Yaponiya Rossiyaning Ukrainaga bosqini sabab O‘zbekistonga bosim o‘tkazadimi?
Olam
−
27 avgust 30453 4 daqiqa
Yaponiya Rossiyani bosqinchi davlat, deb hisoblasa va unga unga sanksiyalar kiritgan bo‘lsa-da, bu Yaponiya va O‘zbekiston munosabatlariga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivayaning 26-27 avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirayotgan tashrifi munosabati bilan Toshkentda tashkil etilgan matbuot anjumanida so‘z ochildi.
Anjumanda ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbiri Yaponiya Tashqi siyosatining Matbuot kotibi Kitamura Toshixirodan O‘zbekistonning Rossiya bilan ko‘p yillik tarixiy aloqalarga egaligi, bundan 34 yil avvalgacha O‘zbekiston sovet ittifoqi tarkibida bo‘lgani, bugun eski sovet davlatlari ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘langanini inobatga olib, Toshkentning Moskvani rasman bosqinchi, deb e’lon qilmasligi Yaponiya-O‘zbekiston munosabatlariga ta’sir o‘tkazgan yo o‘tkazmagani haqida so‘radi.
“Rossiya bilan Markaziy Osiyo davlatari o‘rtasida munosabatlar juda ham nozik masala. Har bir muayyan davlat boshqa davlatlar bilan aloqa o‘rnatishini inobatga olishi kerak Garchi, u Rossiya bilan bo‘lsa ham bunday aloqalar boshqa mamlakatlarning Yaponiya bilan munosabatiga ta’sir qilmaydi”, deydi Yaponiya TIV vakili.

Uning urg‘ulashicha, siyosat iqtisodiy hamkorlikka ta’sir o‘tkazmasligi kerak. Xususan, 25 avgust kuni Qozog‘istonga borgan Tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivaya mamlakat rahbariyati va mavqedoshi bilan o‘tkazgan uchrashuvlarda aynan Rossiyaning Ukrainaga bosqini mavzusiga to‘xtalgan.
“Qozog‘istonga tashrif davomida biz Rossiya-Ukraina masalalariga ham to‘xtalib o‘tdik va yana bir bor shuni ta’kidladikki, Rossiyaning Ukrainaga bosqina xalqaro huquqning buzilishidan boshqa hech narsa emas. Yaponiya Rossiyani bosqinchi, deb hisoblaydi va boshqa davlatlarga bunday tanlov qilish uchun bosim o‘tkazmaydi. Bu har bir davlatning o‘z siyosiy qarashlariga bog‘liq. O‘zbekiston Hukumatining ham o‘ziga yarasha siyosati borligiga ishonamiz. Lekin bu masalaga hozircha teginmoqchi emasman, buni vazirlar uchrashuvida ko‘tarishimiz mumkin. Albatta, biz bu borada o‘z nuqtayi nazarimizni tushuntirishga harakat qilamiz. Yaponiya Rossiyaga sanksiya qo‘llagani uchun Rossiya bilan eksport yoki import qila olmaymiz”, deydi Takeshi Ivaya.
Toshkentda bo‘lib turgan mehmon Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bilan rejalarga to‘xtalarkan, Yaponiyaning mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Buning uchun birinchi navbatda iqtisodiy va savdo yo‘llarini ochish bo‘yicha bir qancha harakatlarni amalga oshirish zarur.
“Qozog‘istonda Kaspiy dengizi orqali savdo yo‘llarini ochishni muhokama qildik. Kaspiy yo‘li Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir o‘tkaza oladi. Buning uchun birinchi navbatda infratuzilmani yaxshilashimiz kerak. Shuningdek, biz yumshoq infratuzilmaga ham e’tibor berishimiz kerak, ya’ni bojxona masalalariga. Qolaversa, boshqa tizimlarni ham ko‘rib chiqishimiz va barcha tovarlar Markaziy Osiyo orqali Yevropaga hech qanday to‘siqlarsiz yetib borishiga kafolat berish uchun ishlashimiz lozim”, deydi Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi.
Ma’lumot uchun, Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaro boshlanganidan so‘ng, Yaponiya birinchilar qatorida Moskvaga sanksiya kiritdi. Ular orasida Rossiya davlat obligatsiyalarini chiqarishni taqiqlash, ayrim shaxslar va banklar aktivlarini muzlatish va viza cheklovlari bor edi. 2024 yilning aprel oyida Yaponiyaning Iqtisod va sanoat vazirligi avtomobil dvigatellari yog‘i, optik uskunalar va boshqa mahsulotlarni o‘z ichiga olgan 164 ta eksport cheklovi ro‘yxatini e’lon qildi. Cheklovga ruslardan tashqari, Rossiya bilan aloqasi bo‘lgan va sanksiyani aylanib o‘tishda ayblangan tashkilotlar ham kiritildi. 2025 yilning boshida esa Yaponiya hukumati yangi sanksiyalar paketini qabul qilib, 11 kishi va 29 ta Rossiya tashkiloti, shuningdek 3 ta bank, aktivlarini muzlatdi. Qolaversa, 22 ta Rossiya tashkilotiga va 335 turdagi eksport tovariga nisbatan cheklovlar joriy etildi. Umuman olganda, Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixdagi eng past chegaraga tushib qoldi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 avgust kuni Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivaya rafiqasi bilan O‘zbekistonga keldi. Vazir va rafiqasi Samarqandda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bugun, 27 avgust kuni vazir Toshkentga keldi. U o‘zbekistonlik mavqedoshi Baxtiyor Saidov bilan muloqot qildi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi.
Live
Barchasi