Nazarboyev Qozog‘istondan “quyon bo‘lgani” aytildi

Olam

image
Valine’matini sotgan Elboshi. Kunayev o‘limi ortida Nazarboyevning qo‘li bormi? north_east

Valine’matini sotgan Elboshi. Kunayev o‘limi ortida Nazarboyevning qo‘li bormi?

Yanvar oyidagi tartibsizliklar vaqtida ko‘rinish bermagan Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev joriy yilning 2-3 yanvar kunlari Olma-ota chetidagi o‘zi tug‘ilib o‘sgan Shamalg‘an qishlog‘iga borgan. So‘ng Qirg‘iziston orqali Birlashgan Arab Amirliklariga uchib ketgan. Bu haqda uning qishloqdoshlari aytib berdi.

Hozirda qishloqda Nazarboyevning qarindoshlari yashaydi. Uning kelganini odamlar mashina eskort bilan kelganidan bilib qolgan. Sobiq Prezident qabristonni ziyorat qilmoqchi bo‘lgan, biroq u yerga yetib bormagan, degan qabrlarga qaraydigan qishloq aholisidan biri “Moskovskiy komsomolets”ga bergan intervyusida.

Gazetaning qishloqda ma’muriy lavozimda ishlagan suhbatdoshiga ko‘ra, Nazarboyev Shamalg‘anga yangi yildan so‘ng kelgan va kasal ukasi Bolatni ko‘rgan.

“Menga ma’lum bo‘lishicha, o‘shanda Nazarboyev va uning bir necha oila a’zolari zirhli mashinalarda Qirg‘iziston chegarasi tomon ketishgan. Ularni u yerda kutib olishdi va aeroportga olib ketishdi. U yerdan Birlashgan Arab Amirliklariga uchib ketishdi ”, degan mahalliy aholidan biri.

Ma’lumot uchun, Elboshining ko‘rinmay qolishi ortidan Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiy Nazarboyev allaqachon vafot etgan va uni ko‘mib yuborishgan degan taxminni ilgari surgandi.

Shu o‘rinda Nazarboyevning yaqinlari ham BAAda ekani u ham ko‘rfaz davlatiga ketgan bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi.

Avvalroq, Qozog‘iston sobiq Prezidentining kenja qizi Aliya Nazarboyeva Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti orqali BAAda ekani aniqlangandi. Biroq bundan ko‘p o‘tmay, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘chirib tashlangandi.

Ma’lumot uchun, 2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.  

Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi. 

Qozog‘istonda namoyishlar

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 6 yanvar kuni Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston harbiylaridan iborat KXSHT tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonga kirdi. Xorijiy harbiylarga muhim ahamiyatga ega ob’ektlarni qo‘riqlash vazifasi topshirildi. KXSHT kontingenti kecha Qozog‘istonni tark etishni boshladi. Hozirgacha BelarusArmaniston va Rossiya harbiylari ortga qaytgani haqida xabar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev

Baholaganlar

386

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing