Qozog‘istondagi to‘palonda qancha odam o‘ldi? Hukumat qurbonlarning aniq sonini yashiryapti

Olam

image

Qozog‘istonda yanvar namoyishlari chog‘ida 177 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Azhar Giniyat ma’lum qildi.  

“Bugungi kunda tibbiyot tashkilotlarida vafot etganlar soni 177 nafarni tashkil etmoqda. Oxirgi uch kun davomida reanimatsiyada yotgan ikki bemor – ularning ahvoli yomonlashdi, ular vafot etdi.  Miting ishtirokchisi bo‘lgan bir homilador ayol miting chog‘ida jabr ko‘rgani, Talgar markaziy tuman shifoxonasiga yotqizilgani, ahvoli barqaror, shifokorlar uni saqlab qolgani haqida ma’lumotlarga egamiz. Olma-otada 5 va 12 yoshli ikki bola vafot etgani haqida dalillar bor”, deydi Azhar Giniyat matbuot anjumanida. 

Hududlardagi sog‘liqni saqlash boshqarmalarining tezkor ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda favqulodda holat joriy etilganidan buyon va undan keyin sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida jarohatlanganlarning 2739 nafari tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, ayni paytda 200 nafar fuqaro statsionar sharoitda davolanmoqda. 

“Odamlar shifoxonaga yotqizilib, tuzalib, kelajakda ambulator davolanishga yuboriladi. Reanimatsiya bo‘limlarida 14 nafar bemor og‘ir ahvolda, ulardan 4 nafari Olma-otada, 1 nafari Olmaota viloyatida, 5 nafari Qizilo‘rda viloyatida”, deb qo‘shimcha qildi vazir.

Biroq Sog‘liqni saqlash vaziri birgan ma’lumotlar bundan ikki kun avval, 16 yanvar kuni Bosh prokuratura tomonidan tarqatilgan axborotga mos kelmayapti. Bosh prokuraturaga ko‘ra, tartibsizliklarda 4,5 mingdan ortiq odam jabrlangan, 225 kishining jasadi morglarga olib borilgan.

“Hozirgi kunga qadar 4 578 nafar jabrlanuvchining shaxsi aniqlangan, ulardan 4 353 nafari jarohatlangan, shu jumladan 3393 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlaridir. Favqulodda holat davrida 225 nafar o‘lik mamlakat o‘likxonalariga yetkazildi”, degan edi BP Jinoiy tergov xizmati boshlig‘i Serik Shalabayev. 

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Qozog‘iston yanvar fojialari bo‘yicha shaffof tergov o‘tkazishi, qurbonlik sonini yashirmay, kamaytirmay ochiqlashi va nohaq qamalganlarni ozod etishi, qamoqxonalarda mahbuslarga nisbatan qiynoqlarning oldini olishi shart. Hozirgacha xalqaro hamjamiyat Qozog‘iston fojiasida qurbon bo‘lganlar bo‘yicha Hukumat berayotgan statistikaga ishonchsizlik bilan qarab kelmoqda. 

Qozog‘istonda namoyishlar

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 6 yanvar kuni Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston harbiylaridan iborat KXSHT tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonga kirdi. Xorijiy harbiylarga muhim ahamiyatga ega ob’ektlarni qo‘riqlash vazifasi topshirildi. KXSHT kontingenti kecha Qozog‘istonni tark etishni boshladi.

Hozirgacha BelarusArmaniston va Rossiya harbiylari ortga qaytgani haqida xabar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

67

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing