Odamlar xavf ostidaligini aytayotgan BMT, Andijondagi sharmandaliklar, qanoti qayrilgan “UzAuto Motors” – 14 fevral dayjesti
Tahlil
−
14 fevral 2022 12877 11 daqiqa
Jamiyat
IIO ekspertlariga pullik xizmat ko‘rsatish huquqi berildi
Joriy yilning 8 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
• O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi to‘g‘risida nizom;
• Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
• Ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalarini 2022 yilda moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlash dasturi.
Murodjon Azimov Muborak tumani hokimiga hayfsan berdi
Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov Muborak tumani hokimiga hayfsan berdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot kotibi xabar berdi.
Bugun, 14 fevral kuni viloyat hokimi rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda Muborak tumani hokimi Akrom Aripovga faoliyatidagi kamchiliklar, tadbirkorlar va fuqarolar murojaatlariga e’tiborsiz qaragani uchun “hayfsan” berilgan.
Shuningdek, majlisda viloyat hokimi Murodjon Azimov sektor rahbarlarini viloyat markaziga chaqirish kamaytirilishi kerakligini ta’kidlagan.
Andijondagi portlash qurboni chet el fuqarosi bo‘lib chiqdi
Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi xususiy klinikada yuz bergan portlash oqibatida halok bo‘lgan shaxs Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan. Bu haqda qo‘shni davlat Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
TIV xabariga ko‘ra, marhum 1966 yilda tug‘ilgan R.N. bo‘lgan. Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosining jasadi yaqin qarindoshlari tomonidan Qirg‘izistonga yetkazilgan.
Diplomlari sinovlarsiz tan olinadigan xorijiy OTMlar ro‘yxati tasdiqlandi
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining bugun, 14 fevraldagi qo‘shma qarori bilan diplomlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadigan xorijiy OTMlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Ro‘yxat xalqaro tan olingan Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan OTMlar reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatiga kiritilgan oliy ta’lim muassasalari asosida tuzilagn.
Senator Rahmat Mamatovning vakolati muddatidan oldin tugatildi
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi Rahmat Mamatov muddatidan oldin senatorlar qatoridan chiqarildi. Bu ma’lumotni Oliy Majlis Senatining Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ'ga tasdiqladi.
Aytish joizki, Rahmat Mamatov joriy yilning 12 fevral kuni Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.
Bunga qadar u 2020 yil 18 fevraldan beri Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Noqonuniy qurilgan “Askiya city” mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Poytaxt Toshkentning Yakkasaroy tumani Jamshid Shoshiy ko‘chasida noqonuniy qurilgan saroy – “Askiya city” majmuasi muassisi “INSOFT INVEST” MCHJ mansabdorlariga jinoyat ishi ochilgan. Hozirda ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbaasi xabar berdi.
2021 yil 6 aprel kuni Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudi sudyasi Dilbar Xayrullayeva tomonidan hal qiluv qarori chiqarilgan edi. Unga ko‘ra “INSOFT INVEST” MCHJ va “GRAND HOUSE” MCHJ tomonidan qurilgan “Askiya city” turar joy majmuasi noqonuniy qurilma sifatida e’tirof etilib, bino qurilish kompaniyasi hisobidan buzib tashlash belgilangan.
O‘qituvchilarning sazoyi qilinishi ortidan kuchlari tuman “zamhokimi”ga yetdi
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘rashga majburlangani ortidan tuman hokimining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtor Qurbonov lavozimidan ozod qilindi, tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshevga “hayfsan” intizomiy jazosi tayinlandi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 14 fevral kuni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov hokimlik soati yig‘ilishida Marhamat tumani hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarini lavozimidan ozod qilib, tuman hokimiga “hayfsan” intizomiy jazosini belgilagan.
O‘qituvchilar sazoyi qilinishi ortidan yana ikki rahbar “uchdi”
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘rashga majburlangani ortidan maktab direktori hamda Marhamat tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasidan ozod etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov Marhamatdagi holatni o‘rganish hamda o‘qituvchilar bilan uchrashish maqsadida Andijon viloyatiga borgan.
Ma’lum qilinishicha, 72-IDUM o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan bevosita suhbat natijalariga ko‘ra, maktab direktori hamda Marhamat tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirini vazifasidan ozod etish bo‘yicha xulosaga kelingan.
“UzAuto Motors” avtomobillari uchun oldindan to‘lov 50 foizgacha kamaytiriladi
Joriy yilning 1 mayiga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etiladi hamda “UzAuto Motors” avtomobillari uchun oldindan to‘lov miqdorini 85 foizdan 50 foizgacha pasaytiriladi. Bugun, 14 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022 yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda shunday vazifa qo‘ydi.
Yig‘ilishda Prezident sohaga mas’ul “O‘zavtosanoat” AJ raisi Shavkat Umurzoqovga ishlab chiqarishni oshirish va aholining talabini to‘liq qondirish bo‘yicha tinimsiz ishlashi shartligi ko‘rsatib o‘tdi.
Shuningdek, Mirziyoyev jahonda mikrochiplar ishlab chiqarish va xalqaro logistika bilan bog‘liq muammolardan kelib chiqib yangi yondashuv va yechimlar topish zarur ekanini ta’kidladi.
Umuman, mashinasozlik tarmog‘i sanoatning “drayver” sohalaridan biri bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Bu borada, besh yillik Taraqqiyot strategiyasida avtomobil ishlab chiqarishni 1,4 barobarga, eksportini esa 2 barobarga oshirish belgilab olingan.
Shu munosabat bilan 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish, "UzAuto Motors" avtomobillari uchun oldindan to‘lov miqdorini 85 foizdan 50 foizgacha pasaytirish vazifasi qo‘yildi.
O‘zbekistonda avtomobil importi uchun boj 2 baravar pasaytiriladi
Vazirlar Mahkamasiga uch kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga (30 foizdan 15 foizga) pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev avtomobilsozlik sanoatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda shunday topshiriq berdi.
Yig‘ilishda oshib borayotgan ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda kamida 160 mingta avtomobil ishlab chiqarish lozimligi ta’kidlandi.
Yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish uchun zarur butlovchi qismlarni o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha nazorat o‘rnatish topshirildi.
“Shu bilan birga, aholimiz avtomobil bozorida takliflarni keskin oshirish bo‘yicha amaliy natijalarni hozir kutmoqda”, degan Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Olam
AQSH Rossiya Ukrainaga qachon “hujum qilishini” bilmasligini tan oldi
Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga “bosqin”ning aniq sanasini ayta olmaydi. AQSH Prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan kecha, 13 fevral kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida Vashington hujum “istalgan kun” boshlanishini kutayotganini aytgan.
“Biz aniq sanani bashorat qila olmaymiz”, degan Sallivan jurnalistning tegishli savoliga javoban. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar “bosqin, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotlari istalgan vaqtda boshlanishi mumkin”, deb hisoblaydi.
“Bu kuchli signal bo‘ladi”. Zelenskiy Baydenni Kiyevga chaqirdi
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Jo Baydenni Kiyevga taklif qildi. Bu haqda Ukraina davlat rahbarining saytida xabar berilgan.
Zelenskiy kecha, 13 fevral kuni Bayden bilan telefonda gaplashgan.
“Ishonchim komilki, sizning yaqin kunlarda Kiyevga kelishingiz kuchli signal bo‘ladi va vaziyatni yumshatishga hissa qo‘shadi”, degan Zelenskiy.
CNN Ukrainaning yuqori martabali mulozimiga tayanib xabar berishicha, Zelenskiy Baydendan “imkon qadar tezroq” mamlakatga kelishni so‘ragan, biroq u rozi bo‘lmagan. AQSH rasmiylariga ko‘ra, Prezidentning Ukrainaga safari “ehtimoli yo‘q”.
Oligarxlar osmoni yopilayotgan Ukrainadan qochyapti
Ukraina ishbilarmonlari va oligarxlari mamlakatni charter reyslar bilan tark etmoqda. Kecha, 13 fevral kuni Ukraina hududidan 20 ga yaqin charter va shaxsiy samolyotlar parvoz qilgan. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” xabar bergan.
“Yakshanba kuni Ukrainani tark etgan charter va xususiy samolyotlar orasida Rinat Axmetov va Boris Kolesnikov bor. Shuningdek, 50 kishilik shaxsiy reysga deputat, millioner Igor Abramovich buyurtma bergan”, deyilgan xabarda.
Ushbu siyosiy harakatdagi nashrning ikki manbasi va “ketish taklif qilingan” ikki shaxsga ko‘ra, samolyot Abramovichning partiyadoshlari va biznes sheriklarining qarindoshlarini Kiyevdan Venaga olib borishi kerak bo‘lgan.
Odamlar hayoti, mulki va tirikchiligi xavf ostida – BMT Bosh kotibi butun dunyo aholisini yangi xatardan ogohlantirdi
Sayyora uch tomonlama inqirozni boshidan kechirmoqda: iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va ifloslanish. Bu haqda BMT rahbari Fransiyada o‘tgan “Yagona okean” sammiti ishtirokchilariga murojaatida aytib o‘tdi. U insoniyatni dengiz ekotizimlarini himoya qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.
“Okean ekologik inqirozning og‘ir yukini ko‘tarmoqda – u “issiqlik va uglerodning ulkan omboriga” aylandi. Natijada, okean isib, kislotalilashmoqda, qutb muzliklari erib, global ob-havo sharoitlari o‘zgarib bormoqda. Bu okean ekotizimlariga ham, ularga bog‘liq bo‘lgan odamlarga ham ta’sir qiladi”, deya ta’kidladi BMT rahbari.
U okean sayyoradagi 3 milliard odamning tirikchilik manbai ekanini eslatdi
Ukraina urushga yetaklayotgan NATOga a’zo bo‘lish istagidan qaytadimi?
Agar Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishga urinishi Rossiya bilan urushning oldini olishga yordam bersa, Kiyev alyansga qo‘shilish borasidagi pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkin. Bu haqda Ukrainaning Londondagi elchisi Vadim Pristayko BBC’ga ma’lum qildi.
“Biz qila olardik”, degan elchi muxbirning Kiyev NATOga intilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkinmi, degan savoliga javoban.
Diplomatning aniqlik kiritishicha, Kiyev Ukrainaning hozirgi vaziyatidan chiqishning eng yaxshi yo‘lini topishga harakat qilmoqda.
Dunyoning “Tolibon” bilan muloqot qilishdan boshqa chorasi yo‘q – Imron Xon
Afg‘onistonda hozirda “Tolibon” harakatining qudratiga muqobil yo‘q va dunyoning toliblar bilan muloqot qilishdan boshqa chorasi ham yo‘q. Bu haqda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Afg‘onistonda hozirda “Tolibon” kuchiga muqobil yo‘q hamda butun dunyo inklyuziv hukumat yaratish va inson huquqlarini ta’minlash uchun ular bilan hamkorlik qilishi kerak. Agar Afg‘onistonga qarshi sanksiyalar joriy etilsa, bu mamlakat tartibsizlik va gumanitar inqirozga duch kelishi mumkin”, deydi Bosh vazir.
“Tolibon” 10 ming kishilik qo‘shinni O‘zbekiston va Tojikiston chegarasiga joylashtirmoqda
Afg‘onistonni nazorat qiluvchi “Tolibon” harakati Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegaradosh viloyatlarga zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan qurollangan 10 ming jangarisini jo‘natmoqda. Bu haqda bugun, 14 fevral kuni “Tolibon” Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Qori Fasihuddin Fitrat ma’lum qildi, deb xabar tarqatgan "Interfaks".
“Mamlakatning shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarida joylashtirilgan NATO va AQSH tizimining eng zamonaviy texnologiyalari bilan qurollangan 10 ming kishilik qudratli armiya har qanday qurolli harakatga qarshi chora ko‘radi”, degan Fitrat Twitter’da.
Ukraina inqirozi kasriga Yevropada gaz qimmatlashyapti
Yevropada gaz narxi bugun, 14 fevral kuni savdolar ochilishida Ukraina atrofida kuchayib borayotgan taranglik fonida yanvar oyi oxiridan beri birinchi marta 1000 kub metr uchun 1000 dollardan oshdi. Gaz narxining umumiy o‘sishi London ICE birjasiga ko‘ra, taxminan 13,7 foizni tashkil qildi.
Niderlandiyadagi TTF markazida mart fyucherslari narxi 1000 kub metr uchun 1031,8 dollargacha ko‘tarildi yoki MVt/soat uchun 88 yevro.
Ayni vaqtga kelib gaz narxi 1000 kub metr uchun 980 dollargacha pasaydi.
Sharqiy Yevropada vaziyat keskinlashgani fonida Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti ham pastligicha qolmoqda - o‘tgan haftadan boshlab gaz yetkazib berish 97 million kub metrdan 51,8 million kub metrgacha kamaydi.
Sport
Ronaldu va Kavani kerak emasmi? MYU yosh hujumchi olmoqchi
“Manchester Yunayted”da hujum chizig‘i bilan bog‘liq jiddiy muammolar bor. Ronalduning “qizil iblislar” safiga qaytishi bu muammoni battar chigallashtirib yubordi. Markus Reshford o‘tgan mavsumlardagi formasini yo‘qotdi. Bundan tashqari, manchesterliklarning umidi sifatida qaralayotgan Meyson Grinvud ham ma’shuqasini kaltaklagani uchun qamalib ketishi mumkin. “Borussiya Dortmund”dan katta ishonch bilan sotib olingan, Jeydon Sancho ham ishonchni oqlamadi.
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ralf Rangnikka ko‘ra, jamoa yozda yosh hujumchi bilan shartnoma imzolashi kerak. Sababi klubdagi asosiy hujumchilarning yoshi allaqachon 30 dan o‘tib bo‘lgan. Yozda shartnomasi tugaydigan, Edinson Kavani 37 ga to‘ladi. Katta ehtimol, unga yangilangan shartnoma taklif qilinmaydi.
“Chelsi” va “Barselona” golland himoyachisi uchun kurashga kirdi
"Yuventus" himoyachisi Matteys de Ligt yozgi transfer oynasida klubini o‘zgartirishi mumkin. 22 yoshli niderlandiyalik futbolchiga Londonning "Chelsi"si va Kataloniyaning "Barselona" klublari da’vogarlik qilmoqda. Bu haqda "Calciomercato" nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, agar De Ligt shartnomani uzaytirishga rozi bo‘lmasa, "Yuventus" uni sotish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi. Matteys va "keksa sinora" o‘rtasidagi amaldagi kelishuv 2024 yilgacha mo‘ljallangan.
Fyuri Usik bilan jang qilmoqchi emas. Uning niyati “britanlar dueli”
Og‘ir vaznda WBC yo‘nalishi chempioni Tayson Fyuri WBA, IBF, WBO va IBO chempionlik kamarlari sohibi Aleksandr Usik bilan o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan jang haqida fikr bildirdi.
“Omma haqiqatdan ham mening ingliz tilini bilmaydigan ukrainalik bilan jang qilishimni talab qilmoqdami yoki britaniyalik gigantlar to‘qnashuvini istashmoqdami? Men Joshua bilan jangimni muxlislar uchun eng yaxshi variant deb aytgan bo‘lar edim”, deydi Fyuri.
Live
Barchasi