Migrantlar yetishmayotgan Rossiya, “Batka”ga javob qilgan Toshkent, $40 ming bilan qo‘lga tushga “zamhokim” – yangiliklar dayjesti

Tahlil

image
Yakuniga yetayotgan 10 fevralda O‘zbekiston va jahaonda sodir bo‘lgan muhim voqealar bilan yodda qolmoqda. Xususan, rasmiy Toshkent “Batka”ning O‘zbekiston Ittifoq davlatiga qo‘lishi haqidagi safsatalariga javob berdi, Samarqandga safar qilgan Prezident Mirziyoyev 10 nafar rahbarni ishdan oldi. Ukraina esa Makronni Kiyevga aniq takliflar bilan kelmaganlikda aybladi. Shu kabi xabarlar qisqacha tafsiloti bilan quyida tanishing.  

Jamiyat 

Jizzaxda tadbirkor xususiy korxona rahbarini otib o‘ldirdi

Jizzaxda yer mojarosi sabab bir tadbirkor boshqasini miltiq bilan otib o‘ldirdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Arnasoy tumani G‘ofur G‘ulom mahallasida yashovchi 54 yoshli tadbirkorning yeriga Paxtakor tumani Toshkent mahallasida yashovchi 1960 y tug‘ilgan xususiy korxona rahbari tuman sudining qaroriga asosan yerni olish maqsadida Forish tumani MIB xodimlari bilan borgan vaqtda o‘rtada janjal kelib chiqadi.

Shundan so‘ng arnasoylik tadbirkor o‘ziga tegishli ov miltig‘i bilan yerni olish uchun kelgan korxona rahbarining o‘ng ko‘krak qafasiga bir marta otib tan jarohati yetkazgan.

Mahkum qamoqxonada o‘zini o‘ldirishga uringani bo‘yicha tekshiruv boshlandi – BP

Navoiydagi jazoni ijro etish muassasasida mahkum o‘z joniga qasd qilishga uringani bo‘yicha maxsus prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Navoiydagi 36-sonli manzil koloniyasi mas’ullari Jinoyat kodeksining 164 (Bosqinchilik) va 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) moddalari bilan 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, jazo o‘tayotgan mahkum U.Jonuzoqovda foydalanish taqiqlangan fotosurat va audio yozuvli telefon apparati borligini aniqlagan.

Qayd etilishicha, mahkum U.Jonuzoqov muqaddam 2 marta intizomiy jazoga tortilgani, yangi tartibbuzarlik sodir qilsa, sud orqali yopiq koloniyaga qaytarilishini bilib, xonadagi pichoqni olib, ikkala qo‘l bilaklari va buyin orqa sohasiga kesma va tilinma jarohatlari yetkazgan.

Chinoz hokimining birinchi “zam”i $40 ming pora bilan ushlandi

Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimi birinchi o‘rinbosari 40 ming dollar pora bilan ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan sug‘oriladigan 35 gektar yer maydonini sotish va hujjatlarni tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga kelishilgan 90 ming AQSH dollaridan 40 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olish yoshi uzaytirildi

Kecha, 9 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, nogironlik pensiyalari Chernobil AESdagi avariya oqibatida III guruh nogironi bo‘lgan shaxslarga ham to‘lanadi. Ilgari faqat I va II guruh nogironlariga to‘lanishi belgilangan.

Oilaning mehnatga qobiliyatsiz a’zolari (bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar) yoshi 18 yoshgacha etib belgilandi. Ilgari 16 yoshgacha edi.

Toshkentga 2016 yilda yo‘q qilingan tramvay qaytishi kutilmoqda

Xabaringiz bor, bugun, 10 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga jo‘nab ketgan edi.

Tashrif davomida Prezident Samarqandda yangi qurilgan yer osti tonneli, yo‘llarni ko‘zdan kechirdi, xavfsiz yo‘l, xavfsiz piyoda konsepsiyasini yaratish haqida so‘zladi. Shuningdek, davlat rahbari tramvayni Toshkentga qaytarmoqchligi haqida ham aytdi.

“Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada ko‘plab xatlar va murojaatlar kelyapti”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonlik yigit horijiy banklardan $50 mln “uxlatdi”

Shveysariya banklaridan internet orqali 50 million dollardan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagan o‘zbekistonlik xaker 8 yilga qamaldi. Bu haqda “Uzreport” telekanalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, asli kasbi dasturchi bo‘lgan yigit qilgan ishidan pushaymon ekanini aytgan. U O‘zbekistonda bir necha moddalar bo‘yicha 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

26 yoshli yigitning so‘zlariga ko‘ra, birinchi marotaba internet orqali Isroildan 35 million dollar o‘g‘irlagan. Umumiy o‘g‘irlangan mablag‘ning qiymati esa 165 milliard 792 million so‘mga teng.

O‘zbekistonda qarzni vaqtida qaytarmaganlik uchun javobgarlik bekor qilinmoqda

O‘zbekistonda shartnomaviy munosabatlarda qarzdorlik muddatini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.

Loyihada quyidagi o‘zgartirishlar nazarda tutilmoqda:

•    debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarini o‘tkazib yuborganlik;
•    korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag‘lar bo‘lgan holda to‘lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzganlik;
•    shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik oqibatida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga mulkiy zarar yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarliklar bekor qilinmoqda.

“Lukashenko o‘zining muammolari bilan shug‘ullansin”. Toshkent “Batka”ga javob berdi

O‘zbekistonning rasmiy doiralaridagi manba Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston Ittifoq davlatiga qo‘shilishi zarurligi haqidagi tavsiyasiga munosabat bildirib, respublika o‘z milliy rivojlanish strategiyasiga ega ekanligini aytdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

“Bir qator mas’uliyatsiz bayonotlar har ikki davlatning birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida erishilgan davlatlararo munosabatlarning ruhi va darajasiga mos kelmaydi. Hurmatli Aleksandr Grigorevich, birinchi navbatda, o‘zining og‘ir ichki va tashqi muammolari bilan shug‘ullanishi maqsadga muvofiq bo‘lardi”, degan agentlik suhbatdoshi Lukashenkoning bayonotini izohlar ekan.

O‘zbekiston Amerikadan 38 ta razvedkachi dron sotib oladi

O‘zbekiston FMS (The Foreign Military Sales - AQSH harbiy savdosi dasturi)  doirasida Amerikada ishlab chiqarilgan 38 ta RQ-20B Puma 3 AE kichik razvedkachi dronlarini sotib oladi. Bu haqda Britaniyaning “Shephard Media” nashri xabar berdi. 

Qayd etilishicha, uchuvchisiz uchish apparatlari O‘zbekistonga joriy yilning 30 noyabriga qadar  Amerikaning mudofaa pudratchisi AeroVironment tomonidan yetkaziladi. “Shephard Media” ma’lumotlariga ko‘ra, bitimning umumiy summasi 8,54 million dollarni, bitta qurilmaning narxi esa 225 ming dollarni tashkil qiladi.

Olam

Makron Putin va Zelenskiy bilan uchrashuvlari to‘g‘risida Baydenga “hisob berdi” 

AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 9 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali uning Rossiya va Ukrainadagi muzokaralarini muhokama qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar bergan.

“Rahbarlar Prezident Makronning Rossiya va Ukrainadagi uchrashuvlarini muhokama qildi. Shuningdek, ular Ukraina bilan chegarada Rossiya kuchlarining to‘planishiga javob berish doirasida ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan yaqin hamkorlikda olib borilayotgan diplomatik va oldini olish harakatlari haqida gaplashdi”, deyiladi AQSH ma’muriyati tomonidan e’lon qilingan bayonotda. 

Makron Kiyevga aniq takliflar bilan kelmagan – Ukraina TIV

Ukraina va Fransiya Prezidentlari Vladimir Zelenskiy hamda Emmanuel Makron joriy yilning, 8 fevral kuni Kiyevda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish masalasini muhokama qilmagan. Bu haqda, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba kecha, 9 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan. 

“Kecha Zelenskiy va Makron o‘rtasidagi uchrashuvda Ukrainaning Yevroatlantika ittifoqiga intilishlarini rad etishi masalasi ko‘tarilgani yo‘q”, degan vazir.

Mantiqsiz qaror: Turkmanistonda oqdan boshqa rangdagi niqob taqiqlandi

Turkmaniston poytaxti Ashxobod, shuningdek, Lebap va Bolqon viloyatlari aholisiga oq rangdan boshqa har qanday rangdagi niqob taqish taqiqlandi. Bu haqda “Turkmen news” xabar bermoqda.  

Ta’kidlanishicha, turkmanobodlik rasmiylar va maktab o‘quvchilariga faqat oq niqob taqish kerakligi aytilgan. Joriy yilning 6 fevralidan 18 fevraligacha maktablarda tekshirishlar o‘tkazilayotgani ma’lum qilingan. Qayd etilishicha, agar tekshiruvchilar niqobsiz yoki oq bo‘lmagan niqob taqqan bolalarni aniqlasa, o‘qituvchilar va direktorga tanbeh beriladi. 

Bolqon viloyatining Turkmanboshi va Garabo‘g‘oz shaharlaridagi maktab va bog‘chalarda ham xodimlarga bolalarni qat’iy nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan, ota-onalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda bolalar faqat tibbiy niqob taqishlari kerakligi e’lon qilingan. 

Rossiyada migrantlar taqchilligi boshlandi

Rossiya qurilish sohasida 1,5 milliondan 2 milliongacha xorijiy mehnat muhojiri yetishmaydi. Bu haqda Rossiya Quruvchilar milliy assotsiatsiyasi (NOSTROY) prezidenti Anton Glushkov ma’lum qildi.  

“Sanoat ishchilar yetishmasligini boshdan kechirmoqda. Bugun hammamiz tan oldik, xorijlik ishchi kuchisiz buning iloji yo‘q”, degan Anton Glushkov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanoatda kamida 1,5 million kishi yetishmaydi. 

Ozarbayjon Armaniston tomonidan o‘qqa tutildi

Armaniston Qurolli Kuchlari Ozarbayjon armiyasining davlat chegarasi hududidagi pozitsiyalarini o‘qqa tutdi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bergan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ozarbayjon pozitsiyalari Armanistonning Yuxari Shorja qishlog‘ida joylashgan pozitsiyalardan bir necha soat davomida o‘qqa tutilgan.

“Dushmanning o‘q otish nuqtalarini bostirish uchun tegishli javob choralari ko‘rildi. Ko‘rsatilgan yo‘nalishdagi vaziyat barqaror va Ozarbayjon Qurolli Kuchlari bo‘linmalari tomonidan to‘liq nazorat ostida”, deyiladi xabarda. 

Dunyodagi eng katta qora olmos rekord summaga sotildi

Londondagi kim oshdi savdosida og‘irligi 555,55 karat bo‘lgan nodir qora olmos “Enigma” 3 million 161 ming funt sterlingga (4 million 292 ming 322 AQSH dollari) sotildi. Bu haqda savdolar o‘tkazilgan Londonning “Sotheby's” auksion uyi saytida e’lon qilindi.

“Xaridor xarid qilish uchun kriptovalyutadan foydalanishni tanladi”, dedi Sotheby's Twitter postida.

Qayd etilishicha, bu kimoshdi savdolari tarixidagi eng katta qirralangan olmosdir. U 2006 yilda Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Bayden Saudiya qirolining ko‘nglini xotirjam qildi

AQSH Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz al-Saud bilan telefon orqali suhbatlashdi. Suhbatda Eron yadro dasturi atrofidagi vaziyat muhokama qilindi, shuningdek, har ikki davlat global energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash majburiyatini tasdiqladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Amerika Prezidenti va Saudiya Arabistoni qiroli “mintaqadagi voqealar rivoji va ikki tomonni qiziqtirgan masalalarni” muhokama qilgan. Bayden, xususan, Eron yadroviy dasturi bo‘yicha cheklovlarni tiklash bo‘yicha davom etayotgan ko‘p tomonlama muzokaralar haqida gapirgan.

Darig‘a Nazarboyeva iste’foga chiqishi kerak – deputat 

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning qizi, mamlakat parlamenti Majilisi (quyi palatasi) deputati Darig‘a Nazarboyeva yanvar voqealaridan keyin iste’foga chiqishi kerak. Bu haqda uning hamkasbi, hukmron “Nur Otan” partiyasi deputati Aydos Sarim ta’kidladi.  

“Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, shaxs, fuqaro sifatida Darig‘a Nazarboyeva iste’foga chiqishi kerak, deb hisoblayman”, degan Sarim jurnalistlarga. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

126

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing