Valine’matini sotgan Elboshi. Kunayev o‘limi ortida Nazarboyevning qo‘li bormi?

Bu qiziq

image

1993 yil 22 avgust Olma-ota viloyati Alakol tumani “Oqshi” qishlog‘i. 1964 yildan 1986 yilgacha Qozog‘iston Markaziy Kompartiyasining birinchi kotibi lavozimida ishlagan va xalqning mehrini qozongan Dinmuxamed Kunayev yurak xuruji oqibatida vafot etdi. 

25 avgust, Kunayevni so‘nggi manzilga kuzatish kuni. U bilan vidolashishga to‘planganlarning ko‘zi yo‘lda. Ko‘pchilikni bir savol o‘ylantiradi: Nazarboyev kelarmikin?!

Dafn marosimiga ko‘plab davlat arboblari keldi. Ammo Nazarboyevdan darak bo‘lmadi. Tobut ko‘tarildi, Kunayev Olma-otadagi “Almati Kensay” qabristoniga dafn etildi. 

Qozog‘iston tarixida o‘chmas iz qoldirgan, ta’bir joiz bo‘lsa qozoqlarning Sharof Rashidovi deya e’tirof etilgan Dinmuxamed Kunayev va Qozog‘istonni 30 yil boshqargan, o‘ziga haykal qo‘ygan, oqibatda haykali xalqning nafratidan qo‘porilgan Nazarboyevni nima bog‘lagan? Nima ayirgan? 

Kunayev va Nazarboyev tanishuvi

1969 yil Qozog‘iston Markaziy Kompartiyasining birinchi kotibi Dinmuxamed Kunayev Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatiga tashrif buyurdi. Kunayev zavodni ko‘zdan kechirib, ishchilar bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida bir injenerning so‘zlari unga kuchli ta’sir qildi. Bu yosh injener Nursulton Nazarboyev edi. Kunayev ko‘zi porlab turgan bu shijoatli yigitni Qarag‘anda metallurgiya kombinatining partkom kotibi etib tayinlashni tavsiya qildi.

Kunayevning etagidan tutgan Nazarboyevga omad kulib boqishni boshladi. Markaziy Kompartiyasining birinchi kotibi bilan ilk uchrashuvdayoq karerasining oltin pillapoyasini xatlagan Nazarboyev oradan 8 yil o‘tib, 1977 yilda Qarag‘anda viloyat partiya qo‘mitasining kotibi lavozimiga tayinlandi.

Bir kuni Kunayev navbatdagi Qarag‘anda safari vaqtida 37 yashar Nazarboyevni o‘zi bilan birga Karkaralinsk shahriga taklif qildi. Safar chog‘ida Kunayev Nazarboyev bilan yaqindan tanishdi. U viloyat partiya qo‘mitasi kotibining fikr-mulohazalarini va shijoatini maqtab, uni Qozog‘iston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining sanoat bo‘yicha kotibi lavozimiga tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Nazarboyev Kunayevning eng ishongan odamiga aylandi. Tez orada Nazarboyev Olma-otaga ko‘chib o‘tdi. Kunayevning oila a’zolari ham u bilan tezda til topishdi. Hatto, Kunayevning rafiqasi Zuhra Sharipovna Nazarboyevga onalarcha mehr qo‘yib, uni “o‘g‘lim” deb atadi.

1979 yilda Nazarboyev Kunayevning taklifi va albatta, qo‘llab-quvvatlashi bilan Qozog‘iston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining kotibi bo‘ldi.

Kunayev davrining intihosi

1985 yilda Mixail Sergeyevich Gorbachyov Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining Bosh kotibi etib tayinlandi. Hokimiyatga kelgan Gorbachyov butun Ittifoq bo‘ylab “qayta qurish” deb nomlangan siyosatini ilgari surdi. Shu bilan birga, u qarib qolgan partiya rahbarlarini nafaqaga chiqarib, ularning o‘rniga yosh, unga so‘zsiz itoat etadigan yoshlarni olib kelishni maqsad qilgan edi. Sababi ko‘plab Respublika rahbarlarining yoshi katta bo‘lib, ular Gorbachyovning so‘zini pisand qilmasdi. Kunayev ham shunday rahbarlardan biri edi. Biroq u osonlikcha taslim bo‘lishni istamadi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva Kunayevni imkon qadar tezroq nafaqaga chiqarmoqchi bo‘lgan. Kremldagi ayrim kuchlar esa Nazarboyevni qo‘llab-quvvatlay boshlagan.

Shundan so‘ng, Nazarboyev Gorbachyovdan o‘z ustozini o‘yindan chiqarish bo‘yicha topshiriq oldi. Mukofot ham kattagina edi. Gorbachyov unga Qozog‘iston Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimini taklif qildi. Nazarboyev ko‘ngilchan odam, yo‘q deyolmadi. 

1986 yilning fevral oyida Qozog‘iston Kommunistik partiyasining XVI qurultoyida Nazarboyev ustozi Kunayevni keskin tanqid qildi. Bundan tashqari, bo‘lajak Prezident hech kimni mensimadi. Kunayevning nafaqat o‘zi, balki uning yaqinlari ham ayab o‘tirilmadi. Qozog‘iston SSR Fanlar akademiyasini boshqargan Kunayevning ukasini axloqsiz xatti-harakatlarda va spirtli ichimlik is’temol qilishda aybladi. Shuningdek, Kunayev go‘yoki etnik qozoq emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday odam Respublikani boshqarishga haqsiz edi. Ko‘p o‘tmay, 1986 yil Kunayev o‘z lavozimini tark etdi. U “o‘g‘li”ning qilmishidan hayratga tushdi, lekin unga omad tiladi.

Va’daga vafo

Kunayevning o‘rniga Ulyanovsk viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Gennadiy Vasilevich Kolbin tayinlandi. Gorbachyov ustoziga hiyonat qilgan shogirdga nayrang qildi. 1989 yil 9 yanvar kuni ikkinchi kotib lavozimiga Nursulton Nazarboyev tayinlandi. Bundan g‘azablangan Nazarboyev orzusiga yetish maqsadida turli usullardan foydalandi. 

O‘ziga rus millatiga mansub rahbar tayinlanganidan mahalliy qozoqlar norozi bo‘ldi. Qozoq bo‘lmagan siyosatchining eng yuqori lavozimga tayinlanishi uzoq vaqtdan beri to‘planib kelayotgan keskinlikni avj olishi uchun yetarli edi. 1986 yilning dekabr oyida Olma-otada mitinglar boshlandi. Boshqa tarafdan bunda Nazarboyevning ham qo‘li bor edi. Bu namoyishlardan qo‘rqib qetgan Moskva Qozog‘iston SSRga qozoq rahbarni tayinlashdan boshqa chorasi qolmaganini tushunib yetdi. Biroq nomzodlar unchalik ko‘p emasdi. To‘g‘rirog‘i, eplay oladigan, ustoz ko‘rgan nomzod. 

1989 yil 22 iyun kuni Nazarboyev Gennadiy Kolbin o‘rniga Respublika rahbari etib tayinlandi.

Inson – o‘z nomi bilan unutguvchi. Bugun siz unutasiz, ertaga sizni unutishadi. Ismi nurlarga to‘lgan Nazarboyev ham mansab va shuhrat sharobidan totdiyu bu mashvaratga, to‘kin dasturxonga yetaklab olib kelgan ustozini unutdi.

Nazarboyev aslida Gorbachyovning qo‘g‘irchog‘i

Bir kam ellik arafasida Qozog‘iston SSSR boshqaruvini qo‘lga olgan Nazarboyev ayrim islohotlarni ilgari surdi. 90-yillarga kelganda Sovet Ittifoqining parchalanib ketishi aniq bo‘ldi. Biroq Nazarboyev o‘z valiyne’matidan ajralishni istamadi. U Qozog‘istonning to‘liq suveren davlat bo‘lishdan ko‘ra, SSSR quchog‘idagi avtonom Respublika bo‘lishini xohladi. Qolaversa, Nazarboyev yaxshi vositachi edi. U Gorbachyov va Yelsin o‘rtasidagi kelishmovchilik tugunini yechishga yordam berdi. 

1991 yil 19-21 avgust kunlari Moskvada yuz bergan to‘ntarish Nazarboyevning umidlarini yer bilan bitta qildi. Chunki to‘ntarishdan so‘ng SSSR qulashi aniq bo‘ldi. Shundan keyin ayyor Nazarboyev mustaqillik e’lon qilinishidan oldinroq Qozog‘istonda Prezidentlik saylovini o‘tkazib, mamlakat rahbariga aylandi. 1991 yil 16 dekabr kuni Qozog‘iston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. 26 dekabr kuni Kreml binosidagi Sovet Ittifoqining qizil bayrog‘i tushirildi.

O‘sha vaqtda nafaqaga chiqqan Dinmuxamed Kunayev qozoq xalqi orasida juda katta obro‘ga ega edi. Bu esa Nazarboyevning g‘ashiga tegardi. Axir kim ham hokimiyatni boshqasi bilan bo‘lishishni istaydi?! Qolaversa, bugun Qozog‘iston xalqini qiynagan ikki boshlilik siyosati bundan 30 yil avval ham iltifot bilan qabul qilinmasdi.

Yuqorida Nazarboyev hokimiyatda o‘rnini mustahkamlab borgani sari ustozini unutganini aytgandik. Endi u nafaqat unutdi, balki boshqalarga ham unuttirish siyosatining qamchisini tutdi. 

Tarix guvoh, Kunayev tirik, kimning kimligini bilguvchilar bor. Shunday bo‘lsa-da o‘z shogirdidan pand yegan ustoz o‘tgan voqealarni qalamga oldi va yosh avlodga yozib qoldirdi. Kunayev o‘zining “Stalindan Gorbachyovgacha” deb nomlangan kitobida Nursulton Nazarboyevni qattiq tanqid qildi.

1992 yilda Olma-otada nashr etilgan “Mening vaqtimda” kitobida Dinmuxamed Kunayev Nazarboyev faoliyatiga baho berar ekan, shunday yozadi:

“Bu o‘rtoq, albatta, “xalq” uchun, to‘g‘rirog‘i Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (SIKP – KPSS) uchun ishlagan. Mana biz qanchalik jasur va mustaqilmiz deydi. Aslida u partiya patriarxi Gorbachyovning qo‘g‘irchog‘i”. 

Nuroniy jamg‘armasi raisi Sharof Ubaydullayev “Ozodlik Radiosi”ga bergan intervyusida Nazarboyev va Kunayev o‘rtasidagi munosabat haqida shunday deydi:

“1992 yilning noyabr oyida o‘rtoq Kunayev Toshkentga kelganida, biz katta konferensiya o‘tkazdik. Yig‘ilishda bir jurnalist Kunayevga “siz o‘rtoq Nazarboyevga qanday qaraysiz” deb savol berdi. Shunda o‘rtoq Kunayev  “men palon yilda Qarag‘andaga borsam, bir chaqqon injener yigit yurgan ekan. Men uning so‘zlaridan ilhomlanib, uni partkom qilib tayinladim. Oradan bir muncha vaqt o‘tib yana borsam, yanada ildamlashib ketgan ekan. Uni Qarag‘anda viloyat partiya qo‘mitasining kotibi lavozimiga ko‘tardim . Xullas, men uni besh martta yerdan osmonga ko‘tardim. Vaqti kelganda men Nazarboyevni o‘zimga voris deb bildim. Lekin men ishdan ketganimdan so‘ng, o‘rtoq Nazarboyevni bir marta ko‘rdim. O‘shanda mening ayolim vafot etgan edi. U Qozog‘iston Kompartiyasining markaziy komitetining a’zolari bilan uyimga keldi. Shundan keyin men Nazarboyeni ko‘rganim yo‘q”, deb javob berdi”. 

Kunayevning o‘limida Nazarboyevning qo‘li bormi?

Mustaqil Qozog‘iston Prezidenti bo‘lgan Nazarboyev o‘ziga darhol yangi “ota” topib oldi. U Rossiya Prezidenti Boris Yelsinning etagidan tutdi. Yelsin islohotlaridan nusxa ko‘chirib, Qozog‘istonda amalga oshirdi. 

Mustaqillikning ilk yillarida ko‘plab fabrikalar yopildi, ishsizlik va inflyatsiya kuchaydi, aholining turmush darajasi pasaydi. Xalqning ahvoli og‘irlashganini ko‘rgan Kunayev jimgina ko‘z yumib tura olamdi. U Nazarboyevni yana tanqid qildi.

Nazarboyev hokimiyatda uzoq vaqt qolishni maqsad qilgandi. Biroq bunga sobiq rahbar Kunayev to‘siq edi. 1993 yil 22 avgust kuni Dinmuxamed Kunayev vafot etdi. Uning vafotidan keyin Nazarboyev erkin qushga aylandi. 1993 yilning noyabr oyida Qozog‘iston parlamenti tarqatib yuborildi. Birinchi Konstitutsiya bekor qilindi. Xullas, Nazarboyev yakka hukmronlik uchun o‘ziga sharoit yaratdi. U G‘arbdan katta miqdorda qarz oldi. 1994 yilda mamlakatda ommaviy xususiylashtirish boshlandi. 1996 yilda Nazarboyev o‘n ming kvadrat kilometr yerni Xitoyga sotdi. Ayrim siyosatchilar “Kunayevning o‘limida Nazarboyevning qo‘li bor”, degan fikrni ilgari surishdi. Sababi Kunayev doim Nazarboyevni tanqid qilgan. Bu esa mamlakat ichidagi jamoatchilik kayfiyatiga ta’sir qilishi mumkin edi.

Dinmuxamed Kunayev 22 yil davomida davlat boshqaruvida bo‘ldi. Nursulton Nazarboyev esa 30 yil hukmronlik qilib, o‘zi uchun haykallar o‘rnatdi. Kunayev qozoq xalqi uchun haqiqiy lider sifatida tarixda qoldi.Nazarboyev o‘rnatgan haykallar esa tiriklidayoq tagi bilan qo‘porilib, ikkiga bo‘lib tashlandi. Tez orada mamlakatni uni nomidan tozalash yoinki, qoralash siyosati boshlansa ham ne ajab.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

3016

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing