G‘oyib bo‘lgan Shoygu ko‘rinish berdi

Olam

image
0:00
0:00
download

To‘satdan g‘oyib bo‘lgani aytilayotgan Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ommaga ko‘rinish berdi. Bugun, 26 mart kuni u davlat mudofaa buyurtmalari dasturini amalga oshirish va Rossiya Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari oldidagi ijtimoiy majburiyatlarni bajarish bo‘yicha ishchi yig‘ilish o‘tkazgan.

Yig‘ilishda u Rossiya qo‘shinlari strategik yadroviy kuchlarning jangovar tayyorgarligini saqlab turishi zarurligini ta’kidlagan.

“Yuqori aniqlikdagi uzoq masofaga uchuvchi qurollar, aviatsiya texnikasi, shuningdek, strategik yadroviy kuchlarning jangovar tayyorgarligini ta’minlash ustuvor vazifalardir”, degan Shoygu Moliya vazirligi bilan davlat mudofaa buyurtmasini bajarish bo‘yicha muhokama natijalari haqida gapirar ekan.

Avvalroq, joriy yilning 27 fevralida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovga G‘arb tahdidlari sababli yadroviy kuchlarni maxsus jangovar shaylik rejimiga o‘tkazishni buyurgandi. Bu tarixda uchinchi marta sodir bo‘ldi. Birinchi marta 1962 yilda Karib dengizi inqirozi paytida va ikkinchi marta 1973 yilda “Qiyomat kuni urushi” paytida.

Keyinroq Putinning Matbuot kotibi yadroviy qurollardan foydalanish milliy xavfsizlik konsepsiyasi bilan tartibga solinishini aytib o‘tdi. Hujjatda Rossiyaning mavjudligiga real tahdid tug‘ilgandagina yadroviy quroldan foydalanilishi belgilab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu to‘satdan jamoatchilikka ko‘rinish bermay qo‘ydi. U oxirgi marta joriy yilning 11 mart kuni omma oldiga chiqqan, jurnalistlar esa uni 13 kundan beri ko‘rmagan.

Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak esa Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning jamoatchilikka ko‘rinish bermay qo‘yganiga e’tibor qaratib, bir qancha muhim siyosiy arboblar axborot maydonidan g‘oyib bo‘lganini aytib o‘tgandi.

Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Shoyguning ommaga ko‘rinish bermay qo‘yganini, uning boshqa tashvishlari ko‘pligi bilan izohladi.

AQSH Mudofaa vazirligi esa Shoygu va Gerasimov qo‘ng‘iroqlarga javob bermayotganini ma’lum qildi. Pentagonning taxminicha, Rossiya Ukrainadagi urushda muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun Shoygu ishlardan chetlatilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

97

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing