Elboshiga urilgan “tarsaki” yoxud qaytar dunyo

Tahlil

image

 “Hokimiyat o‘zganing soyasini ham sig‘dirmaydi” 

Joriy yil boshida Qozog‘istonda boshlangan talato‘plar butun dunyo afkor axborot ommasini o‘ziga qaratdi. Gaz narxining oshirilishi vaji bilan ko‘chalarga chiqqan olamon oqibatda gaz va benzin narxining tushishiga erishsa-da, ko‘ngli tinchimadi. “Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir” deganlari shu bo‘lsa kerak. Tinch namoyishlar qonli to‘qnashuvlarga, qurolli qo‘poruvchilik harakatlariga aylanib ketdi. Bunda odam o‘ldirildi, bunda hokimlik yoqib yuborildi, bunda Elboshi saroyiga o‘t qo‘yildi, bunda Nazarboyev haykali qo‘porildi, bunda begunoh, hali oq-qorani tanib ulgurmagan bolalar qurbon bo‘ldi. 

Haqqini so‘ragan xalqni terrorchi deydiganlar doim topiladi. Bu safar ham topildi. Bandit dedilar. Terrorchi tamg‘asini qo‘ydilar. Albatta, oddiy odamlar norozligidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolgan kuchlar bo‘ldi. Ha, aslida ular namoyishlardan katta foyda ko‘rdi. Ular xalqning qo‘liga qurol tutqazdi. Ular qozoq fuqarosini qardoshi, qondoshiga qarshi qayradi. Ular bir necha kechada yuzlab odamlarning o‘lim ssenariysini tuzib berdi.

Ayrim siyosatchilar bu voqealarni G‘arb uyushtirgan dedi. Boshqalar esa Qozog‘iston fojiasi Nazarboyev rahbar ikki boshlililik siyosati oqibati ekani va bu avvaldan bashorat qilinganini aytdi. 

Bir tarafdan To‘qayev Prezident kursisiga o‘tirdiyu ammo kursinini tutib turgan oyoqlar Nazarboyevga xizmat qilayotgandek edi. Nazarboyev kursi oyoqlariga bog‘langan ipni bo‘shatsa, kursi Prezidentlik stoliga yaqinroq kelib, To‘qayevning davlatni boshqarishiga izn beradi. Ip tortilsa, u stoldan yana uzoqlashadi. Bundan To‘qayevning o‘zi ham ancha ezilgan bo‘lsa, ne ajab. Axir faqat Prezident nomini yelkangda tashisangu vazifa va vakolatlar aslida boshqa qo‘lda bo‘lsa, bu nom yelkangga ham ortiqcha yuk bo‘ladi. Shunday ekan, Qozog‘iston voqealariga qarab turib savol tug‘iladi: Qozog‘istondagi fojianing sodir etilishidan To‘qayevning xabari bo‘lganmi? Bu bir vaqtlar Nazarboyevning ustozi Dinmuxamed Kunayevga qilganlarining takrorlanishi, qaytar dunyo emasmi? 

Qo‘g‘irchoqboz Nazarboyev

2019 yil 20 mart kuni Qozog‘iston Parlament binosida muhim tarixiy voqea yuz berdi. Mamlakatni 30 yildan buyon boshqarib kelgan Nursulton Nazarboyev kutilmaganda Prezidentlik vakolatlarini Senat raisi Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqdi. Bir tomondan qaraganda, Nazarboyev haqiqatan hokimiyatdan ketgandek ko‘rindi. Ammo bu odamlarni ko‘zini shamg‘alat qilish uchun qilingan bir nayrang edi. Sababi Nazarboyev taxtiravondan tushgan bo‘lsa-da, hokimiyatning eng muhim boshqaruv richaglarini o‘zida qoldirgandi. Axir kim ham hokimiyatni shunchaki tashlab ketishni istardi?!

Shu o‘rinda “qanday qilib”, degan savol paydo bo‘lishi, tabiiy. Nazarboyev bularni uzoq yillar davomida pishitib kelgan. Xususan, u 2018 yilda Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik Kengashini tuzib, Prezidentning ayrim vakolatlarini Xavfsizlik Kengashi raisiga o‘tkazdi. Bu bilan u bo‘lajak Prezidentning ustidan mutlaq nazorat o‘rnatdi.

Xavfsizlik Kengashining asosiy vazifasi milliy xavfsizlikni ta’minlash, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, qonunchilik va huquq-tartibot sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini rejalashtirish, ko‘rib chiqish va amalga oshirilishini baholash hisoblanadi. Xullas mamlakat armiyasi, Milliy xavfsizlik kuchlari, ichki ishlar, Xavfsizlik Kengashi raisining qo‘lida to‘plangan. Agar Prezident Xavfsizlik Kengashining tarkibini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, bevosita Kengash raisi bilan kelishgan holda, bu ishni amalga oshirishi kerak edi. 

2019 yil 12 fevral kuni Xavfsizlik Kengashi to‘g‘risidagi Nizom Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining 838-sonli qarori bilan tasdiqlandi. 2019 yilga kelib Nazarboyev asosiy boshqaruv kuchini Xavfsizlik Kengashining raisiga o‘tkazib, o‘zini umrbod Kengash raisi etib tayinladi. Endi Nazarboyevga tepki yesa ham ovozi chiqmaydigan, aytganini so‘zsiz bajaradigan, xohlaganicha o‘ynata oladigan bir qo‘g‘irchoq kerak edi. U bu lavozimga bir ko‘rinishda og‘ir-bosiq To‘qayevni tanladi. Mohiyat bir qarashda oddiy odamga ko‘rinmaydigan jarayon.

Nazarboyev Prezidentlikdan ketgach, nimalar qildi?

Otdan tushsa ham egardan tushmaydigan Nazarboyev Prezidentlik vakolatlarini To‘qayevga topshirgan bo‘lsa-da, o‘zida Qozog‘iston Xalq Assambleyasi raisi, Xavfsizlik Kengashi raisi, Konstitutsiyaviy Kengash a’zosi va hukmron “Nur Otan” partiyasining raisi lavozimlarini saqlab qoldi. Bu lavozimlar sobiq Prezidentga mamlakatdagi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati ustidan mutlaq nazorat o‘rnatish vakolatini berdi. Qisqa qilib aytgandi, nomi Prezident bo‘lmagan “prezident”. 

Prezidentlik kursisidan ketiboq, Nazarboyev “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Elboshi maqomini oldi.

To‘qayevni Prezidentlikka ko‘targan Nazarboyev, bo‘sh qolgan Senat raisi lavozimini o‘zining sevimli farzandi Darig‘a Nazarboyevaga tuhfa qildi. Agar sochiga oq oralagan To‘qayevga biror kor-hol bo‘lib qolsa, Prezident vakolatlari begona qo‘lga o‘tmaydi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Darig‘a Nazarboyeva ega chiqadi. Balki Nazarboyev o‘z arzandasini shu yo‘l bilan Prezident qilmoqchi bo‘lgandir. Har holda shunday mish-mishlar ham tarqalgandi.

Ammo bu lavozimda Nazarboyeva uzoqqa bormadi. Bir yarim oy o‘tar o‘tmas, noma’lum sabablar bilan Nazarboyeva lavozimidan ozod etildi. Mamlakatda esa Nazarboyev go‘yo kursidan ketib, butun kuchni qo‘lida olib qolgani, kamiga qizini Senat raisi etib tayinlanishiga bosh-qosh bo‘lgani noroziliklarga sabab bo‘lib, xalqning e’tirozini orttirib borayotgani edi. Oldinda esa To‘qayevni Prezident saylovi kutayotgandi. Mamlakatni bunday vaziyatga olovga otishdan, Darig‘a Nazarboyevani o‘yindan chetga chiqarish va xalqni go‘yo yangi davr boshlanganiga ishontirish eng to‘g‘ri qaror. Biroq odamlar baribir yangi davr boshlanganiga ishonmasdi. Har holda saylov tinch o‘tgani yo‘q. Saylov kuni natijalar soxtalashtirilayotgani, To‘qayev aslida Nazarboyevning odami ekani aytilib, namoyishlar bo‘lib o‘tdi. 

Elboshi rutbasiga chiqqan Nazarboyevga Qozog‘iston xalqiga, davlat organlariga, mansabdor shaxslarga mamlakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muhim tashabbuslar bilan murojaat qilish huquqi berildi. Uning tashabbuslari davlat tomonidan tezda ko‘rib chiqilishi shart edi.

Prezidentlikdan ketgan Nazarboyev doim xorijiy mamlakatlar Prezidentlarining aziz mehmoni bo‘ldi. Xalqaro yig‘ilishlarga To‘qayev uyda qolib, Nazarboyev borar edi. Xususan, 2019 yilda sobiq Prezident Nursulton Nazarboyev Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi. O‘sha yilning sentyabr oyida Nazarboyev Moskvaga borib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan ko‘rishdi. Oktyabrda esa Bakuda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida mamlakat rahbari qatorida ishtirok etdi, nutq so‘zladi

Bundan tashqari, 2020 yilning fevral oyida Elboshi AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo bilan uchrashdi. 

Albatta, bu kabi holatlar To‘qayevning jahlini chiqargan bo‘lishi mumkin. Axir u Elboshining soyasida qolib ketayotgan edi. Bunga o‘zi parvo qilmasa ham atrofda allaqachon shivir-shivir boshlangandi.

Hokimiyatga soxta Prezidentni o‘tkazib, uning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab qo‘ygan Elboshi endi o‘z nomini abadiylashtirishga etibor qaratdi. Qozog‘istonning turli shaharlarida Nazarboyevning byustlari, uning kaft izi tushirilgan oltin yodgorlik o‘rnatilib, odamlar manipulyatsiya qilindi. “Agar kimki oltindan ishlangan Elboshining kaftini o‘pib, orzu qilsa, u albatta, amalga oshadi”, degan g‘oya butun xalqning ongiga singdirildi. Vaziyat shunchalikka yetdiki, Nazarboyev supermen darajasiga ko‘tarildi.

Qo‘g‘irchoqning o‘z xojasini tishlashi

2022 yil 2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati aholisi suyultirilgan gaz narxining oshishi ortidan bosh ko‘tardi. Qisqa vaqt ichida namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi. Gaz va benzin narzi yaqin olti oyda ko‘tarilmaydigan bo‘lib tushdi. Narx-navo pasayishi boshqa narsalarga ham ta’sir qildi. Lekin odamlar tinchmadi. Ularning asl maqsadi na gaz, na chiroq edi. Xalq “Chol, ket” deb Nazarboyevning ketishini talab qildi. O‘z xalqining g‘azabiga duchor bo‘lgan Elboshi 5 yanvar kuni iste’foga chiqdi. Ommaviy namoyishlar fonida ikki rahbar o‘rtasida koordinatsiyaning yo‘qligi yaqqol ko‘rindi. Balki bu namoyishlar Prezident tomonidan Nazarboyevni yo‘qotish uchun qilingandir. Axir Elboshi ortidan bir gala amaldorlar ham uning ortidan uchib ketdi-ku.

Nazarboyev yo‘qligida otni qamchilab qolgan To‘qayev, davlat boshqaruvidagi  Elboshining odamlarini birma-bir o‘yindan chiqardi. Birinchi galda Asqar Mamin boshchiligidagi Qozog‘iston hukumatini o‘yinda mag‘lub etdi. Shundan so‘ng Nazarboyevning eng ishongan odamlaridan biri – Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etilib, davlatga xiyonatda ayblanib hibsga olindi. Unga ikki o‘rinbosari ham sherik qilindi. Bundan tashqri, To‘qayev Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari – ustozining jiyani Samat Abishni ham lavozimidan ozod etdi.

Namoyishlar tezda keskinlashib ketdi. Bu shuni ko‘rsatadiki, u oldindan tayyorlangan. Nazarboyev Xavfsizlik Kengashidan rasman iste’foga chiqqach, To‘qayev darhol Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so‘radi. Har vaqt yordamga shay “katta og‘a” bu chaqiriqqa labbay deb javob berdi. Bu ham oldindan rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda “nega To‘qayev KXSHTdan harbiy yordam oldi?”, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Buning javobi esa oddiy. To‘qayevda hech qanday harbiy kuch bo‘lmagan. Mamlakatdagi barcha kuch ishlatar tuzulmalar Nazarboyevga bo‘ysungan. Agar xavfsizlik kuchlari, mudofaa va Ichki ishlarning xalq puliga, davlat g‘aznasi hisobidan kelgan qurollari To‘qayevga o‘qtalinsa bormi, uni himoya qiladigan kimsa topilmasdi. Shunday bo‘lishiga bir bahya qoldi. Olma-otadagi vaziyat og‘irlashib, otishmalar tovushi Prezident saroyi yaqinigacha kelgach, To‘qayev KXSHTga murojaat qildi. Ya’ni KXSHT kuchlari Qozog‘istonga To‘qayevni chin ma’noda iqtidorga ko‘tarish uchun kiritildi.

To‘qayev va Nazarboyev o‘rtasidagi oldi-berdilar

Namoyishlar vaqtida Nazarboyev haqida turli xil gap-so‘zlar tarqaldi. Ba’zi xabarlarda u BAAga ketgani ta’kidlandi. Hatto, uni o‘ldiga ham chiqarishdi. Lekin u tirikligini videomurojaatlar bilan isbotlashga urinmoqda.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nazarboyev hech qayerga ketmadi va so‘ngi nafasgacha To‘qayev bilan parda ortida hokimiyat uchun kurashdi. Biroq Elboshining hokimiyatdagi ustunlari allaqachon qo‘porilgan edi. Bundan tashqari, kimsan “katta og‘a” To‘qayevni qo‘llab turganida Nazarboyevga yo‘l bo‘lsin. Bir so‘z bilan aytganda, bir tomondan xalq, ikkinchi tomondan To‘qayev Elboshining yuziga yaxshigina musht tushirdi. Nokdaun holatiga tushirilgan Nazarboyev nima qilishni bilmay qoldi. Ko‘p o‘tmay, Elboshi va uning oilasini daxlsizlik huquqlaridan mahrum etish talabi bilan petitsiya tashkil etildi.

19 yanvar kuni Qozog‘iston quyi palatasi “Majlis” vakillari Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevni barcha lavozimlaridan umrbod ozod etish haqidagi qarorni ma’qulladi.

Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketdi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi. “Yolg‘onning ming yil davroni, haqiqat aytilgan bir oncha bo‘lmas”, deganlari shu bo‘lsa kerak. Nazarboyev haykallari qo‘porildi. Qizlari lash-lushini yig‘ishtirib, qochdi. Xalq dod solib ko‘chalarga chiqqan mahal Aliya xonim Londondan 300 million dollarga saroy xarid qildi. 

So‘nggi nafasgacha kurashgan Nazarboyev o‘zida Konstitutsiyaviy kengash a’zosi bo‘lish, shuningdek, hukumat va parlamentda so‘zlash huquqini saqlab qoldi.

Xulosa qilib aytganda, Nazarboyev o‘zi o‘ylab topgan boshqaruv tizimining qurboni bo‘ldi. Axir qayerda ko‘rgansiz, ikkita qo‘chqorning kallasi bir qozonda qaynaganini? Albatta, bir mamlakatda ikki hukmdor bo‘lishi ilojsiz. Zero hokimiyat o‘zganing soyasini ham sig‘dirmaydi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2505

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing