Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon Qozog‘istondagi vaziyatni muhokama qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, davlat rahbarlari O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qilgan. 

Shuningdek, mintaqadagi vaziyat, shu jumladan qo‘shni Qozog‘istonda vujudga kelayotgan holat yuzasidan ham fikr almashgan.

“Ikki mamlakat yetakchilari hozirgi voqealarning ishtirokchisi bo‘lgan tomonlarni vazminlikka va vujudga kelgan masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdilar”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan ham telefon orqali muloqot qilgan edi.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Prezident Saken Isabekovni Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKb) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

84

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing