Qotili topilgan “Asalhoney”, zaharlanishdan qo‘rqayotgan Putin, IIVdan tanbeh eshitgan Otajonov... Hafta nimalar bilan esda qoldi?

Tahlil

Yakuniga yetib borayotgan hafta O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda ko‘plab esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi. Narxlarni keskin oshirgan yagona imtihon markazi, qotili topilgan “Asalhoney”, raqs tushayotib vafot etgan qizcha, zaharlanishdan qo‘rqib 1000 ga yaqin shaxsiy xodimini ishdan bo‘shatgan Rossiya Prezidenti, “xurmacha" qiliqlari uchun IIVdan tanbeh eshitgan Jahongir Otajonov shular jumlasidan.

Hafta davomida sodir bo‘lgan eng muxim va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan voqealar bilan QALAMPIR.UZ'da tanishing.

Ukrainada Rossiyaning harbiy hujumi boshlanganidan beri kamida 925 nafar tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. 1496 kishi esa jarohatlangan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi ma’lum qildi.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan 20 martgacha bo‘lgan davrda 3 million 489 ming 644 nafar ukrainalik davlat chegaralarini kesib o‘tib, qo‘shni davlatga ketgan. Shu bilan birga, ukrainaliklarning 2 million 83 ming 854 nafari Polshaga yuborilgan.

Allamjonovga tegishli Toshkent imtihon markazi narxlarni keskin oshirdi. Haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Yagona imtihon markazi joriy yilning 1 aprelidan boshlab yuqori sifat va xizmat ko‘rsatish darajasini saqlab qolish maqsadida nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish uchun birinchi urinish narxi 150 000 so‘mgacha oshiriladi. 1 aprelga qadar ushbu narx 100 ming so‘mni tashkil etadi. Bunga asosiy hamkor davlatlardagi beqaror iqtisodiy vaziyat O‘zbekistondagi inflyatsiyaning tezlashishiga ta’sir ko‘rsatayotgan valyuta kursining o‘zgarishi sabab qilib ko‘rsatilgan. Ammo imtihonlarga valyuta kursining qanday dahli borligi tushunarsizligicha qolmoqda.

O‘zbekistonda “Asalhoney” nomi bilan tanilgan insta-bloger Asal Xo‘jayevani o‘ldirishda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda QALAMAPIR.UZ'ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma’lum qildi. Qayd etilishicha, “Asalhoney” qotilligida 1997 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan shaxs gumonlanmoqda.

Bosh prokuratura ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmasligini ta’kidlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi insta-bloger “Asalhoney”ning vafoti bo‘yicha turli shov-shuvli va asossiz ma’lumotlar tarqatayotgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini ogohlantirdi. Bu haqda vazirlik Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovning videomurojaatida aytiladi.

“Oxirgi kunlarda, ijtimoiy tarmoqlar orqali aholimiz o‘rtasida shov-shuv uyg‘otib kelayotgan bir nechta ma’lumotlar tarqayotganligini guvohi bo‘lishimiz mumkin. Masalan, “Asalhoney” nomi bilan tanilgan fuqaro Xo‘jayevaning qotilligiga taalluqli bo‘lgan xabarlar.

Amaldagi tartibga ko‘ra, voqeaga to‘liq huquqiy baho berilib, aybdorlarning qilmishi sud tomonidan isbotlanmaguncha jamoatchilikka axborot berilmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa, biz, jinoyatga oid turli taxminlar, asossiz xulosalar hamda tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqayotganligini ko‘ryapmiz.

Eslatib o‘taman, tergov organlarining yozma ruxsatisiz, tergovga oid materiallarni tarqatish qonunga zid”, deydi IIV vakili.

Putin zaharlanishdan qo‘rqib, 1000 ga yaqin shaxsiy xodimini bo‘shatdi. Manbaga ko‘ra, ishdan bo‘shatilganlar orasida qo‘riqchi, oshpaz, kir yuvuvchi va kotiblar ham bor.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu to‘satdan jamoatchilikka ko‘rinish bermay qo‘ydi. U oxirgi marta joriy yilning 11 mart kuni omma oldiga chiqqan, jurnalistlar esa uni 12 kundan beri ko‘rmagan. 

Qayd etilishicha, 11 martgacha Shoygu deyarli har kuni yangiliklarda chiqqan. Hozir ham u axborot maydonida vaqti-vaqti bilan eslanadi, ammo yangi fotosuratlar va videolar yo‘q. 11 mart kuni vazir Ukrainaga hujumda qatnashganlarga davlat mukofotlarini topshirgani tasvirga olingan. Bu uning ishtirokidagi oxirgi video bo‘lgan.

