Prezidentlar Kremlda
Olam
−
09 Oktabr
8799Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning tug‘ilgan kunida Moskvada jamlandi. Albatta, ularning Moskvaga tashrifi sababi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish. Majlis 8 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Lekin Putinning mavqedoshlari 7 oktyabr kuni tushdan keyin manzilda edi.
Jumladan, O‘zbekiston rahbari ham bu yig‘inda ishtirok etish uchun 7 oktyabr kuni yo‘lga otlandi. Uni Moskva shahridagi “Vnukovo” aeroportida Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yordamchisi Maksim Oreshkin va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Rossiya rahbari Vladimir Putin 7 oktyabr kuni o‘zining 72 yoshini nishonladi. Xorijiy OAVlarning yozishicha, Kreml rahbari tug‘ilgan kunida bir qator yopiq uchrashuvlar o‘tkazgan. Bu uchrashuvda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun borgan Prezidentlar ham qatnashganmi, ishchi uchrashuv tug‘ilgan kun dasturxoniga ulanganmi, unisi hozircha ochiqlanganicha yo‘q.
Endi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) yetakchilarining yig‘iniga to‘xtalsak. Bu majlisda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, shuningdek, MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev Moskvaga bordi.
Bu yig‘ilishda ko‘p qirrali munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashib, MDH doirasidagi amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi va ko‘plab hujjatlar imzolandi.
Prezidentlar Kremlga kirarkan, doimgidek sammit boshlanishidan avval ishni jamoaviy suratga tushishdan boshladi.
Kengashning tor doiradagi majlisida kirish so‘zini Hamdo‘stlikka rais sifatida mezbonlik qilayotgan Rossiya Prezidenti boshladi. U Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) doirasidagi o‘zaro hamkorlik Rossiya Federatsiyasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.
“Biz uchun Hamdo‘stlik mamlakatlari eng yaqin qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz, strategik hamkorlarimizdir va biz hamkorligimizni har tomonlama mustahkamlash tarafdorimiz. Rossiyaning 2024 yilgi raislik konsepsiyasi va u bilan bog‘liq tadbirlarning keng ko‘lamli rejasi aynan shunga qaratilgan. Biz bu yerda hozir bo‘lgan barcha hamkasblarga qo‘llab-quvvatlaganliklari va ularni amalga oshirishdagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildiramiz”, dedi Putin.
Uning aytishicha, kun tartibida iqtisodiy mavzularga, MDHda savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollariga katta e’tibor qaratiladi.
Yodingizda bo‘lsa, 2023 yilning 13 oktyabr’ kuni MDH Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Prezident Sadir Japarov rus tili MDH davlatlarida muloqot tili bo‘lib qolishiga ishonch bildirgandi o‘shanda.
“O‘ylaymanki, Qirg‘iziston raisligida amalga oshirilgan ishlar natijalari, sammitda qabul qilingan qaror va hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga, MDH xalqlari farovonligiga xizmat qiladi”, deya yana uqtirgan u.
O‘tgan yilgi mavzu yana ochildi va Putin Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining barcha davlatlari Xalqaro rus tili tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani tez orada ratifikatsiya qilishini kutayotganini aytdi.
“Bir yil avval Bishkekda biz Xalqaro rus tili tashkilotini tashkil etish to‘g‘risida shartnoma imzolagan edik. Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston va Tojikiston allaqachon uni ratifikatsiya qilgan. Umid qilamanki, qolgan do‘stlarimiz va ishtirokchi davlatlar tegishli ichki tartib-qoidalarni amalga oshiradi”, dedi Putin.
U Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga shunday tuzilmani yaratish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.
“Menimcha, bu juda foydali va muhim tashabbus, chunki rus tili barchamiz uchun millatlararo muloqot tilidir”, deya xulosa qildi Rossiya rahbari.
Rossiya Prezidenti MDH davlatlari umumiy tarix xotirasini saqlash muhimligini gapirar ekan, Hamdo‘stlik mamlakatlarida bu yil fashistlarga qarshi kurashda Tinchlik va birlik yili bo‘lishini ta’kidladi.
Shuningdek, MDH yetakchilari fashizm, natsizm, militarizmning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka, yangi jahon urushini boshlashga urinishlarni to‘xtatishga chaqirdi. MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida qabul qilingan “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlarining 1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushidagi sovet xalqining G‘alabasining 80 yilligi munosabati bilan Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlari va jahon hamjamiyatiga Murojaatnomasi”da bu haqda so‘z boradi.
Shuningdek, MDH davlatlari rahbarlari Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqi va jahon hamjamiyatini tarixni soxtalashtirishni qoralashga va oldini olishga chaqirgan.
Majlisda so‘z olgan O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqandda sun’iy intellekt bo‘yicha konferensiya o‘tkazishni taklif qildi.
“MDH mamlakatlarining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash bilan bog‘liq vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari va vakolatli idoralarining tizimli hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bugungi tahdidlarga qarshi kurashish usullarini takomillashtirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasida kelishilgan choralar hamda dasturiy hujjatlarni qabul qilish muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Putin Hamdo‘stlik faoliyatining eng muhim yo‘nalishi xavfsizlik va huquqni muhofaza qilishni ta’minlashdan iborat ekanini aytib, bunda vakolatli organlar va ixtisoslashtirilgan xizmatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik muhim rol o‘ynashini ta’kidladi va Shavkat Mirziyoyevning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan tayyorlangan deradikalizatsiya sohasida bugun biz qabul qilayotgan hamkorlik dasturini alohida ta’kidlamoqchiman. U radikal va ekstremistik oqimlarning qonuniylashtirilishining oldini olishga, konfessiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan”, deydi Putin.
Sammit doirasida “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan deradikalizatsiya sohasidagi hamkorlik dasturi to‘g‘risida”gi qaror va ko‘plab boshqa hujjatlar imzolangan.
Shuningdek, Putin o‘zbekistonlik diplomat Ilhom To‘ychiyevich Ne’matovni Rossiya Federatsiyasining “Drujba” (“Do‘stlik”) ordeni bilan taqdirladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti MDH Bosh kotibining o‘rinbosari, O‘zbekiston diplomati Ilhom To‘ychiyevich Ne’matovning MDHni rivojlantirishdagi xizmatlarini, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi sifatidagi faoliyati davomida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasini qayd etib, mukofotni topshirgan.
Shunday qilib, MDH rahbarlarining galdagi uchrashuvi ham o‘z nihoyasiga yetdi.
LiveBarchasi