Qozog‘istonda Nazarboyevning o‘zi qolib xotinini ulug‘lash boshlandi
Olam
−
03 fevral 2022
28050Qozog‘istondagi maktablari mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshining rafiqasi 81 yashar Sara Nazarboyevaning tavallud kuni oldidan “Sevgi uchun hayot” mavzusida dars o‘tishlari belgilangan. Bu haqda o‘qituvchilar mahalliy nasharlarga e’tirozli xabar yo‘llaganlar.
O‘qituvchilarning aytishicha, Qozog‘istonda har yilning 1-11 fevral kunlari an’anaviy o‘zlikni anglash 10 kunligi o‘tkaziladi. Bu safargi darslar esa Sara Nazarboyevaning ijtimoiy faoliyatiga bag‘ishlanmoqda.
O‘qituvchilar ijtimoiy tarmoqlarda darslarning o‘tkazilishi haqida hisobot berishlari kerak bo‘ladi. Darsda ular sobiq prezident rafiqasi faoliyati misolida o‘quvchilarga “jamiyatga xizmat qilish” tushunchasining ma’nosini tushuntirishlari kerak. Qayd etilishicha, o‘qituvchilarga tegishli uslubiy qo‘llanma yuborilgan. Xususan, kelgusi darslarda Sara Nazarboyevaning portreti va u ishtirokidagi videorolikni namoyish etish shart.
Dars davomida o‘qituvchilar birinchi xonimning hayotidan hikoyalar aytib berishlari, uning jamiyat va inson taqdiriga xizmat qilish haqidagi so‘zlarini o‘quvchilar bilan muhokama qilishlari kerak.
Ma’lumot uchun, Sara Nazarboyeva joriy yilning 12 fevral kuni 81 yoshni qarshilaydi. “Bobek” xalqaro bolalar xayriya fondi asoschisi va rahbari, shuningdek, “SOS Qozog‘iston bolalar qishloqlari” jamg‘armasi prezidenti. U xayriya ishlari uchun ko‘plab xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
Nazarboyevning siyosiy intihosi
2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi.
2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.
LiveBarchasi