Qayd etilishicha, faqatgina Shoygu g‘oyib bo‘lmagan, balki 11 martdan beri Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov ishtirokida ham hech qanday voqea qayd etilmagan.

Rossiyada esa Shoyguning yuragi bilan bog‘liq muammolar borligini muhokama qilishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov xonanda Jahongir Otajonovga ta’rif berarkan, uni “xurmacha qiliqlari bilan tanilgan” deb atadi. Bu tashbehni u vazirlik nomidan qilgan videomurojaatida ishlatgan.

“...o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatib, ijtimoiy tarmoqlarda mavxum voqealar xaqida jar solish orqali, o‘ziga omma e’tiborini jalb qilishga qaratilgan harakatlar. Masalan, ancha vaqtdan beri o‘zining xurmacha qiliqlari bilan tanilgan Jahongir Otajonovning oxirgi chiqishlari”, deydi G‘iyosov.

G‘iyosovning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda, 14 chidan 15 martga o‘tar kechasi Xorazm viloyatida to‘rt nafar noma’lum shaxslar, Jahongir Otajonovga nisbatan nisbatan zo‘ravonlik ishlatib, noma’lum joyga olib borib, u bilan noinsoniy harakatlar sodir etgani, Otajonov o‘z navbatida Urganch shahar ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgani, lekin unga xech kim yordam bermayotgani xaqida videoyozuvlar tarqalmoqda.

“Voqeani xronologiyasini kuzatadigan bo‘lsak, iddao etilayotgan jinoiy holat mart oyining 14 dan 15 ga o‘tar kechasi sodir etilgan bo‘lsa, Otajonov bu xaqda oradan ikki kun o‘tib, 17 mart kuni ichki ishlar organlariga ma’lum qilgan. 16 mart kuni hech narsa bo‘lmagandek Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi to‘y marosimida ishtirok etgan.

Xo‘sh, bu harakatlarni nima deb atash mumkin, ommani e’tibori uchun navbatdagi piarmi, odatiy maynavozchilikmi yoki jinoyat xaqida yolg‘on xabar berishmi?”, deydi Shohruh G‘iyosov.

Joriy yilning 24 – 26 mart kunlari birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Forumni 24 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ochib berdi. Ilk marotaba o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida 56 ta davlatdan 1 yarim mingdan ziyod yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdi. Forumning ochilishida prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, investorlarga shaxsan kafolat berishini ta’kidladi.

Qashqadaryoda 2005 yilda tug‘ilgan o‘quvchi qiz Navro‘z bayramida raqs tushayotganda xushidan ketib, vafot etdi. Xalq ta’limi vazirligi Matbuot kotibi Laylo Rustamova mazkur holat bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni QALAMPIR.UZ’ga taqdim etdi.

Unga ko‘ra, qiz yoshligidan tutqanoq (epilepsiya) kasalligi bilan kasallanib kelgan. O‘quvchini hushidan ketish holati kuzatilgan vaqtida maktab ma’muriyati tomonidan Shoshilinch tez tibbiy yordamga murojaat qilingan. Biroq shunga qaramay u vafot etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Yo‘l-patrul xizmati inspektori elektroshokerdan foydalanib, haydovchini qiynagani aks etgan videotasvir tarqaldi. Ushbu holatga Ichki ishlar vazirligi izoh berdi.

Qayd etilishicha, 24 mart kuni soat 12:00 larda Namangan shahar Islom Karimov va Qo‘qumboy shoh ko‘chalari kesishmasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori O.Turg‘unov Spark rusumli avtomobilni to‘xtatgan.

Spark’ning o‘tgan yilda 2 ta muddati o‘tgan jarimasi bo‘lgan, shu bois, inspektor avtomobilni jarima maydoniga joylash bo‘yicha ogohlantirilish bergan. Biroq, haydovchi qonuniy talabni bajarmasdan YPX xodimining xizmat faoliyatini davom ettirishiga to‘sqinlik qilgan.

Inspektor belgilangan tartibda haydovchini ogohlantirib, elektroshoker moslamasini qo‘llagandan so‘ng, haydovchi mashinadan tushib, noma’lum tomonga ketib qolgan.

Avtomobil vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilib, haydovchiga nisbatan xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmagani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

O‘zbekistonda “GAI”larni foto va videoga olish taqiqlanmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida shunday o‘zgartirish nazarda tutilgan. 

O‘zgartirish natijasida yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda quyidagilarga majbur bo‘ladi:

•  YPX xodimining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatda olingan foto va video tasvirlarini uning ruxsatisiz Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirmaslik;
•  yo‘l harakatining boshqa qatnashchisi hamda YPX xodimi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatga xalaqit bermasligi shart.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Otajonov Asalhoney Rossiya Prezidenti

Baholaganlar

340

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing