Zelenskiy Guterrishni bir muammoni zimmasiga olishga chaqirdi
Olam
−
29 aprel 2022
10138Ukraina Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishni ukrainaliklarni Rossiyaga deport qilishni to‘xtatish uchun bor imkoniyatini ishga solishga chaqirdi. Bu haqda u Guterrish bilan o‘tkazgan brifingi vaqtida aytib o‘tgan.
“Janob Bosh kotibni Ukraina fuqarolarini Rossiyaga deport qilishni to‘xtatish bilan shug‘ullanishga chaqirdim. Rossiya qonunga zid ravishda va majburan kattalar va bolalarni ko‘chiryapti. Allaqachon, yuz minglab ukrainalar amalda o‘g‘irlab ketildi”, degan Zelenskiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi va Xalqaro migratsiya tashkiloti bu borada juda muhim vositadir.
“Hozirda ularning oldidagi vazifa, bizning fikrimizcha, Rossiya Federatsiyasiga deportatsiya qilingan fuqarolarimiz bilan uchrashish va ularning Ukrainaga – vataniga tezroq qaytishini ta’minlashdir”, degan Prezident.
Joriy yilning 17 aprel kuni Oliy Radaning inson huquqlari bo‘yicha komissari Lyudmila Denisova, rus OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga 808 ming ukrainalik noqonuniy olib kelingani, ulardan 153 ming nafari bolalar ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 28 aprel kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Kiyevga tashrif buyurdi va u yerda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Shuningdek, u Kiyev viloyatining bir muddat ruslar nazoratida bo‘lgan shaharlariga bordi.
Ukraina rasmiylari Guterrishning tashrifi davomida rus harbiylari Kiyev markaziga hujum uyushtirganini ma’lum qildi. Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kulebaning aytishicha, BMT Bosh kotibi poytaxtga tashrif buyurgan paytda Rossiya Kiyevga qanotli raketalar bilan zarba bergani “jirkanch vahshiylik”dir.
Bir kun oldin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga tashrif buyurgan Guterrishning o‘zi BBC sharhida bu o‘qqa tutilganidan “hayratda qolganini” aytdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi