Qozog‘istonda g‘alayonlar ishtirokchilariga 494 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Olmaotadagi tartibsizliklardan so‘ng 494 ta jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda prokuratura saytida xabar berilgan. 

Qayd etilishicha, favqulodda holat davrida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida 6966 ta bayonnoma tuzilgan, 4918 nafar shaxs turli xil ma’muriy javobgarlikka tortilgan, shu jumladan, 1978 nafar shaxs hibsga olingan. 791 nafar shaxs jarimaga tortilgan, 2149 nafari ogohlantirilgan. 

Ayni vaqtda sudlar tomonidan 2048 ta material ko‘rib chiqilmoqda. 

Mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning topshirig‘iga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan “Olmaota fojiasi” va respublikaning boshqa hududlarida sodir bo‘lgan voqealarning barcha sabablari va tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Odamlar qurbon bo‘lgan hodisalarni tekshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

“Har bir fakt atroflicha o‘rganilib, tegishli huquqiy baho beriladi”, deya ishontirmoqda prokuratura.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istondagi namoyishlar ortidan qo‘lga olinganlar 10 ming nafardan oshdi.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

28

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing