Jazoga tortilgan Abduxoliqov, To‘qayevning maxfiy boyligi, AQSH sanksiyalarini mensimagan Kreml...Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
21 fevral 2022
13455Jamiyat
Uzbekistan Airways Qora dengiz uzra amalga oshirilgan parvoz yuzasidan rasmiy izoh berdi
Joriy yilning 19 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda HY-271 Toshkent – Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha Qora dengiz ustidagi harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilayotgan havo maydonidan amalga oshirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. “Uzbekistan Airways” AJ mazkur parvoz haqida tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, har bir reysning parvoz yo‘nalishi uni amalga oshiradigan aviakompaniya tomonidan ob-havo va barcha davlatlarning havo maydonidagi vaziyatni batafsil tahlil qilish asosida tanlanadi.
Ushbu yo‘nalishdagi parvozlarni cheklovchi aeronavigatsiya ma’lumotlari bo‘lmagan.
Poytaxt va Toshkent viloyatida ekstremistlarga o‘ralashib qolgan 24 kishi ushlandi
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralari o‘tkazgan tezkor tadbirdaToshkent shahri va Toshkent viloyati hududida ekstremistik tashkilotlarning noqonuniy ravishda faoliyat yuritgan bir guruh a’zolari aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir davomida ushlangan shaxslarning yashash manzillarida o‘tkazilgan tergov harakatlari natijasida, ekstremistik oqim va halqaro terrorchilik tashkiloti targ‘ibotchilarining aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan va taqiqlangan materiallari topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olingan.
O‘zbekistonda “yo‘l bezoriligi” uchun javobgarlik belgilanadi – Bobojonov
O‘zbekistonda “yo‘l bezoriligi”, ya’ni transport vositasini qasddan tartibsiz boshqarish, yo‘l-patrul xizmati xodimlariga qarshilik ko‘rsatish kabi holatlar uchun javobgarlik belgilanadi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov ma’lum qildi.
Vazirga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq qonunchilik takomillashtiriladi.
Xususan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan haydovchilik guvohnomasini berganlik uchun ham jazo choralari ko‘zda tutiladi.
Jizzaxda DSI katta inspektori pora bilan ushlandi
Jizzax shahrida tadbirkorga imtiyozli kredit olib berishni va’da qilgan davlat soliq katta inspektori ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Jizzax shahar Davlat soliq inspeksiyasining davlat soliq katta inspektori A.X. “M.N.” MCHJ rahbari M.ning ishonchiga kirib, bank muassasalarida ishlovchi tanishlari orqali 200 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishida yordam berish evaziga 600 AQSH dollari va o‘zi uchun qaytarib berish sharti bilan 200 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Toshkentda jinoiy guruh Rossiyadan yuborilgan 7 sisterna benzinni o‘g‘irladi
Rossiyadan Toshkentga yuborilgan 7 sisterna benzin o‘g‘irlagan fuqarolar tergov qilinmoqda. Bu haqda IIV Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti ma’lum qildi.
Joriy yilning 30 yanvar kuni fuqaro B.S, Sh.D., D.I. va boshqa shaxslar Rossiyaning Orsk shahri neftni qayta ishlash zavodidan Toshkent shahri, Sergeli tumani 5-dahada joylashgan MCHJ xorijiy korxonasiga yuborilgan 7 ta vagon-sisternaga yuklangan AI-95 markali benzinni o‘g‘irlab ketgan.
2,6 mlrdlik qo‘lyozmalar “uxlatilgan”. BP O‘zMU mansabdorlariga jinoyat ishi ochdi
Milliy universitet Axborot resurs markazi fondida saqlangan XIII – XIX asrlarga oid qiymati 2,6 milliard so‘mlik 60 ga yaqin qo‘lyozma va asarlar talon-taroj qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Milliy universitet Axborot resurs markazi fondida saqlangan XIII – XIX asrlarga oid qiymati 2,6 mlrd so‘mlik tarixiy va badiiy ahamiyatga ega bo‘lgan 56 dona qo‘lyozma va 6 dona toshbosma asarlar talon-toroj qilingani va boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Yana Samarqand! Haydovchilardan ulush undirib kelgan to‘da ushlandi
Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida noqonuniy avtoturargoh tashkil etib, haydovchilardan ulush olib kelganlar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi hamda DXX hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Ishtixon tumanida yashovchi O.R., Sh.A., A.Q, va S.M. qo‘lga olingan. Ular Ishtixon shahri “O‘zbekiston” MFY hududidan o‘tuvchi M-37 yo‘lining “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida noqonuniy tashkil etilgan avtoturargohda haydovchilardan zo‘rlik ishlatib tamagirlik yo‘li bilan ulush olib kelgan.
Onasi ayiq qafasiga tashlab yuborgan 3 yashar qiz shifoxonadan chiqdi
Bugun, 21 fevral kuni Toshkent hayvonot bog‘ida onasi tomonidan ayiq qafasiga tashlab yuborilgan 3 yoshli Z.A. shifoxonadan chiqdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Barcha tibbiy ko‘riklar ijobiy natija ko‘rsatgani va bolaning ruhiy holati me’yorida ekani inobatga olinib, unga yaqinlari hamrohligida uyiga ruxsat berildi. Qizaloq hozircha buvisining qaramog‘ida bo‘ladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Byudjet pulini oilaviy kompaniyasiga o‘tkazgan Firdavs Abduxoliqovga jazo tayinlandi
Bugun, 21 fevral kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud qarori e’lon qilindi.
Sud qaroriga ko‘ra Firdavs Abduxoliqov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-8-moddasi (davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 4-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (8,1 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Maktablarda maxsus avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistondagi maktablarga o‘quvchilarning kelib-ketishlari uchun maxsus avtobuslar harakatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishga zarurat bor. Bu haqda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Koreya tajribasi asosida maktab yonidan o‘tgan yo‘lning 300 metr masofasida transport vositalarining harakatlanish tezligining yuqori chegarasini 30 km/soat etib belgilash taklif etilyapti. Bundan tashqari, maktablarga o‘quvchilarning kelib-ketishlari uchun maxsus avtobuslar harakatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishga zarurat bor”, deydi vazir.
“Qonli yanvar” uchun 50 dan ortiq kishiga hukm o‘qildi
Qozog‘istonda “qonli yanvar” voqealarida ishtirok etgan 50 dan ortiq kishiga hukm o‘qildi. Bu haqda bugun, 21 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi tergov boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Odilov ma’lum qilgan.
"Yanvar voqealari bo‘yicha 107 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari ayblov xulosasi bilan yakunlandi. Bu ishlarning asosiy qismini o‘g‘irlik – 65, noqonuniy qurol saqlash – 11, ularni o‘g‘irlash – 7 va boshqalar tashkil etadi", deydi Odilov.
Toshkentdagi uylardan birida ayol kishining murdasi topildi
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi uylardan birida yolg‘iz o‘zi yashovchi yashovchi 56 yoshli rus millatiga mansub ayolning murdasi tan jarohatlari bilan qonga belangan va boshiga sellofan paket kiydirib ketilgan holda topildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayblanuvchi o‘zi tomonidan sodir etilgan o‘ta og‘ir turdagi jinoyatni yashirish maqsadida xonadonda mavjud gaz plitasining barcha jo‘mraklarini ochiq qoldirib, hodisa joyidan yashiringan. Hodisa joyidan olingan qo‘l-barmoq izlari 1968 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan shaxs tomonidan qoldirilgani aniqlangan.
Olam
Makron Putin va Baydenni sammit o‘tkazishga ko‘ndirdi
Kecha, 20 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin hamda Jo Baydenga ikki tomonlama sammit o‘tkazishni taklif qildi. Tomonlar taklifni qabul qilgan. Bu haqda bugun, 21 fevral kuni Yelisey saroyi tarqatgan xabarda aytilgan.
“U (Makron – tahr.) Prezident Bayden va Prezident Putin o‘rtasida, so‘ngra Yevropada xavfsizlik va strategik barqarorlik bo‘yicha barcha manfaatdor tomonlar bilan sammit o‘tkazishni taklif qildi. Prezidentlar Bayden va Putin bunday sammit tamoyilini qabul qilishdi”, deyiladi xabarda.
AQSH Rossiyada teraktlar bo‘lishidan ogohlantirdi
AQSHning Rossiyadagi elchixonasi teraktlar xavfi tufayli Amerika fuqarolarini jamoat joylaridan uzoqroq yurish kerakligi haqida ogohlantirdi.
“OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yirik shaharlar, jumladan, Moskva va Sankt-Peterburgdagi savdo markazlari, temir yo‘l va metro bekatlari, shuningdek, odamlar gavjum bo‘lgan boshqa joylarga, shuningdek, Rossiyaning Ukraina bilan chegarasidagi keskinlik yuqori bo‘lgan hududlarga hujum qilish xavfi mavjud. “, deyiladi xabarda.
Bayden qanday holatda Putin bilan uchrashishi aytildi
AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirmasa, Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyor. Bu haqda Oq uy Matbuot kotibi Jen Psaki bergan bayonotda aytiladi.
“Prezident ko‘p marotaba aniq ta’kidlaganidek, biz bosqin boshlangunga qadar diplomatik hamkorlikka sodiqmiz. Agar Rossiya harbiy harakatlar chorasini ko‘rmasa, Davlat kotibi [Entoni] Blinken va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shu hafta oxirida Yevropada uchrashadi. Prezident Bayden, agar bosqin bo‘lmasa, bu aloqalardan so‘ng Prezident Putin bilan uchrashishga prinsipial rozi bo‘ldi. Biz diplomatiyaga doim tayyormiz”, deyiladi hujjatda.
Qozog‘istonda sobiq Mudofaa vaziri qo‘lga olindi
Qozog‘istonda yanvar voqealaridan so‘ng Mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilgan Murat Bektanov hukumat harakatsizligida ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bergan.
“19 fevral kuni Bosh prokuratura sobiq Mudofaa vaziri Bektanov Murat Karibayevichga nisbatan o‘z xizmatidagi harakatsizlik fakti bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 452-moddasiga asosan sudgacha tergov boshladi”, deyiladi xabarda.
Credit Suisse shveysar bankining “yirik” mijozlari ma’lumotlari tarqaldi: ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor
Shveysariyaning eng yirik Credit Suisse bankining mijozi bo‘lgan o‘nlab tadbirkorlar va amaldorlarning ma’lumotlari oshkor qilindi. Ular orasida o‘zbekistonlik mijozlar ham bor. Bu Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP) tomonidan taqdim etilgan Suisse Secrets tadqiqoti ma’lumotlarida ko‘rsatib o‘tilgan.
“Credit Suisse sirlari” – dunyodagi eng yirik va eng boy banklardan biri haqida xalqaro tekshiruv.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 39 mamlakatdagi 48 nashrning 163 nafar jurnalisti bir necha oy davomida Shveysariyaning kreditlar bo‘yicha ikkinchi yirik banki Credit Suisse’dan hisob ma’lumotlari sizib chiqishini o‘rganishgan. Sizdirilgan ma’lumotlarda 18 mingdan ortiq hisob qaydnomalari mavjud bo‘lib, ularning umumiy miqdori 100 milliard dollardan oshgan. Bu yirik Shveysariya bankidan mijozlar ma’lumotlarining sizishi bilan bog‘liq yagona holat.
Luganskda 55 yoshdan oshgan erkaklar ham armiyaga chaqirildi
O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk Xalq Respublikasi rahbari Leonid Pasechnik 55 yoshdan oshgan erkaklarni ixtiyoriy safarbar etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
“Lugansk Xalq Respublikasi rahbarining 2022 yil 19 fevraldagi “Safarbarlik e’lon qilish va Lugansk Xalq Respublikasi hududida joriy etilgan harbiy holat rejimini ta’minlashga qaratilgan ayrim chora-tadbirlarni qo‘llash to‘g‘risida”gi farmoniga o‘zgartirish kiritilsin. 2-band quyidagi mazmun bilan to‘ldirilsin: “55 yoshdan oshgan erkak fuqarolarni ixtiyoriy ravishda harbiy xizmatga chaqirish”, deyiladi hujjatda.
Kreml AQSHning yangi sanksiyalarini “mensimadi”
Avvalroq, AQSH ma’muriyati Moskvaga qarshi sanksiyalar tayyorlagani, bu Amerika banklariga Rossiyaning yirik banklari uchun tranzaksiyalarni qayta ishlashni taqiqlashdan iboratligi aytilgandi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qo‘shma Shtatlar yangi sanksiyalar ro‘yxatini tayyorlayotgani haqidagi xabarlarga izoh berishdan bosh tortdi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, qabul qilinmagan hujjatlarga izoh berish qiyin.
YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalari tayyor bo‘ldi
Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari bo‘yicha ishlar yakunlandi, ular tayyor. Bu haqda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qilgan.
“Sanksiyalar bo‘yicha ishlar yakunlandi, ular tayyor. Og‘ir vaziyatda, men Tashqi ishlar vazirlarini favqulodda yig‘ilishga chaqiraman, unda sanksiyalar taqdim etiladi. Biz buni vaqti kelganda amalga oshirishga tayyormiz, shunday daqiqalar keladi, lekin biz u kelmasligi uchun harakat qilyapmiz”, deydi Borrell.
Yevropadan To‘qayev oilasining maxfiy boyliklari topildi
Shveysariyaning eng yirik Credit Suisse bankining mijozi bo‘lgan o‘nlab tadbirkorlar va amaldorlarning ma’lumotlari oshkor qilingani haqida xabar bergan edik. Ular orasida amaldagi Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning sobiq rafiqasi Nadejda To‘qayeva hamda uning Jenevadagi elita maktab-internatda tahsil olgan o‘g‘li Timur To‘qayev ham bor. Bu Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP) tomonidan taqdim etilgan Credit Suisse tadqiqoti ma’lumotlarida ko‘rsatib o‘tilgan.
Ma’lumotlarda aytilishicha, 1998 yilda Credit Suisse To‘qayevning o‘sha paytdagi rafiqasi Nadejda va ularning Jenevadagi maktab-internatda o‘qigan 14 yoshli o‘g‘li Timur uchun hisob ochgan. 2005 yilda hisobda bir million dollarga yaqin pul qayd etilgan. Hisobni yopgach, To‘qayevlar 2012 yilda Shveysariyada o‘z hisob raqamlariga ega Britaniya Virjiniya orollarida ofshor kompaniyalar ochgan. Bu firmalar Britaniyada 2014 yilda aktivlari besh million dollarni tashkil etgan kompaniyalarni nazorat qilgan. Shuningdek, Moskva va Jenevada kamida 7,7 million dollarlik mulk sotib olingan.
Kremlga malomatlar qilgan Pompeo Putinni bir jumla bilan tarifladi
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi va Davlat departamentining sobiq rahbari Mayk Pompeo C-SPAN kanali efirida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qanday rahbar ekanini tariflab berdi.
“Juda tushunarli, juda qobiliyatli, men uni aql bovar qilmaydigan darajada hurmat qilaman. Meni bunday so‘zlar uchun tez-tez tanqid qilishardi”, degan siyosatchi.
Har joyda Nazarboyevlar. Elboshi oilasi a’zolari Shveysariyada katta pul saqlagani fosh bo‘ldi
Avvalroq, Shveysariyaning eng yirik Credit Suisse bankining mijozi bo‘lgan o‘nlab tadbirkor va amaldorlarning ma’lumotlari oshkor qilingani haqida xabar bergan edik. Ma’lum bo‘lishicha, bank mijozlari orasida Qozog‘iston Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning katta qizi Darig‘a Nazarboyeva hamda o‘rtancha kuyovi Timur Kuliboyev ham bor.
Qayd etilishicha, Darig‘a Nazarboyeva 2008-2021 yillarda Credit Suisse’da oltita hisob raqamiga ega bo‘lgan bo‘lib, ularning umumiy maksimal balansi 46 million dollarni tashkil etgan.
Qo‘ynidan to‘kilsa, qo‘njiga! Qodirov 20 yashar qizini yuqori lavozimga tayinladi
Joriy yilning 18 fevral kuni Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov o‘zining uchinchi qizi Xutmat Qodirovani respublika rahbari kotibyati boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinladi. Bu haqda “Grozniy-inform” xabar berdi.
“U muhim yo‘nalishni egallaydi - reabilitatsiya markazlari ishini nazorat qilish. Bu hozirda koronavirus pandemiyasi sharoitida eng dolzarb va mas’uliyatli soha”, deydi Qodirov.
Bundan tashqari, Qodirov Valid Edilovni o‘z kotibiyatiga yangi rahbar etib tayinlagan.
Tezkor! Putin bugun DXR va LXR bo‘yicha qarorini e’lon qiladi
Bugun, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donbassda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasini (DXR va LXR) tan olish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qiladi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Hurmatli hamkasblar, fikringizni eshitdim. Qaror bugun qabul qilinadi. Sizga ushbu uchrashuv uchun minnatdorlik bildiraman”, dedi Putin Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida.
Xitoy AQSHning ikki kompaniyasiga nisbatan sanksiya joriy etdi
Xitoy hukumati Amerikaning “Raytheon Technologies” va “Lockheed Martin” kompaniyalariga Tayvanga qurol yetkazib bergani uchun sanksiyalar joriy etishga qaror qildi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin ma’lum qildi.
“Xitoy hukumati “XXR suvereniteti va uning xavfsizlik manfaatlarini himoya qilish maqsadida xorijiy sanksiyalarga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, Tayvanga uzoq vaqtdan buyon qurol yetkazib berishda ishtirok etib kelayotgan AQSHning “Raytheon Technologies” va “Lockheed Martin” mudofaa kompaniyalariga qarshi choralar ko‘rishga qaror qildi", deya ta’kidlaydi u.
Sport
Og‘ir atletikachi Maftuna Ismoilova 4 yilga sportdan chetlatildi
Og‘ir atletikachi Maftuna Ismoilova doping-sinamada taqiqlangan moddalar aniqlanib, 4 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Maftuna Ismoilovadan o‘tgan yilning noyabr oyida musobaqadan tashqari davrda olingan doping-sinamada taqiqlangan “OXANDROLONE” va “STANOZOLOL” moddalari aniqlangan.
Hasanboy Do‘smatov va yana 4 nafar o‘zbekistonlik bokschi bugun ringga chiqadi
Bolgariyada boks bo‘yicha "Stranja" turniriga start berildi. Bu “Golden Belt” turkumidagi birinchi musobaqa hisoblanadi va bokschilar ushbu turnirda yangi reyting ochkolarini ham qo‘lga kiritishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu musobaqa 20-27 fevral kunlari Sofiya shahridagi "Sofia Hall" arenasida bo‘lib o‘tadi
Kunduzgi dastur janglari Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da, kechki dastur esa 21:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. Bugun kun davomida besh nafar o‘zbekistonlik bokschi ringga ko‘tariladi.
Qishki Olimpiya o‘yinlari yakunlandi
Kecha, 20 fevral kuni Xitoy poytaxti Pekinda qishki Olimpiya o‘yinlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Olimpiya o‘yinlarida 91 davlatdan sportchilar ishtirok etdi, 7 ta sport turi (15 ta yo‘nalish) bo‘yicha 109 ta sovrinlar to‘plami o‘ynaldi. Medallar hisobi bo‘yicha g‘olib 16 oltin, 8 kumush, 13 bronza medalini qo‘lga kiritgan Norvegiya terma jamoasi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Germaniya jamoasi (12-10-5), uchinchi o‘rinni Xitoy jamoasi (9-4-2) egalladi.
LiveBarchasi