QALAMPIR.UZ dayjesti: Qasamyodi yaqinlashgan Mirziyoyev, qum bilan qoplangan Toshkent, Telegram'ni cheklash ortidan “uchgan” amaldorlar
Jamiyat
−
04 noyabr 2021
5661Jamiyat
Farg‘onadagi mahallalardan biri xavfli hudud deb e’lon qilindi
Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanidagi “Azimobod” mahalla fuqarolar yig‘ini xavfli hudud deb e’lon qilindi. Tuman hokimi X. Niyozovning tegishli qarori qabul qilindi.
Bunga Farg‘ona viloyati hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazining Oltiariq tumanidagi “Azimobod” MFY hududida bir bosh sigirda “quturish” kasalligining qo‘zg‘atuvchi babbesh–negri tanachalari aniqlangani sabab bo‘ldi.
Ozarbayjonga borishni rejalashtirgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirildi
Ozarbayjonga borishni rejalashtirgan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga kirish uchun qo‘yilgan talablardan ogoh bo‘lishi kerak.
Ta’kidlanishicha, Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tezkor shtab qarori bilan ushbu davlatdagi maxsus karantin rejimi 2022 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.
O‘zbekistonda totalizator va bukmekerlikni reklama qilgan 10 dan ortiq sayt bloklandi
O‘zbekistonda totalizator va bukmekerlik faoliyatini reklama qilayotgan 10 dan ortiq saytga kirish cheklandi. Bu haqda AOKAda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi matbuot kotibi Mohruxsor Tog‘ayeva ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, agentlik tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 19 mingdan ziyod o‘rganishlar o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 10 ming holatda turli kamchiliklar aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan. Xususan, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 168 holatda totalizator va bukmekerlik faoliyati reklama qilinganligi aniqlangan va ularning barchasi bartaraf etilgan.
O‘zbekistondagi eng yaxshi va yomon OTMlar reytingi e’lon qilindi
O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyati bo‘yicha reytingda Toshkent moliya instituti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Samarqand davlat universiteti yetakchi o‘rinlarni egalladi.
Ta’kidlanishicha, OTMlarning ilmiy salohiyati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti, Samarqand davlat chet tillar instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Farg‘ona politexnika instituti, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti so‘nggi o‘rinlardan joy olgan.
Oybek Tursunov “Kapitalbank”ning 50 foiz aksiyasini qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi, tadbirkor Oybek Tursunov “Kapitalbank” aksiyadorlik tijorat bankining 34,10 foiz aksiyasini sotib oldi. Natijada uning ushbu bankdagi ulushi 50 foizga yetdi.
Joriy yilning 29 oktyabr kuni tuzilgan bitimga ko‘ra, Tursunov egalik qiladigan aksiyalar soni 112 490 703 donani tashkil qilgan. Bu umumiy aksiyalarning 34,1 foizi degani. Avval sotib olinganlarini ham qo‘shganda Tursunov qo‘lida 164 927 890 dona aksiya jamlandi.
Facebook, Telegram va Instagram bloklanishi ortidan AKT vaziri va Bosh vazir maslahatchisi ishdan olindi
Internet-platformalar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq voqea ortidan bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
“Ko‘rilayotgan choralarning keskinligi shuni ko‘rsatmoqdaki, Prezident tartib va intizomni buzgan, mas’uliyatsizlik qilgan va o‘zboshimchalik bilan harakat qilgan har qanday amaldorni lavozimida ortiqcha ushlab o‘tirmaydi”, deyiladi xabarda.
Ikkinchi bor saylangan Mirziyoyev qachon qasamyod qilishi ma’lum bo‘ldi
Ikkinchi marta O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 6 noyabr kuni o‘z lavozimiga kirishadi.
“24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida 80,12 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozongan Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiyasi shanba kuni (6 noyabr kuni) bo‘lib o‘tadi. Marosimda parlamentning yuqori va quyi palatalari a’zolari hamda respublika hukumati a’zolari, shuningdek, diplomatik korpus vakillari ishtirok etishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
O‘zbekistondagi qaysi OTMda xorijlik professorlar ko‘p?
O‘zbekistonga xorijiy professor-o‘qituvchilar va talabalar kelib faoliyat olib borayotgan davlatlar soni ikki barobarga oshib, bugungi kunda 62 tani tashkil etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p xorijlik professor-o‘qituvchilar Turkiya, Belarus, Janubiy Koreya, Rossiya davlatlaridan tashrif buyurgan. Eng ko‘p talabalar Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Pokiston, Afg‘onistondan kelgan.
Ta’kidlanishicha, hozirgacha eng ko‘p xorijiy professor-o‘qituvchilar O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetlarida faoliyat olib borgan.
Dastlab Gulistonda, so‘ngra Toshkentda qum bo‘roni ko‘tarildi
Bugun, 4 noyabr kuni Sirdaryo viloyatining ma’muriy markazi Guliston shahrida va viloyatning boshqa tumanlarida qum bo‘roni ko‘tarilgani aks etgan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach qum bo‘roni mamlakat poytaxti Toshkentga ham yetib kelgani aks etgan videolavhalar paydo bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati Ichki ishlar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi viloyatdagi noqulay ob-havo sharoiti sababli bemaqsad ko‘chaga chiqmaslikni so‘radi.
Olam
Isroil Suriya armiyasiga raketa hujumi uyushtirdi
Isroil Harbiy-havo kuchlarining ikki qiruvchisi Damashq viloyatidagi Suriya armiyasi nishonlariga raketa hujumi uyushtirdi. Suriya harbiylari orasida hech qanday yo‘qotishlar yo‘q.
“3 noyabr taxminan soat 02:00 da Isroil Harbiy-havo kuchlarining ikkita taktik F-16 qiruvchisi Jo‘lon tepaligi hududidan Suriya havo hududiga kirmasdan, Damashq viloyatining Al-Kisva aholi punkti hududida Suriya hukumati kuchlarining ob’ektlariga raketa zarbasi berdi”, degan Kulit brifingda.
Qaysi davlatlar pandemiyadan birinchi qutulishi bashorat qilindi
AQSH, Buyuk Britaniya, Portugaliya va Hindiston kelasi yilda pandemiyadan chiqishi mumkin.
Olimlarning fikriga ko‘ra, qayd etilgan mamlakatlar koronavirusga qarshi emlanish va kasallikka chalinganlarda hosil bo‘lgan tabiiy immunitetning o‘ziga xos kombinatsiyasiga ega bo‘ladi. Bu davlatlarda COVID yana bir mavsumiy kasallikka aylanishi mumkin.
“Bugundan 2022 yil oxirigacha, biz ushbu virus ustidan nazoratni qo‘lga kiritishga, kasallikning og‘ir shakliga chalinish kamayishiga va o‘lim sezilarli darajada qisqarishiga erishishga ishonamiz”, degan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh epidemiologi Mariya Van Kerkxov.
Qirg‘iziston “Tolibon” hukumatini tan oladimi?
irg‘iziston hukumati hozirgi bosqichda Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumatini tan olmoqchi emas. Bu haqda Bishkekdagi Afg‘oniston muammolariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Taalatbek Masodiqov ma’lum qildi.
“Bugungacha biz tomonimizdan “Tolibon”ni tan olish haqida hech qanday gap yo‘q”, degan u.
Beqaror vaziyat: To‘qayev qozog‘istonliklarni qayta emlashga topshiriq berdi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatga aholini koronavirusga qarshi qayta emlash kampaniyasini boshlashni topshirdi.
“Aksariyat davlatlar aholini revaksinatsiya qilishni boshladi. Mart oyida faol kampaniya boshlaganimizni inobatga olsak, qayta emlash muddati bizda ham yaqinlashib qoldi. Hukumat va viloyatlar rahbarlari aholini qayta emlash kampaniyasini boshlashi kerak”, deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan uning matbuot xizmati.
AQSH O‘zbekistonni koronavirus tarqalish darajasi noma’lum davlatlar qatoriga kiritdi
Amerikaning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi sayohat qilish bo‘yicha davlatlarni koronavirusga chalinish xavfi eng yuqori, yuqori, o‘rtacha, past va noma’lum bo‘lgan guruhlarga bo‘ldi. O‘zbekiston noma’lum ro‘yxatdan joy oldi.
Reytingda qayd etilishicha, O‘zbekistondagi hozirgi ahvol noma’lum, hatto to‘liq emlangan sayohatchilarning koronavirus bilan kasallanish ehtimoli bor.
Reytingga ko‘ra, mamlakatga kelishni rejalashtirganlarga avvalo to‘liq emlanish tavsiya etilgan.
Xitoy “yadro triadasi”ni qurmoqda – Pentagon
Xitoy 2027 yilga borib 700 ta, 2030 yilgacha esa 1000 ta yadroviy kallakka ega bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, Xitoy strategik aviatsiya, qit’alaro ballistik raketalar va yadroviy suvosti raketa tashuvchilarni o‘z ichiga olgan “yadro triadasi”ni qurmoqda. Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Xitoy dushmanlariga yadroviy qurol bilan zarba bermoqchi emas, balki hujumlardan himoyalanmoqchi.
Keyingi pandemiyaga tayyorgarlik: JSST dunyo mamlakatlarini kelishuvga chaqirmoqda
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mamlakatlarni sog‘liqni saqlash xavfsizligi bo‘yicha xalqaro shartnoma imzolash tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.Bu masala joriy yilning noyabr oyida Butunjahon sog‘liqni saqlash assambleyasida muhokama qilinadi. Bu haqda JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus “COVID-19 dan keyingi dunyo” sakkizinchi Global Baku forumida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
U dunyo hozirgi pandemiyadan saboq olib, keyingi pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini ta’kidlagan.
Sport
“Liverpul” mag‘lubiyatsiz o‘yinlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi
Kecha, 3 oktyabr kuni “Liverpul” UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichi 4-turida “Atletiko”ni mag‘lub etdi (2:0).
Ushbu g‘alaba evaziga mersisaydliklar barcha turnirlardagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 25 ta o‘yinga yetkazdi (18 g‘alaba, 7 durang) va klub rekordini yangiladi. Bunga qadar “qizillar” 1982 yilning mart oyidan sentyabrga qadar 25 ta o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan edi (20 g‘alaba, 5 durang)
UFC’ni bir oyog‘im bilan zabt etdim – Konor
Ikki vazn toifasida UFC sobiq chempioni Konor Makgregor Dastin Pore bilan jang to‘xtatilgan paytda g‘alaba qozonganini aytdi. Sportchi bu haqda o‘z Twitter sahifasida yozib qoldirgan.
“Oyog‘im unga zarba berganimdayoq singan edi, shuning uchun men uni boshqarishga harakat qildim. Bu jang yuz foiz mening ssenariyim bo‘yicha o‘tdi. 2013 yilda oyog‘imning xochsimon suyaklari operatsiya qilinganidan so‘ng, men bir oyog‘im bilan UFC’da chempionlik unvonlarini qo‘lga kiritdim va uni zabt etdim. Shuning uchun oyog‘im singan bo‘lsa ham jangda manevr qila olardim. Hayotda siz bilan nima sodir bo‘layotgani emas, balki u bilan qanday munosabatda bo‘lishingiz muhimdir”, deya yozgan.
Belgrad-2021: o‘zbekistonlik ikki bokschi JCH finali uchun jang qiladi
Bugun 4 noyabr kuni Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha Jahon chempionatining yarim final bellashuvlariga start beriladi.
Ushbu bosqichga ikki nafar o‘zbekistonlik bokschi yetib keldi. 60 kg vazn toifasida Abdumalik Xalakov eronlik Daniyal Shohbahsh bilan “hisob-kitob” qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 17:55 dan so‘ng boshlanadi. 21 yoshli buxorolik bokschi avvalgi bosqichda rossiyalik Vsevolod Shumkovga qarshi ringga ko‘tarilgan va g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l olgan edi.
LiveBarchasi