KXSHT kuchlari Qozog‘istonda qancha qolishini kim hal qiladi? So‘z Putinga

Olam

image

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonda bo‘lish muddati chklangan. Kontingent vazifalarini bajargandan so‘ng, mamlakatdan olib chiqib ketiladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston tashabbusi bilan chaqirilgan KXSHTning onlayn sammitida aytib o‘tdi.

“KXSHTning kollektiv tinchlikparvar kuchlari kontingenti Qozog‘istonga jo‘natildi va shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Qozog‘iston Prezidenti, qancha xohlasa shuncha vaqt foydalanishi mumkin. Ular o‘z vazifalarini bajargandan so‘ng, albatta, butun kontingent Qozog‘iston hududidan olib chiqiladi”, deydi Putin. 

Shu o‘rinda Rossiya rahbari KXSHTning Qozog‘istondagi tinchlikparvar amaliyotini o‘z vaqtida amalga oshirilgan va qonuniy deb atadi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchilarning har biri KXSHT harbiy guruhi tarkibida belgilangan vazifalarni bajarishga hissa qo‘shgan.

"Barcha ishtirokchi davlatlarning bo‘linmalari, istisnosiz, kirishdi va hozir ham faol faoliyat olib bormoqda. Bu KXSHT doirasida ishtirokchi davlatlar, jumladan, tashkilot tinchlikparvar kuchlarining yaxlit tizimini shakllantirish bo‘yicha uzoq muddatli, mashaqqatli ishlar o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir”, deya ta’kidlagan Rossiya yetakchisi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatdagi tartibsizliklar davlat to‘ntarishiga urinish deb atagandi.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

94

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing