23 oktyabr. Bugun O‘zbekiston va xalqaro maydonda nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image

Bugun, 23 oktyabr kuni O‘zbekiston va horijiy maydonda muhim voqealar sodir bo‘ldi. O‘zbekistonda ertangi Prezident saylovi oldidan "sukunat" hukm surgan bo‘lsa, xalqaro maydonda hokimiyatdan ketayotgan Germaniya kansleri Angela Merkel o‘zi uchun yangi davr boshlanayotganini ma’lum qildi. Sportga keladigan bo‘lsak, Messi o‘z jamoadoshi bilan janjallashib, boshqa u bilan o‘ynamasligini ta’kidlagan. Shu kabi muhim xabarlarni qisqacha tavsifi bilan quyida tanishing.

Jamiyat

Oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Qarorga ko‘ra, oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari quyidagilar:

•    Ichki ishlar vazirligi akademiyasi;
•    Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti.

Mazkur ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. 

82 turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar import bojidan ozod qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan 2024 yil 1 yanvarga qadar import bojxona boji "nol" stavkada qo‘llaniladigan ayrim turdagi xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlandi. U 82 ta tovarga tatbiq etiladi.

O‘zbekiston Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi

O‘zbekiston 2021 yildagi kelishuv bo‘yicha Qirg‘izistonga elektr energiya yetkazib berishni yakunladi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Qirg‘izistn Turkmanistondan elektr energiya import qilishni ko‘paytirgan. Mamlakat o‘zaro elektr energiya yetkazib berish to‘g‘risidagi kelishuvga ko‘ra, Qozog‘istondan ham elektr import qilyapti.

Ertaga saylov: Jazo o‘tayotgan qancha mahkum ovoz beradi?

Ertaga, 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasida katta siyosiy jarayon – Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylov kodeksiga ko‘ra, katta ijtimoiy xavfi bo‘lmagan jinoyatlar va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovda ishtirok etishi mumkin.

Bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 8 203 nafar saylovchilar (569 nafar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 1 300 nafar uncha og‘ir bo‘lmagan, jami 1 869 nafar) ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega. Shundan 6 334 nafar saylovchi tergov hibsxonalarida saqlanmoqda.

Chegaradan 9,1 mlrdlik noqonuniy tovarni o‘tkazmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Toshkentdagi bojxona postidan umumiy qiymati 9,1 milliard so‘m bo‘lgan tovarlarni noqonuniy olib o‘tmoqchi bo‘lganlar ushlandi.

Aniqlanishicha, konteynerdagi yuklar orasida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan umumiy qiymati 9,1 milliard so‘m bo‘lgan 5 ming 300 dona soyabonlar, 251 mingdan ziyod fonar, 3,5 mln dona bolalar uchun sharlar hamda 10 ming 900 dona chiroqlar bo‘lgan.

O‘zbekiston ayollar tinchligi va xavfsizligi bo‘yicha dunyoda nechanchi o‘rinda?

O‘zbekiston Ayollar tinchligi va xavfsizligi global indeksida 170 ta mamlakat ichidan 74-o‘rinni egalladi. Reyting ayollarning xavfsizligi, ish bilan bandliligi, ularning parlamentdagi ulushi, kamsituvchi normalar singari kategoriyalar asosida tuzilgan.

WPS Index’ga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonda ayollarning maktabda ta’lim olganligining o‘rtacha davomiyligi 11,6 yilni tashkil etgan. 2017 yilda ushbu ko‘rsatkich 11,2 bo‘lganligi qayd etilgan.

O‘zbekistonda lokdaun e’lon qilinadimi?

O‘zbekistonda Rossiyadagidek lokdaun e’lon qilinmaydi. Bu haqda bugun, 23 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.

“Bugungi kunda hech qanaqa lokdaun haqida gap bo‘lishi mumkin emas va barcha harakatlar shunga qaratilgan. Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasida kasallanish holatlari ko‘tarilgani yurtimizda ham kasallanish darajasi oshishi ehtimolini paydo qiladi. Lekin bizning chegaralarda nazorat har qachongidan ham kuchaytirilgan bo‘lib, yurtimizga 72 soatlik PSR testi topshirilgan holdagina chetdan kirish mumkin. Bordi-yu, fuqarolarda test bo‘lmaganda, chegarada ekspress-test topshiriladi”, deydi  Bahodir Yusupaliyev.

Yakka tartibda ta’lim berayotgan o‘qituvchilarning maoshi oshirildi

O‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berayotgan o‘qituvchilarning maoshi 40 foizgacha oshirildi. Bo‘ o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berayotgan o‘qituvchilar ish haqlarini hisoblash metodikasini tasdiqlash bo‘yicha Xalq ta’limi vaziri va Moliya vazirining qo‘shma qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berayotgan o‘qituvchilarning ish haqlarini hisoblashning yangi metodikasi joriy etilgan.

Olam 

Buyuk Britaniya Rossiya va Xitoyga qarshi maxfiy operatsiya boshladi

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining ISHID terrorchilik guruhining moliyaviy faoliyatini cheklash maqsadida tashkil etilgan maxfiy “bank” bo‘limi Rossiya va Xitoyga qarshi amaliyot boshladi.

Maxfiy bo‘lim Suriya va Iroqdagi terrorchilarning tijoriy faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida olti yil avval sobiq bankirlar va moliyachilardan tuzilgan.

AQSH Suriyada “Al-Qoida” rahbarini yo‘q qildi 

Amerika Qo‘shma Shtatlari Suriyada havo hujumi uyushtirdi, oqibatda “Al-Qoida” terrorchilik guruhining yuqori martabali rahbari o‘ldirildi.

"Bugun Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismida amalga oshirilgan havo hujumida “Al-Qoida”ning yuqori martabali yetakchisi Abdul Hamid al-Matar halok bo‘ldi. Bizda havo hujumida yaralangan tinch aholi haqida ma’lumot yo‘q. Havo hujumi MQ-9 (dron) yordamida amalga oshirildi”, deyilgan qo‘mondonlik xabarida. 

AQSH Pokiston havo hududidan foydalanmoqchi. Islomobodning ham o‘z talablari bor

AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati yaqin orada Pokiston havo hududidan Afg‘onistondagi harbiy va razvedka operatsiyalari uchun foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishishga umid qilmoqda.

Ularga ko‘ra, ma’muriyat vakillari kecha, 22 oktyabr kuni amerikalik qonunchilar bilan yopiq uchrashuvda o‘z rejalari bilan bo‘lishgan.

Gollivud aktyori bilan bog‘liq fojianing yangi tafsilotlari oshkor qilindi

Gollivud aktyori Alek Bolduin bilan bog‘liq fojiali voqeadan bir necha kun oldin “Rust” (“Zang”) filmining suratga olish guruhi jiddiy ichki kelishmovchiliklarga duch kelgan.

Ta’kidlanishicha, Bolduin tasodifan film operatori va rejissyorini yaralashidan bir necha soat oldin ish sharoitiga norozilik bildirgan holda, olti nafar ishchi suratga olish maydonini tark etgan. 

O‘zbekiston ortidan Qirg‘iziston ham AQSHga rad javobini berdi

Qirg‘iziston hukumati mamlakatga AQSH harbiy bazasini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti.

Qirg‘izistonda AQSH harbiy bazasini ochish haqidagi savolga Japarov quyidagicha javob berdi:

“Qantda (Chuy viloyati) Rossiya bazasi bor. Bizga bitta baza kifoya. Ikkita bazani yurtimizga joylashtirib, nufuzli davlatlar bilan mushuk-sichqon o‘ynashni xohlamaymiz”.

Hokimiyatdan ketayotgan Merkel o‘zi uchun yangi davr boshlanayotganini aytdi

Germaniya kansleri Angela Merkel ba’zan kiyimlarining rangi bilan ma’lum siyosiy signallarni bog‘lashini tan oldi.

Shuningdek, Merkel hukumat rahbari lavozimini tark etgach, u uchun yangi davr boshlanishini ta’kidlagan. Kiyimlari haqida gapirishda davom etarkan, Merkel ularni muzeylarga bermasligini aytgan. 

Dunyoning eng qimmat brendi ma’lum bo‘ldi

“Interbrand Corp”ning 2021 yilgi tadqiqotlariga ko‘ra, Apple ketma-ket to‘qqizinchi marta “yil brendi” deb topildi. U o‘tgan yildan beri 26 foizga ya’ni 408,25 mlrd dollarga qimmatlashgan.

Shuningdek, Amazon brendi 2021 yil 24 foiz (249,25 milliard dollar)ga oshib, avvalgi ikkinchi o‘rindagi o‘rnini saqlab qoldi. Uchinchi o‘rin narxini 27 foiz (210,2 milliard dollar)ga oshirgan Microsoft’ga va to‘rtinchi o‘rin narxi 19 foiz (196,8 mlrd dollar)ga oshgan Google brendiga nasib qildi.

                                                                                                        Sport

Messi Ikardi bilan janjallashdi. PSJga Aguero kerak

Argentina va PSJ futbolchisi Lionel Messi argentinalik Mauro Ikardi bilan munosabatlari sababli klub rahbariyatidan Serxio Agueroni jamoaga olib kelishni so‘radi.

Qayd etilishicha, Leo jamoadoshi Mauro Ikardi bilan janjallashib qolgan va u bilan ortiq bir jamoada o‘ynashni istamaydi. Messi Mauro va Serxio Agueroning o‘zaro almashtirilishini kutmoqda.

Qatarda JCH-2022 uchun muhtasham stadion ochildi

Futbol bo‘yicha Qatardagi Jahon chempionati uchun yana bir muhtasham stadion qurib bitkazildi. “Al-Tumama” stadioni o‘yinlarni qabul qilish uchun tayyor bo‘ldi.

Xabarlarga ko‘ra, bu JCH-2022 uchun qurib bitkazilgan oltinchi arena hisoblanadi. Stadiondagi dastlabki uchrashuvda Amir Kubogi finali doirasida Xavi boshqaruvidagi “Al-Sadd” va Loran Blan murabbiylidagi “Al-Rayyan” jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Unda Xavi jamoasi g‘olib chiqib, chempionlikni tantana qildi.

Ronaldu terma jamoadagi faoliyatini qachon yakunlashini aytdi

“Manchester Yunayted”ning 36 yoshli hujumchisi Krishtianu Ronaldu “Sky sports”ga bergan intervyusida Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashi haqidagi savolga javob berdi.

“Men klublarda uzoq vaqt o‘ynash uchun Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatimni tugatish haqida o‘ylayapmanmi? Yo‘q, nega o‘ylashim kerak? Menimcha, hali buning vaqti kelmadi. Ushbu masalada odamlar nimani xohlashlari muhim emas, muhimi men nimani xohlayotganim. Qachonki, yugurish, dribling ishlatish, darvoza tomon kuchli zarba berish qobiliyatim pasayganini his qilsamgina faoliyatimni yakunlayman. Shuning uchun davom ettirishni xohlayman, chunki menda hali ham motivatsiya bor”, deydi Ronaldu.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh saylov

Baholaganlar

83

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing