Qozog‘istondagi “yanvar voqealari” ishtirokchilariga 1822 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Olam
−
22 yanvar 2022
6084Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari terrorizm, qotillik va hukumat amaldorlariga zo‘ravonlik qo‘llash faktlari bo‘yicha 1822 ta jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumboyev mamlakatning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan “Huquq-tartibot” tezkor-profilaktika chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident Qosim-Jomart To‘qayev huzurida hisobot berdi.
Qayd etilishicha, aholi tomonidan noqonuniy saqlanayotgan qurollarni tortib olish davom etmoqda. Terrorizm, qotillik, davlat xizmatchilariga nisbatan zo‘ravonlik, bezorilik, davlat binolariga hujum qilish va boshqa jinoyatlar bo‘yicha jami 1822 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning 116 tasi prokuratura organlariga o‘tkazilgan.
Yig‘ilishda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Yermek Sagimbayev terrorchilik tahdidlarini zararsizlantirish va kelgusida ularning oldini olish mexanizmini ishlab chiqish chora-tadbirlari haqida ma’lumot bergan.
Shuningdek, Bosh prokuror Gizat Nurdauletov terrorchilik va ommaviy tartibsizliklar faktlari yuzasidan olib borilgan tergov ishlari bo‘yicha hisobot taqdim etgan. Unga ko‘ra, sudlar tomonidan 3314 nafar shaxs ma’muriy qamoqqa olingan.
Prokurorlar tomonidan apellyatsiya tartibida jazoni yengillashtirish bo‘yicha 1884 ta ariza kiritilib, ular ko‘rib chiqilib, 1083 nafar shaxs hibsdan ozod etilgan.
Ta’kidlanishicha, Mudofaa vaziri Ruslan Jaqsiliqov Qurolli kuchlar bo‘linmalari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda mamlakatning terrorchilik xavfi “qizil” darajasiga ega bo‘lgan hududlarida huquq-tartibotni ta’minlash bo‘yicha vazifalarni bajarishda davom etayotganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, harbiy ob’ektlar, jumladan, o‘q-dorilar va qurol-yarog‘ omborlari qattiq qo‘riqlash ostida.
Prezident To‘qayev “yanvar fojiasi”ning barcha holatlarini aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarurligini ma’lum qilgan. U Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga fuqarolarning o‘limi bilan bog‘liq har bir holatni har tomonlama chuqur o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi.
“Biz jamiyat bo‘lib o‘tgan voqealar haqida taxmin va ig‘volar asosida o‘z fikrini shakllantirishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, degan To‘qayev.
Uning ta’kidlashicha, fuqarolar hokimiyat "shaffoflik va qonuniylikni" ta’minlayotganini ko‘rishlari kerak.
LiveBarchasi