davomida adbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Qorako‘l tumanida buxorolik saylovchilar bilan uchrashdi.
Amaldagi Prezident o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qilarkan, mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng sertalafot “Sardoba fojiasi”ni esladi.
“Hozir ayta olaman, umrimda, kinoda ham men bunday voqeani ko‘rmaganman. Odamlar suvning ichida, bolalar daraxt ustida edi. Milliy gvardiyadan qurbonlar bo‘ldi, ammo odamlarning hayotini saqlab qoldik”, dedi davlat rahbari.
Qonunchilikdagi “propiska” o‘rniga boshqa atama kiritiladi
Uzoq yillar O‘zbekiston xalqining mamlakat ichida istalgan joyda yashashi uchun qiyinchlik tug‘dirgan “propiska” atamasi qonunchilikdan chiqarib tashlanmoqda. Shu kabi o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bugun, 12 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama qilingan.
Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlaridagi “doimiy propiska qilish” tushunchalari “doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” tushunchalariga hamda “turgan joyi bo‘yicha hisobga olish” tushunchalari “vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” tushunchalariga almashtirilmoqda.
Shevrolet Onix qachondan sotuvga chiqishi ma’lum bo‘ldi
Shevrolet Onix avtomobili sotuvi 2022 yil oxiri, 2023 yil boshida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “UzAuto Motors” AJ ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning avgust oyida Shevrolet Onix va Chevrolet Traker 2 avtomobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun Asakadagi zavodda zaruriy ishlar olib borilgan.
Olam
Rossiya 150 ming o‘zbekistonlik uchun amnistiya e’lon qildi
O‘zbekiston va Tojikistonning Rossiyaga kirishi taqiqlangan 300 ming fuqarosi RF Ichki ishlar vazirligi tomonidan afv etildi.
“Amnistiya”ga tushgan Markaziy Osiyoning ikki davlati fuqarolari 18 avgustda ma’lumotlar bazasidan olib tashlangan, shuning uchun muhojirlar Ichki ishlar vazirligi saytida o‘zlariga Rossiyaga kirishga ruxsat berilgan yoki berilmaganini tekshirib olishi kerak bo‘ladi.
To‘qayev sobiq Prezident Nazarboyev nomzodini yangi lavozimga taklif qildi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevni Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari kengashi Donishmandlar kengashi rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatishni taklif qildi. Bu haqda Respublika Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Akan Rahmetullin ma’lum qildi.
Japarov o‘z vakolatlarini sezilarli kengaytirdi
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘z vakolatlarini sezilarli darajada kengaytiruvchi “Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi konstitutsion qonunga imzo chekdi.
Hujjatga ko‘ra, Japarov o‘z tashabbusi bilan Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasi a’zolarini iste’foga chiqarishi mumkin bo‘ldi. Bundan tashqari, qonunda hukumat a’zosining lavozimidan ozod qilinishi mumkin bo‘lgan asoslar ko‘zda tutilgan.
Vakolati kengaygan Japarov bugunning o‘zida Qirg‘iziston hukumatini iste’foga chiqardi.
“Putin yangi qurolga ega bo‘ladi”. Yevropadagi gaz narxi uchun Rossiyani jazolash taklif qilindi
AQSH Kongressi a’zosi Maykl Makkol Yevropada gaz narxining oshib ketgani uchun Rossiyaning “Shimoliy oqim 2” gaz quvuriga qarshi sanksiyalar kiritishni taklif qildi. Senator AQSH Prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Angela Merkelni mintaqaviy gaz bozorini “manipulyatsiya qilish” va “qit’ada energetik inqiroz”ni qo‘zg‘atish orqali Yevropaga bosim o‘tkazishga urinayotgan Rossiyaga e’tibor bermayotganlikda aybladi.
“Agar Bayden “Shimoliy Oqim 2” ga qarshi muhim sanksiyalar uchun istisnoni bekor qilmasa va gaz quvurini to‘xtatmasa, Rossiya Prezidentiga Ukraina va boshqa yevropalik sheriklarimizga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan yana bir zararli ta’sir qurolini beradi”, deydi Maykl Makkol.
KXDR razvedkasining sobiq xodimi Kim Chen Inning sirlarini ochib tashladi
30 yildan ortiq razvedka xizmatida ishlagan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi sobiq katta polkovnigi Kim Kuk Son BBC nashriga intervyu berdi. Suhbat davomida u Mehnat partiyasi qurol va giyohvand moddalar sotish yo‘li bilan qanday pul topishi, shuningdek razvedkaning maxsus terrorchilik bo‘limi haqida gapirgan.
Turkiyaning sabr kosasi to‘ldi – Erdo‘g‘an
Suriyadagi oxirgi terroristik hujumlar sabab Turkiyaning sabr kosasi to‘ldi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.
“Yaqin kelajakda Suriyadan chiqayotgan tahdidlarni o‘z kuchimiz bilan yo‘q qilish uchun kerakli choralarni ko‘ramiz”, degan Erdo‘g‘an xalqiga yo‘llagan murojaatida.
Sport
IBF reytingi yangilandi. O‘zbek bokschilarining o‘rni qanday?
Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) sentyabr oyi uchun yangilangan reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik to‘rt nafar bokschi mazkur reytingdan o‘rin egalladi.
Yarim o‘rta vazn toifasida (-66,6 kg) IBF jahon chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar hisoblangan Qudratillo Abduqahhorov reytingda 1-pog‘onada qayd etilgan.
Super yengil vazn toifasida (-63,5 kg) ringga ko‘tariluvchi Shohjahon Ergashev 4-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Shaxram G‘iyosov kuchli o‘nlikka yakun yasagan.
Yarim yengil vaznda (-55,3 kg) IBF chempionlik kamari sohibi Murodjon Ahmadaliyev mazkur yo‘nalishda reytingning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan. U shuningdek, WBA yo‘nalishida ham chempion hisoblanadi.
“El-kapitano”ning PSJ safidagi debyuti sanasi ma’lum bo‘ldi
Ispaniyalik himoyachi Serxio Ramosning PSJ safidagi debyuti sanasi ma’lum bo‘ldi. Parijliklar matbuot xizmatining xabar berishicha, 15 oktyabr kuni Fransiya chempionati doirasidagi “Anje”ga qarshi uchrashuvda Ramos maydonga tushishi mumkin. U ayni damda jamoaviy mashg‘ulotlarga qo‘shilgan.
LiveBarchasi