To‘ntarish ijrochilari yashirincha tayyorlanayotgan bo‘lgan – To‘qayev
Olam
−
11 yanvar 2022
8780Qozog‘istonda mamlakat jamiyatining hamjihatligi uslubiy jihatdan buzilgan, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi esa tahdidni sezmagan. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 11 yanvar kuni parlamentga yo‘llagan videomurojaatida gapirgan.
"Jamiyatimiz jipsligi, jumladan, professional ishlab chiqilgan ssenariylar bo‘yicha norozilik aksiyalari orqali uslubiy jihatdan buzildi. Radikal chora-tadbirlarning aniq ijrochilari yashirincha tayyorlanayotgan edi. Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakolatli organ sifatida bu qo‘poruvchilik ishiga aniq baho bera olmadi va berishni ham xohlamadi, milliy xavfsizlikka jiddiy tahdidni sezmadi”, deydi To‘qayev.
Davlat rahbarining aytishicha, jangarilar mamlakatda hokimiyatni egallab olishni maqsad qilgan, shu bilan birga hujum rejasi murakkab edi.
"Qozog‘istonga hujum rejasida bir qancha turli jihatlar – harbiy, siyosiy, mafkuraviy, dezinformatsiya va boshqalar bor edi. Hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rish ustida professionallar ishlagan", deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat to‘ntarishiga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
“Qozog‘istonning bir qator shaharlarida milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakillari tartibsizliklar vaqtida o‘z navbatchilik punktlarini tark etgan”, deydi To‘qayev.
Prezident Qozog‘iston Milliy xavfsizlik tizimini qayta formatlash kerakligini urg‘ulagan.
Unga ko‘ra, Qozog‘istonda Milliy gvardiya va maxsus kuchlarning yangi bo‘linmalari tuziladi, mamlakat chegara xizmati tamoyillarini qayta ko‘rib chiqishi kerak.
Qozog‘iston Prezidenti birinchi navbatda Xitoy bilan bojxona chegarasida tartibni tiklash bo‘yicha topshiriq bergan.
U, shuningdek, mamlakatda diniy ekstremizm va jinoyatchilikning qo‘shilib ketishi oldini olish zarurligi haqida gapirgan.
Eslatib o‘tamiz, Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyevning sobiq maslahatchisi Yermuxamet Yertisbayev “Xabar-24” telekanaliga bergan intervyusida Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi mamlakat tog‘li hududlarida namoyishchilar o‘rgatilayotgani aytilgan o‘quv lagerlari haqidagi ma’lumotlarni yashirganini ma’lum qilgandi.
Keyinroq, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamalakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilish fakti bo‘yicha hibsga olindi.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi