Putin Ukrainaga bosqinni to‘xtatish bo‘yicha tahdidli shartini aytdi
Olam
−
14 iyun
21961Ukraina qo‘shinlari Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (tan olinmagan – tahr.), Zaporoje va Xerson viloyatlarining butun hududidan olib chiqilishi kerak – shunda Rossiya muzokaralarga tayyor bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 14 iyun kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Ukraina qo‘shinlari Donetsk, Lugansk xalq respublikalari, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan, aynan ushbu viloyatlarning Ukrainaga kirish vaqtida mavjud bo‘lgan ma’muriy chegaralari doirasidagi butun hududidan, to‘liq olib chiqilishi kerak. Kiyev bunday qarorga tayyor ekanligini e’lon qilishi va qo‘shinlarni ushbu hududlardan haqiqiy olib chiqishni boshlashi, shuningdek, NATOga qo‘shilish rejalaridan voz kechgani haqida rasman ma’lum qilishi bilan biz tomonimizdan darhol, xuddi shu daqiqada o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlash to‘g‘risida buyruq beriladi”, deydi davlat rahbari.
Putin Ukraina shunday qarorga kelsa, va’da berganidek, o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishini takror aytdi.
Prezident muzokaralarni boshlash uchun Rossiya tomonining shartlari “oddiy” ekanini ta’kidlab, Moskva doimo tinchlikka intilganini tushuntirdi.
Uning bildirishicha, Rossiya, shuningdek, agar Kiyev shunday qaror qabul qilsa, Ukraina bo‘linmalari Donbass va Novorossiyadan to‘siqlarsiz va xavfsiz olib chiqilishini kafolatlaydi.
“Tabiiyki, ayni paytda biz Ukraina bo‘linmalari va qo‘shinlarining to‘siqsiz va xavfsiz olib chiqib ketilishini kafolatlaymiz. Biz, albatta, bunday qaror – ham qo‘shinlarni olib chiqish, ham blokka kirmaslik, ham Rossiya bilan muloqotni boshlash to‘g‘risida (Ukrainaning kelajakdagi mavjudligi shunga bog‘liq) – Kiyevda mustaqil ravishda qabul qilinishini kutmoqchimiz”, deydi Putin.
Uning fikricha, Ukraina rasmiylari qaror qabul qilishda hukmron voqelikka tayangan holda, G‘arb buyrug‘i bilan emas, Ukraina xalqining haqiqiy milliy manfaatlaridan kelib chiqishi kerak.
“Lekin, bunday bo‘lishiga nisbatan katta shubhalar bor”, deydi Putin Kiyev o‘z ixtiyori bilan qaror qabul qilishiga shubha bildirib.
Uning ogohlantirishicha, Kiyev va G‘arbning Rossiyaning yangi tinchlik taklifidan voz kechishi taklif qilingan shartlarning o‘zgarishiga olib keladi, chunki Kiyev uchun jang maydonidagi vaziyat yomonlashadi.
“Agar Kiyev va G‘arb poytaxtlarida ham avvalgidek rad etsalar, oxir-oqibat, bu ularning biznesi, qon to‘kilishining davom etishi uchun siyosiy va ma’naviy javobgarligidir. Shubhasiz, hududdagi, jangovar aloqa chizig‘idagi voqeliklar Kiyev rejimi foydasiga o‘zgarmaslikda davom etadi va muzokaralarni boshlash shartlari boshqacha bo‘ladi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘ilishda Putin Donbass, Xerson va Zaporoje viloyatlari aholisining Rossiya bilan birga bo‘lish irodasi buzilmas va bu masala abadiy yopiqligini aytgandi.
LiveBarchasi