KXSHT Qozog‘istonga kirishi kerakmidi? AQSH va Rossiya o‘rtasida dahanaki jang avjiga chiqdi
Olam
−
08 yanvar 2022
20382Amerika Qo‘shma Shtatlari Qozog‘istondagi voqealardan xavotirda, biroq u Respublika KXSHT yordamisiz ham vaziyatdan chiqib keta oladi, deb hisoblaydi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ta’kidladi.
“Biz Qozog‘istondagi favqulodda vaziyatdan juda xavotirdamiz, biz rasmiylarni mutanosib, to‘g‘ri, namoyishchilar huquqlariga mos keladigan tarzda javob qaytarish haqida ogohlantirdik”, degan Blinken jurnalistlarga.
Blinkenning aytishicha, Qozog‘istonning KXSHTga so‘rovi AQSH tomonidan savollar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda. Vashington hisob-kitoblariga ko‘ra, Respublika vaziyatni o‘zi hal qilish uchun yetarli resurslarga ega.
“Ular nima uchun tashqi yordamga ehtiyoj sezgani noma’lum”, degan davlat kotibi.
U tartibsizliklarni iqtisodiy sabablar bilan izohlagan.
“O‘tmishdagi tarixdan bir saboq: sizning uyingizda ruslar bo‘lsa, ularni chiqarib yuborish qiyin bo‘lishi mumkin”, degan Blinken.
Blinkenning so‘zlariga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi javob qaytargan. TIVga ko‘ra, Blinkenning bayonotlari – surbetlik uslubidagi hazil.
“Agar Entoni Blinken tarix saboqlarini shunchalik yaxshi ko‘rsa, u quyidagilarni nazarda tutsin: agar amerikaliklar sizning uyingizda bo‘lsa, o‘g‘irlik yoki zo‘rlanish uyoqda tursin, tirik qolishning o‘zi ham qiyin bo‘lishi mumkin”, deyiladi TIV javobida.
Eslatib o‘tamiz, KXSHT orqali Qozog‘istonga Rossiyadan 3 ming, Belarusdan 500, Tojikistondan 200, Qirg‘izistondan 150, Armanistondan 100 nafar askar kiritilmoqda.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi. Qo‘lga olinganlar soni hozirda 4 mingdan oshib ketgan.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi