Zelenskiy Putinning taklifini ultimatum deb atadi
Olam
−
14 iyun
12211Kiyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga nisbatan qurolli bosqinni to‘xtatish bo‘yicha shartini ultimatum deb biladi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Italiyaning “Sky TG24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Ushbu bayonotlar ultimatumdir, ularda avval mavjud bo‘lgan ultimatumlardan boshqa hech narsa yo‘q”, deydi u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yangi taklifiga izoh berish so‘roviga javoban.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Moskvaning bu tashabbusini qabul qilish hududlarni o‘z qo‘li bilan berishini anglatadi.
Uning fikricha, taklif mojaroni muzlatishdan iborat, ammo mojaroni muzlatib bo‘lmaydi.
Avvalroq Putin Rossiya TIV rahbariyati bilan uchrashuvda Rossiya Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha yangi tinchlik taklifi bilan chiqayotganini aytgan edi. Unda Qrim, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiya hududi sifatidagi maqomini tan olish, Ukrainaning qo‘shilmaslik va yadro qurolidan xoli maqomini mustahkamlash, uni demilitarizatsiya va denazolifikatsiya qilish hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, muzokaralarni boshlash uchun Ukraina o‘z kuchlarini Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari hududidan olib chiqishi kerak.