“Lukashenko o‘zining muammolari bilan shug‘ullansin”. Toshkent “Batka”ga javob berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning rasmiy doiralaridagi manba Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston Ittifoq davlatiga qo‘shilishi zarurligi haqidagi tavsiyasiga munosabat bildirib, respublika o‘z milliy rivojlanish strategiyasiga ega ekanligini aytdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

“Bir qator mas’uliyatsiz bayonotlar har ikki davlatning birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida erishilgan davlatlararo munosabatlarning ruhi va darajasiga mos kelmaydi. Hurmatli Aleksandr Grigorevich, birinchi navbatda, o‘zining og‘ir ichki va tashqi muammolari bilan shug‘ullanishi maqsadga muvofiq bo‘lardi”, degan agentlik suhbatdoshi Lukashenkoning bayonotini izohlar ekan.

Unga ko‘ra, Lukashenko boshqa davlatlardagi vaziyatga baho bermasligi va ularning tashqi siyosatiga izoh bermasligi kerak.

“O‘zbekiston mustaqil suveren davlat sifatida o‘z kelajagini aniq tasavvur qiladi va faqat xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, o‘zining milliy rivojlanish strategiyasi yo‘lidan borishda davom etadi”, deya qo‘shimcha qilgan agentlik suhbatdoshi.

Avvalroq Lukashenko rossiyalik jurnalist Vladimir Solovyovga bergan intervyusida O‘zbekiston iqtisodiy zarurat tufayli Rossiya va Belarusning Ittifoq davlati tarkibiga kirishi mumkinligini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, Lukashenko Qozog‘istonda yanvar boshida yuz bergan hodisalardan qo‘shni O‘zbekiston ham o‘ziga yetarlicha saboq chiqarib olishi kerakligi haqida fikr bildirgan edi.

Uning so‘zlariga javoban O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat har qanday tashqi tahdidlarga qarshi munosib javob qaytara olishini ma’lum qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

693

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing