Denovdagi dahshat, Hindistonni egallayotgan Kalashnikov, Andijonda qo‘lga tushgan xavfli retsidivist... QALAMPIR.UZ dayjesti

Tahlil

image
Bugun O‘zbekiston va xalqaro maydonda qanday muhim voqeliklar sodir bo‘ldi? 7 dekabr tarix zarvaraqlarida muhr qoldira oldimi? Bugunning muhim voqea-hodisa va yangiliklarning qisqacha tafsiloti bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Jamiyat 

Surxondaryodagi savdo majmuasi portladi. 9 kishi jarohatlangan

Bugun, 7 dekabr kuni Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi savdo majmuasida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda 10 ga yaqin odam jarohatlandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Portlash soat 03:57da Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan 2 qavatli “Indenim” savdo majmuasi binosida sodir bo‘lgan. Portlash natijasida savdo majmuasi binosi devorlari qulab tushgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining hodisa bo‘yicha bergan qo‘shimcha ma’lumotiga ko‘ra, 30 daqiqa atrofida vayrona ostida olib borilgan qidiruv ishlarida ikki nafar halok bo‘lgan fuqaro aniqlangan. Vazirlik oradan ko‘p o‘tmay yana bir qurbon haqida ma’lumot berdi.

Andijonda 18 yoshli xavfli retsidivist qo‘lga olindi

Andijonda zargarlik do‘konidan bir necha 10 millionli tovarlarni o‘g‘irlagan 18 yoshli retsidivist qo‘lga olindi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 21 noyabrdan 22 noyabrga o‘tar kechasi noma’lum shaxs o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Andijon shahri Boburshoh ko‘chasida joylashgan 45 yoshli I.S.ga tegishli tilla va kumush buyumlar sotiladigan do‘konga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan. U mazkur do‘kondan 70.000.000 so‘mlik kumush buyumlarni, 150 AQSH dollariga teng bo‘lgan choyshablar, tarozi, kassa apparati, terminal va bir dona qora rangli “barsetka”ni yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

Komilov Afg‘oniston bo‘yicha aravani quruq olib qochmaslikka chaqirmoqda

Afg‘oniston muammosini hal etishda quruq gapdan amaliy ishga o‘tish lozim. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun, 7 dekabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimidagi missiyasini yakunlayotgan Jumaxon G‘iyosov bilan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi. 

“Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirganda bugungi kunda quruq so‘zdan amaliy ishlarga o‘tish vaqti keldi. Chunki qish yaqinlashmoqda va mamlakatdagi vaziyatning beqarorlashishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar falokatning oldini olish uchun afg‘on xalqiga aniq yordam ko‘rsatish nihoyatda muhim hisoblanadi”, deydi Komilov.

Moskvadan uchgan samolyot Urganchga qo‘na olmadi

“Aeroflot”ning Moskva-Urganch yo‘nalishida uchgan samolyoti quyuq tuman tufayli aeroportga qo‘na olmay, Nukusdagi muqobil aeroportga qo‘ndi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

“Aeroflot”ning SU1976 Moskva-Urganch reysi belgilangan aeroportga qo‘na olmadi. Urganchda quyuq tuman bor, gorizontal ko‘rinish 100 metrni tashkil etadi”, deyiladi xabarda.

“Qo‘yliq” dehqon bozori boshqa joyga ko‘chiriladi

Toshkentning Bektemir tumanidagi “Qo‘yliq” dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydonlari boshqa joyga ko‘chiriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bu Toshkent halqa yo‘lining kengaytirilishi va ko‘prik qurilishi rejalashtirilgani bilan bog‘liq.

Poytaxtdagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida shunday qarorga kelingan.

Hokimlik savdo majmuasi qayerga ko‘chirilishi haqida aniq ma’lumot bermagan.

Boysun hokimligi Trailblazer sotib oldi. Bu ruxsat etilganidan qimmat

Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hokimligi 398 mln so‘mga Trailblazer rusumli avtomobil sotib oldi. Tegishli shartnoma Davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan.

Shartnomaga ko‘ra, hokimlik noyabr oyida tuzilgan shartnoma bo‘yicha yetkazib beruvchiga avtomobilning 100 foiz summasini o‘tkazib bergan.

Olam

Qozog‘istonda fuqarolar AES qurishga qarshi chiqmoqda

Qozog‘iston aholisi mamlakatda atom elektr stansiyasi qurilishini xohlamayapti. Shu sababdan AES qurishga qarshi ovoz yig‘ish maqsadida onlayn petitsiya e’lon qilindi. Uning mualliflari fuqarolar va atrof-muhitga tahdiddan qo‘rqib, atom elektr stansiyalari qurilishini taqiqlashni taklif qilmoqda.

Buning o‘rniga qozog‘istonliklar boshqa xavfsizroq turdagi elektr stansiyalarini ko‘paytirishni so‘ramoqda. Qayd etish kerakki, Qozog‘istonda “tinch atom” tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasidagi tortishuvlar tinmayapti.

Yana bir davlat rasmiylari Pekin Olimpiadasiga bormaydigan bo‘ldi

Xitoy poytaxti Pekinda bo‘lib o‘tadigan Qishki Olimpiya o‘yinlarida Yangi Zelandiya  vazirlari ishtirok etmaydi. Bu haqda  mamlakat Sport vaziri Grant Robertson "1News" sport telekanaliga ma’lumot bergan.

Robertsonning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror pandemiya sharoitida xavfsizlik nuqtai nazaridan qabul qilingan va AQSHning Pekindagi o‘yinlarni diplomatik boykotiga aloqador emas.

"Bunga bir qator sabablar bor edi, lekin asosan bu COVID-19 va sayohat logistikasi bilan bog‘liq", dedi u.

Afg‘onistonning xorijdagi samolyotlari qisman qaytarildi – “Tolibon”

Afg‘on harbiy samolyotlari – mustahkam qanotli samolyotlar va vertolyotlar qo‘shni mamlakatlardan olib kelindi. Bu haqda mamlakat rasmiylari ma’lum qildi. Qo‘shimcha ma’lumotlar, xususan, samolyotlarning aniq soni ochiqlanmagan.

Ma’lumki, Afg‘oniston Islom Respublikasi avgust oyida “Tolibon” tomonidan qulatilganda mamlakat harbiy havo kuchlari uchuvchilari samolyot va vertolyotlarda qo‘shni davlatlarga qochib o‘tgandi.

Balx viloyatidagi Al-Fath korpusi qo‘mondoni Otaullo Omari samolyotlarni ortga qaytarish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Rossiyada eriga achchiq qilgan mast ayol 1,5 yashar qizini kaltakladi

Rossiyada mast holatida bir yarim yashar qizini kaltaklagan 31 yoshli qozonlik ayolga jinoyat ishi ochildi. Ushbu holat tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Tatariston bo‘yicha tergov boshqarmasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tergovchilar video joriy yilning 1 dekabrida yozib olinganini aniqlagan. Xonadonda 31 yoshli ayol mast holda 2020 yilda tug‘ilgan qizini qattiq kaltaklagan va hammasini kameraga tasvirga olgan. 

Qayd etilishicha, bola onasidan olib qo‘yilgan va ayolga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Hindiston armiyasi yangicha “Kalashnikov” bilan qurollantiriladi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Hindistonga rasmiy tashrifni amalga oshirdi. 

Ikki davlat rahbarining muzokaralari natijasida erishilgan asosiy kelishuv Kalashnikov avtomatini Hindiston armiyasining asosiy hujum quroliga aylatirish rejasi bo‘ldi. Hozirda qo‘llanilib kelayotgan AK-47 klassik modeli o‘rniga zamonaviy AK-203 modeliga almashtirish hamda ushbu qurol bilan butun Hindiston armiyasini ta’minlashga kelishib olindi. Shu maqsadda AK-203 modelini Hindistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 590 mlnd dollarlik bitim imzolandi. Rejaga ko‘ra, mamlakatda 600 mingta Kalashnikov avtomatini ishlab chiqariladi.

Sport

AQSH Pekin Olimpiadasiga diplomatik boykot e’lon qildi

AQSH rasmiylari 2022 yilgi Pekin Olimpiadasiga bormaydi. Bu haqda  Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki kecha, 6 dekabr kuni brifingda ma’lum qildi.

“Bayden ma’muriyati 2022 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga diplomatik vakillar yoki boshqa rasmiylarni yubormaydi”, degan Psaki.

Uning qayd etishicha, Vashington XXR Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida inson huquqlarini poymol etyapti, deb hisoblab, shunday qarorga kelgan.

Olimpiada siyosiy manipulyatsiya sahnasi emas – Xitoy boykotchilarga javob qaytardi

Xitoy AQSH va Yangi Zelandiyaning Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilish qaroriga javoban qat’iy choralar ko‘radi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Chjao Litszyan ma’lum qildi.

“AQSHning xatti-harakatlari Olimpiya Xartiyasida belgilangan jismoniy tarbiya va sportning siyosiy betarafligi tamoyilini jiddiy tarzda buzadi. Xitoy Qo‘shma Shtatlarga o‘zining keskin noroziligini bildiradi, qat’iy javob choralarini ko‘radi”, deydi Litszyan.

Lomachenko uchun faoliyatidagi eng qadrli jang qaysi? 

Uch vazn toifasida sobiq Jahon chempioni, ukrainalik Vasiliy Lomachenko professional ringdagi eng qadrli haqida gapirdi.

33 yoshli bokschining so‘zlariga ko‘ra, venesuelalik Xorxe Linaresga qarshi jangdagi g‘alaba u uchun qadrliroq. Chunki “xay-tek” yengil vazn toifasida birinchi marta Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.

“Mening eng sevimli jangim Linares bilan bo‘lgan. Chunki o‘shanda parterga yiqilib, o‘rnimdan tura olgan edim. Boksdan boshqa hayotni bilmayman. Butun umrim davomida boks bilan shug‘ullanganman”, deydi Lomachenko.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

112

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing