Turkiya temirni qizig‘ida bosdi: Hormuz o‘rniga O‘rta koridor

Tahlil

image

2026 yil 18 aprel kuni Antaliya Diplomatik Forumi doirasida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining norasmiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Global geosiyosiy vaziyat keskinlashib borayotgan bir davrda o‘tkazilgan ushbu uchrashuv nafaqat diplomatik muloqot, balki strategik yo‘nalishlarni belgilash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Yaqin Sharq muammosi tobora aktuallashib borayotgan, xususan Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik global savdo xavfsizligiga tahdid solayotgan bir paytda, Turkiya o‘zining “O‘rta koridor” loyihasi bilan faol tashabbus ko‘rsatmoqda. “O‘rta koridor” yoki Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi (TITR – Trans-Caspian International Transport Route) — Xitoydan Yevropagacha boruvchi muqobil savdo yo‘li sifatida Eron bilan mojarolar fonida tobora muhimlashib bormoqda. Ayniqsa, Rossiya-Ukraina urushi natijasida Rossiya orqali o‘tuvchi “Shimoliy koridor”ning logistik imkoniyatlari pasaygan bir sharoitda, Sharq va G‘arbni bog‘lovchi barqaror va xavfsiz transport tizimiga ehtiyoj keskin ortdi.

Shu mazmunda Antaliyadagi uchrashuvda transport va logistika masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Yig‘ilishda O‘zbekiston nomidan Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi. Ushbu uchrashuv O‘zbekistonning yuqoridagi transport loyihasida faol rol o‘ynashga intilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Xo‘sh Antaliyada nimalar bo‘ldi?

Antaliyadag uchrashuv

“Ertangi kunni xaritalash, noaniqliklarni nazorat qilish” shiori ostida o‘tkazilgan beshinchi Antaliya Diplomatik forumi (ADF) Turkiya boshchiligida global muammolarni muhokama qilish va turkiy dunyo integratsiyasini rivojlantirish maydoniga aylandi. 17-19 aprel sanalarida forum doirasida bir qator muhim tadbirlar uyushtirilgan bo‘lib, ular orasida Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining norasmiy yig‘ilishi alohida e’tiborga molik. Yig‘ilishda, rais sifatida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Yermek Ko‘sherbayev, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev va O‘zbekiston nomidan Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etgan.

Ushbu norasmiy yig‘ilishda ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, ayniqsa energetika, “yashil” transformatsiya, innovatsiyalar va raqamlashtirish sohalaridagi integratsiyani chuqurlashtirishni atroflicha tahlil qildilar. Shuningdek, boshqa davlatlar bilan ham aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalasi ham kunning asosiy mavzularidan biri bo‘lgan.

“Shuningdek, tashkilotning institutsional rivoji, “TDT plyus” formati doirasida aloqalarimizni kengaytirish, tashqi sheriklar bilan amaliy va tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdik”, deb yozadi Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram kanalida.

Avvalroq, o‘tgan yilning 7 oktyabr sanasida Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan TDT sammitida “TDT plyus” formatini yaratish kelishib olingan edi. So‘nggi yillarda tobora kengayib borayotgan TDT a’zolarini boshqa xalqaro aktorlar bilan o‘zaro aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida ilgari surilgan ushbu format turkiy kelib chiqishga ega bo‘lmagan davlatlar bilan ham tashkilot darajasida integratsiyaga kirishishni nazarda tutadi.

Uchrashuvlarning geosiyosiy qismida Yaqin Sharqdagi vaziyat, xususan, G‘azo va Eron atrofidagi davom etayotgan keskinliklar alohida tashvish bilan qayd etildi. TDT vazirlari mintaqada tinchlikni o‘rnatish uchun xalqaro hamjamiyatni birlashishga chaqirib, turkiy davlatlarning bu boradagi yagona pozitsiyasini mustahkamladilar.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham forum doirasida nihoyatda tig‘iz va samarali diplomatik uchrashuvlar o‘tkazdi. Moskvadan Antaliyaga uchib kelgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri yig‘ilish oldidan qator ikki tomonlama uchrashuvlarni amalga oshirdi. Bular orasida Iordaniya Bosh vazir o‘rinbosari, tashqi ishlar va ekspatriatlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Safadi, Litva Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris va Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga kabi shaxslar bor.

“Antaliya diplomatik forumi doirasida Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga janoblari bilan uchrashdik. Ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ishbilarmonlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratdik”, deb yozgan vazir o‘z Telegram kanalida.

Forumning ushbu sessiyasi turkiy dunyoning nafaqat iqtisodiy blok, balki global siyosatda ham o‘z ovoziga ega bo‘lgan yaxlit kuchga aylanayotganini yana bir bor tasdiqladi. Yakunda barcha vazirlar 2026 yil oxirida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlab oldilar.

O‘rta koridor

G‘arb va Sharqni bog‘lovchi logistik yo‘llar inqirozli vaziyatda bo‘lib turgan bir vaqtda “O‘rta koridor” masalasi yana kun tartibining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilyapti. Hormuz bo‘g‘ozining Eron tomonidan yopilishi Fors ko‘rfazi davlatlaridan keluvchi tovarlarning narxiga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. AQSH Dengiz kuchlarining Eron portlarini blokada qilishi esa, Xitoy va Hindiston kabi gigant eksportyorlar uchun ham muammo yuzaga keltirmoqda. “Shimoliy koridor” esa, mana necha yildirki, Ukrainadagi urushlar fonida foydalanilmay qo‘yilgan. Mana shunday vaziyatda Anqaraning Turkiy Davlatlar Tashklotiga a’zo davlatlarni yig‘ishidan asosiy maqsad, ularning hududidan o‘tuvchi “O‘rta koridor” masalasi bo‘lgani ehtimoldan xoli emas.

“O‘rta koridor” deb ataluvchi loyiha — ya’ni Trans-Caspian International Transport Route — bugungi kunda Yevroosiyo transport tizimining eng muhim alternativ yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ushbu loyiha Xitoydan Yevropaga boruvchi savdo oqimlarini Rossiya va Eron kabi an’anaviy yo‘laklarni chetlab o‘tgan holda Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi va Janubiy Kavkaz orqali Turkiyaga, undan esa Yevropaga olib chiqishni maqsad qiladi.

Tarixiy jihatdan bu yo‘lak g‘oyasi 2010 yillarning boshlarida, Xitoyning “Bir kamar — bir yo‘l” tashabbusi doirasida shakllana boshlagan. Lekin uning real institutsionallashuvi 2014 yilda Qozog‘iston va Ozarbayjon temir yo‘llari o‘rtasidagi integratsiya, 2017 yilda esa, Boku–Tbilisi–Kars temir yo‘lining ishga tushishi bilan kuchaydi. Shu tariqa, O‘rta koridor faqat nazariy loyiha emas, balki amaliy multimodal logistika tizimiga aylandi.

Geografik jihatdan yo‘lak Xitoy, Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Yevropa yo‘nalishida ishlaydi. Bu yo‘nalishning eng muhim bo‘g‘ini Kaspiy dengizi bo‘lib, u yerda yuklar temir yo‘l vagonlaridan feribotlarga (odamlar, avtomobillar, yuk mashinalari yoki temir yo‘l vagonlarini bir qirg‘oqdan boshqasiga tashuvchi kema) yuklanadi va keyin yana temir yo‘lga qaytariladi. Aynan shu tizim O‘rta koridorni murakkab, ammo strategik jihatdan muhim yo‘lga aylantirgan.

2022 yilda boshlangan Rossiya-Ukraina urushi natijasida Rossiya orqali o‘tuvchi Shimoliy koridorning siyosiy va iqtisodiy xatarlari ortdi. Natijada, yuk tashish oqimining bir qismi O‘rta koridorga yo‘naltirildi. 2025 yilda koridor orqali 4,5 million tonnadan ortiq yuk tashilgan bo‘lsa, 2026 yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni yanada oshirish kutilmoqda. O‘tgan yilda qariyb 77 000 ta standart konteyner tashilgan bo‘lib, bu 2021 yilga (25 000 ta) nisbatan uch barobar ko‘pdir.

Yana bir muhim masala — vaqt va narx raqobati. O‘rta koridor orqali Xitoydan Yevropaga yuk yetkazish 12–18 kun atrofida davom etadi, bu dengiz yo‘liga qaraganda ikki baravar tez. Biroq xarajatlar hali ham barqaror emas. ba’zi yo‘nalishlarda temir yo‘l va port xizmatlari kombinatsiyasi dengiz transportidan sezilarli qimmat. Bu esa, koridorning global logistika bozorida to‘liq ustunlikka erishishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Shunga qaramay, siyosiy jihatdan “O‘rta koridor” zaxiradagi variant emas, balki kelgusidagi strategik alternativ sifatida qaralmoqda. Yevropa Ittifoqi ham, Xitoy ham, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari ham bu yo‘nalishni diversifikatsiya vositasi sifatida rivojlantirishga harakat qilmoqda.

Shu bilan birga, O‘rta koridorning imkoniyatlari bilan bir qatorda, uning zaif tomonlari ham yaqqol ko‘rinadi. Eng asosiy muammo — infratuzilmaning notekisligi. Kaspiy dengizi portlarining cheklangan quvvati, temir yo‘l tizimlarining turli standartlarda ishlashi va yagona logistika operatorining yo‘qligi bu yo‘lakni to‘liq samarali tizimga aylantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Masalan, Boku va Aqtau portlari modernizatsiya qilinayotgan bo‘lsa-da, yuk oqimining tez o‘sishi ularning hozirgi quvvatini bosim ostiga qo‘ymoqda.

Yana bir muammo – O‘rta koridorning “bir tizim” emasligidir. Ya’ni, turli davlatlarda temir yo‘l relslarining o‘lchamlari borasida turli standarlarning borligidir. Bundan tashqari, har bir davlat o‘z bojxona siyosati, tarif tizimi va infratuzilma ustuvorliklariga ega. Bu esa, yagona boshqaruv va tezkor logistika zanjirini yaratishni qiyinlashtiradi.

Geosiyosiy muammolar ham bu borada yetarli. 32 yil davomida yopiq bo‘lgan Turkiya va Armaniston muammosi endi tezkor hal etilishi kerak bo‘lgan masaladir. Mutaxassislarning fikricha, bu jarayonlar fonida Turkiyaning Armaniston bilan aloqalari yaxshilanishi va chegara punkti ochilishi ehtimoli yuqori.

Loyiha AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “TRIPP” (Trump Route for International Peace and Prosperity) deb ataladigan tashabbus bilan ham bog‘liq bo‘lib, u Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik jarayonlari doirasida ishlab chiqilgan. Agar loyiha amalga oshsa, Kaspiydan keyingi transport yetkazish yo‘li diversifikatsiya qilinadi.

“O‘rta koridor”ning rivojlanishi O‘zbekistondek dengizga tutash bo‘lmagan davlat uchun mahsulotlarini Yevropaga yetkazishning muqobil yo‘li bo‘lib xizmat qiladi. Ayni damda Eron va Pokistondagi notinch vaziyatlar O‘zbekistonning Hind okeaniga chiqish imkoniyatini deyarli yo‘qqa chiqarmoqda. Shunday vaziyatda temir yo‘l orqali eksport qilish yagona yechim bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston Transport vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonning O‘rta koridor orqali tashigan yuklari hajmi 1 million tonnadan oshdi. Bu 2022 yilga nisbatan qariyb 60% ga ko‘pdir.

Xulosa qilib aytganda, O‘rta koridor bugungi geosiyosiy transformatsiya jarayonida muqarrar ravishda kuchayib borayotgan loyiha hisoblanadi. Ammo uning kelajagi faqat siyosiy iroda emas, balki infratuzilma integratsiyasi, tariflar uyg‘unligi va port tizimlarining modernizatsiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Agar bu muammolar hal etilsa, O‘rta koridor Yevroosiyo savdosining asosiy “arteriya”laridan biriga aylanishi mumkin. Aks holda, u faqat “alternativ loyiha” maqomida qolib ketish xavfini ham saqlab qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston Xitoy Yaqin Sharq muammo Baxtiyor Saidov Tashqi ishlar vazirlari kengash Rossiya-Ukraina urushi Turkiy davlatlar Jeenbek Kulubaev Hormuz bo'g'ozi O'rta koridor Antaliya Diplomatik Forumi strategik yo'nalishlar global savdo Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri logistik yo'llar

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing