TikTok'ni bloklash taklifi, “chuv tushgan” Rossiya, an’anaviy ta’limga qaytayotgan O‘zbekiston... 2 fevralda nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
02 fevral 2022 40513 10 daqiqa
Jamiyat
O‘zbekistondagi barcha OTMlar 23 mezon bo‘yicha “chig‘iriqdan o‘tkaziladi”
O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalari 23 ta mezon bo‘yicha kompleks o‘rganiladi. Jarayonga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev boshchiligida tuzilgan ishchi guruh boshchilik qiladi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, asosiy e’tibor oliy ta’limdagi islohotlar, ilm, fan va ishlab chiqarishdagi integratsiyalar, axborot-resurs markazlari faoliyati, moliyaviy, akademik mustaqillik berilgan ta’lim muassasalariga amaliy ko‘mak berish, ilmiy salohiyat, ta’lim jarayonining qay darajada tashkil etilgani, masofaviy ta’lim, kredit-modul tizimi, talabalar turar joylarida yaratilgan shart-sharoitlar, korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlari joriy etilganligi kabi mezonlarga qaratiladi.
“Kundalik” platformasi bilan bog‘liq bir qator talablar bekor qilindi – XTV
Onlayn ta’lim davri yakuniga qadar “Kundalik” platformasi bilan bog‘liq bir qator cheklov va talablar bekor qilinadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot kotibi Laylo Rustamova ma’lum qildi.
XTV rasmiysi ota-onalarning Kundalik.com tizimiga farzandining uyga vazifasini joylashda qiyinchilikka uchrayotgani haqidagi savolga javoban Xalq ta’limi vazirligi ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda o‘qituvchi va ota-onalarga qulaylik tug‘dirish maqsadida masofaviy ta’lim davri yakuniga qadar elektron Kundalik platformasi bilan bog‘liq bir qator cheklov va talablarni bekor qilayotganini bildirdi.
Diniy qo‘mita raisi o‘rinbosari Prezidentga maslahatchi bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Murodovich Komilov Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi
Xabarga ko‘ra, u O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori bo‘lib qoladi.
Muzaffar Komilov 2018 yil 18 apreldan beri Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
O‘zbekistonda TikTok'ni butunlay bloklash taklif qilindi
O‘zbekistonda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini butkul bloklash tavsiya qilindi. Bu taklif “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan berildi.
“Bugungi yosh avlodning “tiktoker”lik vasvasasida olayotgan turli-tuman videolari orasida o‘zgalar hayotiga daxl qiluvchi nomaqbul kadrlarning ham ko‘payayotganligi mazkur masalaga jiddiyroq yondashishimiz lozimligidan dalolat beradi. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ko‘chada ketayotgan kishini tepgan samarqandlik yigit video tasviri ham shular sirasidandir. Biron bir sababsiz, shunchaki ijtimoiy tarmoq “yulduzi” bo‘lish ilinjida qasddan qilingan ushbu tajovuzkorlik, ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, hech qanday omil yoshi ulug‘ insonlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishga sabab bo‘la olmaydi”, deyiladi xabarda.
Odamlar 11 mlrd so‘mlik keshbekka “uxladi”
Soliq mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan 15 900 ta xarid cheki uchun hisoblangan 11 mlrd so‘mlik keshbek summasi bekor qilinadi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Xabariningiz bor, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida xaridni amalga oshirib, xarid chekini Soliq mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar 1 foiz keshbekka ega bo‘lmoqda edi.
O‘zbekistondan $1,64 mlnni olib ketayotgan qirg‘izistonliklar ushlandi
O‘zbekistondan 1,64 mln dollarni Qirg‘izistonga noqonuniy olib chiqayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Olti nafar Qirg‘iziston fuqarosi qo‘lga olingan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
“DXXning Namangan va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta miqdordagi chet el valyutasini noqonuniy ravishda xorijga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi”, deyiladi xabarda.
Chiqinda muammosini ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi – Mirziyoyev
Bugungi kunda O‘zbekistonda odamlar hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, saranjom-sarishta qilib qo‘yishdan erinadigan bo‘lib qolgan. Bu haqda bugun, 2 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“Hammangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan. Xalqimizda “Birni kessang, o‘nni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan.
Oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo‘qolib ketdi.
Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, ko‘chat ekib, saranjom-sarishta qilib qo‘yishdan erinadigan bo‘lib qoldi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
7 mln tonna! O‘zbekiston chiqindiga “botib ketyapti”
O‘zbekistonda so‘nggi yillardagi iqtisodiy o‘sish sabab yiliga 7 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
Yig‘ilishda dunyoda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga ortib borayotgani, mamlakatda so‘nggi yillarda iqtisodiy o‘sish, aholi turmush darajasi yaxshilanishi natijasida o‘sish 2 foizni tashkil etib, yillik hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilar miqdori 7 million tonnaga yetgani aytildi.
Rasman: 7 fevraldan maktab, kollej va OTMlar an’anaviy ta’limga qaytadi
Joriy yilning 7 fevralidan boshlab O‘zbekistondagi umumta’lim maktablari, professional, kasb-hunar ta’lim va oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkaziladi.
“Bunda, barcha ta’lim tashkilotlarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish va antiseptik vositalardan muntazam foydalanish talab etiladi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Olam
Rekord! AQSH davlat qarzi 30 trillion dollardan oshdi
AQSH davlat qarzi rekord darajaga yetdi va birinchi marta 30 trillion dollardan oshdi. Bu haqda kecha, 1 fevral kuni e’lon qilingan AQSH G‘aznachiligi ma’lumotlari darak bermoqda.
Amerika nashrlari bilan suhbatlashgan moliyaviy ekspertlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkichga Vashingtonda kutilganidan bir necha yil oldin erishilgan.
“Bu federal hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash uchun trillion dollarlik sarmoya, jumladan, 5 trillion dollar kengaytirilgan ishsizlik nafaqalari, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar natijasi bo‘ldi”, deya yozgan “The New York Times” gazetasi.
AQSH Moskvaning xavotirlarini mensimadi – Putin
AQSHning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha javobidan ko‘rinib turibdiki, Amerika tomoni Rossiyaning asosiy tashvishlarini e’tiborsiz qoldirgan. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Rossiya Prezidenti Moskva 26 yanvar kuni AQSH va NATOdan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflarga kelib tushgan javoblarni sinchiklab tahlil qilayotganini ta’kidlagan.
“Biz uchta asosiy talabimiz yetarlicha ko‘rib chiqilganini ko‘rmadik”, degan Prezident.
Putin Ukrainaning NATOga kirishi nimalarga olib kelishidan ogohlantirdi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin NATOga a’zo bo‘lgan qurolli Ukraina Qrimda operatsiyani qanday boshlashini tasavvur qilishni so‘radi. Bu haqda u Rossiya-Vengriya muzokaralari yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.
“Ukrainaning o‘z doktrinal hujjatlarida Qrimni, jumladan, harbiy yo‘l bilan qaytarmoqchi ekani yozilgan. Bu ularning jamoatchilikka aytgani emas, hujjatlarda yozilgan. Tasavvur qiling-a, Ukraina NATO a’zosi, qurol bilan to‘ldirilgan, xuddi Polsha va Ruminiyada bo‘lgani kabi zamonaviy zarba tizimlari mavjud, bunga kim xalaqit beradi? Keyin u Qrimda operatsiyalarni boshlaydi, hozir men Donbass haqida hatto gapirmayapman”, degan Putin.
O‘zingdan chiqqan baloga. Senatorlar Nazarboyevni vakolatlaridan mahrum etishga oid qonunni ma’qulladi
Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda mamlakat mahalliy nashrlari xabar bermoqda.
Qonun loyihasida “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi”, “Qozog‘iston xalqi Assambleyasi to‘g‘risida”gi va “Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilgan. Unda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik Kengashi va Qozog‘iston Xalq Assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi tuzatishlar kiritilgan.
Rossiyani “chuv tushirishdi” – Putin
Rossiyaga NATO infratuzilmasini Sharqqa bir qarich ham oldinga siljitmaslikka va’da berib, “chuv tushirishgan”. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin aytib o‘tdi.
“Men bizning xatti-harakatimiz va [xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha] takliflarimiz mantig‘ini yana bir bor tushuntirib bermoqchiman: ma’lumki, bizga NATO bloki infratuzilmasini Sharqqa bir qarich ham siljitmaslik va’da qilingan edi. Buni hamma yaxshi biladi.
Bugun biz NATOning qayerda joylashganini ko‘ryapmiz: Polsha, Ruminiya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari. Ular bir narsani aytishdi, boshqasini qilishdi. Xalq orasida aytganimizdek, “chuv tushirishdi”, mayli, aldashdi”, deb esladi Rossiya Prezidenti Kremlda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida.
Hammasi Putinga bog‘liq. Jonson Kremlga qarshi sanksiyalar qachon kuchga kirishini aytdi
Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi bilan Buyuk Britaniyaning Moskvaga qarshi sanksiyalari avtomatik tarzda kuchga kiradi. Iqtisodiy choralar Rossiya biznesiga zarba beradi. Bu haqda Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaradan keyin shunday bayonot bergan.
Jonsonga ko‘ra, rasmiy Londonning avval qisman e’lon qilgan sanksiyalari 10 fevral kuni tayyor bo‘ladi.
“Moskva bu sanksiyalar Ukrainaga bostirib kirish boshlangan daqiqada avtomatik tarzda kuchga kirishini, tushunishi juda muhim”, degan Britaniya Bosh vaziri.
Qozoq kriminal avtoriteti “Yovvoyi Arman” yo‘qolib qoldi
Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda ayblanayotgan jinoiy avtoritet “Yovvoyi Arman” (Arman Jumageldiyev) tergov izolyatoridan yo‘qolib qoldi. Bu haqda uning advokatlari ma’lum qilgan.
Himoyachilarning so‘zlariga ko‘ra, 1 fevral kuni ular Olma-ota tergov izolyatorida Jumageldiyevni ko‘rgani borgan, u ko‘rsatma bermoqchi bo‘lgan.
“Biz bilan birga Bosh prokuratura huzurida tashkil etilgan idoralararo tergov-tezkor guruhi a’zolari kirdi. So‘roq paytida Arman Jumageldiyev tergov organlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini aytdi”, degan advokat Talg‘at Yesimov.
Sport
Futbol Braziliya termasi o‘ziga xos rekord o‘rnatdi
Bugun 2 fevral kuni Braziliya terma jamoasi JCH-2022 saralash bosqichining 16-turidan o‘rin olgan uchrashuvda Paragvay qabul qilib 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu g‘alaba evaziga “pentakampeonlar” o‘ziga xos rekord qayd etishdi.
Gap shundaki Braziliya termasi jahon chempionati saralash bosqichidagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 32 ta uchrashuvga yetkazib oldi va Janubiy Amerika mamlakatlari o‘rtasida yangi rekord o‘rnatdi. Avvalgi Janubiy Amerika rekordi ham “selesao”ga tegishli bo‘lib 1993 yilda qayd etilgan.
Nafaqadagi Tayson pul uchun jang qilmoqchi emas
Professional boksning super og‘ir vazn toifasi sobiq mutlaq chempioni Mayk Tayson moliyaviy manfaat uchun ringga chiqmasligini ma’lum qildi.
“Ayrimlar men bilan 100 million dollar uchun jang qilmoqchi. Men hech qachon bunday ishni qilmayman. Men buni birinchi marta (Roy Jonsga qarshi) faqat o‘yin-kulgi uchun, zavqlanish uchun qilmoqchi edim. Ba’zi odamlar boshqa darajaga ko‘tarildi va buni moliyaviy masala qilib ko‘tarishdi, shundan so‘ng, o‘yin-kulgi yo‘qoldi”, deydi Tayson ESPN’ga bergan intervyusida.
Bobonov va Boltaboyev tarkibda. O‘zbekiston “Katta Dubulg‘a” turniriga yo‘l oldi
Bugun, 2 fevral kuni Ilias Iliadis murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi dzyudochilari Parij “Katta Dubulg‘a” turnirida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.
Joriy yilning 5-6 fevral kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida “Katta Dubulg‘a” turniri o‘tkaziladi va unda Tokio Olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonov, harbiylar o‘rtasida jahon chempionlari – Dilshod Baratov va Muzaffarbek To‘raboyev, o‘z vazn toifasining 3-raqamli dzyudochisi Sharofiddin Boltaboyev va Tunis Gran-pri turniri g‘olibi Shahram Ahadov ishtirok etadi.
Live
Barchasi