Qochoq G‘ani, taxtni egallagan “Tolibon”, jon kuydirgan Mirziyoyev. Afg‘oniston – yil mamlakati

Bu qiziq

image

Ba’zi hududlar borki, bu joy nomlarini eshitganda inson ko‘z o‘ngiga urush, qonli to‘qnashuvlar, o‘q ovozidan chirillab yig‘layotgan bolalar, nochor ayollar, yupun keksalar, ochlikdan qahshayotgan odamlar keladi. Mana, 40 yildirki buyuk va shonli tarixga ega bo‘lgan, mutafakkirlar kindik qoni to‘kilgan afg‘on zamini ana shunday hududlardan biri. U dunyo ahli xayolida urush o‘chog‘i, yirik giyohvand moddalar plantatsiyasi va qurollarni sinovdan o‘tkazadigan, inson qadri va qiymati yo‘q, bugunga va kelajakka nisbatan umidsizlik kurtak yozgan maydon sifatida iz qoldirgan.

Yakuniga yetgan yil davomida jahon sahnasida juda ko‘plab voqea va hodisalar ro‘y berdi. Lekin Afg‘onistonda “Tolibon”ning iqtidorga kelishi, dunyoda katta rezonans uyg‘otdi. Dunyo ahli Afg‘onistondagi talato‘plarni diqqat bilan kuzatib turdi. 2021 yilda dunyoda yil voqeasi Afg‘onistonda hukumatning tanazzuli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun o‘tgan voqealarni yodga olamiz.

90-yillarda Afg‘on muammosi

1991 yil O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘lgach, xavfsizlik masalasida bir qator jiddiy tahdidlarga duch kela boshladi. Afg‘oniston va Tojikistonda tobora alanga olayotgan siyosiy beqarorliklar, xususan terrorizm, diniy ekstremizm, narkobiznes va noqonuniy qurol-yarog‘lar savdosi, fuqarolik urushi endiga mustaqillikka oyoq qo‘ygan O‘zbekiston shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari uchun jiddiy tahdid edi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov bu tahdidlarni oldini olish uchun jahon mamlakatlari bilan qator muzokaralar o‘tkazdi. Biroq bu muzokaralar kutilganidek natija bermadi.

Mirziyoyevning Afg‘on muammosiga yechim izlashi

2016 yil Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, ilk kunlardanoq dunyo hamjamiyati oldiga afg‘on muammosini yana ko‘ndalang qo‘ydi. U 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li – markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish ekanini ta’kidladi.

2018 yil 27 mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu bir tarafdan juda yirik, boshqa tarafdan esa o‘ta tahlikali qadam edi. Unda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini,  BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar vakillari ishtirok etdi. Toshkent xalqaro konferensiyasida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, shunday degan edi:

“Bugun barchamiz birlashib, jafokash Afg‘oniston xalqiga tinchlik va taraqqiyot yo‘lida yordam qo‘lini cho‘zishimiz, uni qo‘llab-quvvatlashimiz har qachongidan ham muhimdir”.

40 yil kutilgan kelishuv

AQSHning 45-Prezidenti Donald Tramp 2016 yil saylov kampaniyasi davrida afg‘on urushiga barham berishni va’da qildi. Tramp Prezident bo‘lgach, bergan va’dalarni bajara boshladi.

2018 yil 16 may kuni Tramp Oq uyda Shavkat Mirziyoyevni qabul qildi.  Afg‘on masalasini bartaraf etishni niyat qilgan ikki davlat rahbari kelishib oldi. Aynan shu kelishuv samarasi o‘laroq 2020 yilning fevral oyida Vashingtonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod “Tolibon”ga asos solgan insonlardan biri Mulla Abdul G‘ani Barodar bilan Qatar poytaxti Dohada ilk bor ko‘rishdi. Sakkiz raund davom etgan muzokaralardan so‘ng sulh bitimi tuzishga erishildi. Imzolangan tinchlik shartnomasiga ko‘ra, AQSH Afg‘onistonda qo‘shinlar sonini 135 kun ichida 12 mingdan 8,6 ming kishigacha kamaytirish majburiyatini oldi. Agar “Tolibon” mamlakatda hudkushliklarni mutlaqo to‘xtatsa, amerikaliklar o‘z harbiylari va NATO kuchlarini 14 oy davomida olib chiqishni va’da qildi. Ushbu harakatlar evaziga toliblar AQSH va boshqa davlatlarga hujum qilish uchun Afg‘oniston hududidan foydalanishni to‘xtatish, shuningdek “Al-Qoida” terroristik guruhining faoliyatiga chek qo‘yish majburiyatini oldi. Tramp agar “Tolibon” kelishuv shartlarini buzadigan bo‘lsa, “biz hech kim ko‘rmagan kuch bilan qaytamiz”, deb va’da berdi.

Bu bitimni Xitoy, Pokiston va Rossiya qo‘llab-quvvatladi. BMT Xavfsizlik Kengashi ham ushbu shartnomani ma’qulladi.

AQSH va NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketishi

2020 yil AQSH prezidentlik saylovida Jozef Bayden g‘alaba qozondi. AQSH taxtining yangi vorisi Trampning ko‘plab qarorlari va siyosiy loyihalarini bekor qilgan bo‘lsa-da, Afg‘oniston masalasida uning yo‘lidan yurdi. Bayden hokimiyatga kelishi bilan Doha bitimida keltirilgan shartlarni bajarishga kirishdi. O‘sha vaqtda AQSHning Afg‘onistonda 2,5 ming nafar harbiy xizmatchisi bo‘lgan.

AQSH Prezidenti Bayden Amerika qo‘shinlari 2021 yilning may oyida Afg‘onistondan chiqib ketmasligini, bu harakat sentyabr oyida yakuniga yetishini aytdi. 2021 yil 8 iyul kuni Bayden AQSH qo‘shinlarini olib chiqish muddatini 31 avgust deb belgiladi.

Qancha amerikalik Afg‘onistonda halok bo‘ldi?

AQSH va Buyuk Britaniya Mudofaa vazirliklari hamda “iCasualties.org” mustaqil veb-saytining ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yilning dekabr oyigacha “Erkinlik operatsiyasi”da jami 3485 nafardan ortiq askar halok bo‘lgan.

Eng katta yo‘qotishlar: AQSH 2356 ta askar, Buyuk Britaniya 453 ta askar, Kanada 162 ta askar, Fransiya 88 ta askar, Germaniya 55 ta askar. Afg‘on urushi AQSH tarixidagi eng uzoq davom etgan urush bo‘ldi.

Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan konferensiya

Joriy yilning 15-16 iyul kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozef Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Yalpi va sho‘’ba majlislarida mintaqaviy bog‘liqlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari, shu jumladan savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning barqaror o‘sishni ta’minlashdagi o‘rni, madaniy-gumanitar aloqalarni qayta tiklash orqali do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlar muhokama qilindi.

Prezidenti Ashraf G‘anining qochishi

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” faollashib, o‘zining siyosiy ambitsiyalarini amalga oshirish yo‘lidan bordi va birin-ketin mamlakat tumanlarini o‘z nazoratiga ola boshladi. 20 iyul kuni “Tolibon” Afg‘oniston poytaxti Qobuldagi mamlakat Prezidenti saroyiga bir nechta raketa hujumi uyushtirdi.

Joriy yilning iyul oyi o‘rtalariga kelganda, “Tolibon” Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egalladi. 6 avgust kuni toliblar Afg‘oniston shimolidagi Juzjon provinsiyasi markazi Shibirg‘on shahriga bostirib kirdi va Afg‘onistondagi eng obro‘li shaxslardan biri asli o‘zbek Marshal Abdul Rashid Do‘stumning ushbu shaharda joylashgan uyini yoqib yubordi.

14 avgust kuni toliblar poytaxt Qobulni o‘rab oldi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani rasman iste’foga chiqib, mamlakatdan qochib ketdi. Shu kuni Qobul shahri toliblar tomonidan egallandi.

Ashraf G‘ani qochishi ortidan turli mish-mishlar tarqaldi. Rus manbalari Afg‘oniston Prezidenti Qobulni vertolyot va mashinalar to‘la pul bilan tark etganini takidladi. Biroq sobiq Prezident chiqish qilib, pul bilan qochgani haqidagi xabarlar yolg‘on va asossiz ekanligini aytdi.

Malumotlarga ko‘ra, Ashraf G‘ani 54 kishi bilan Termiz shahriga kelgan. G‘ani Termiz aeroportida 31 soat bo‘lgan. Bu vaqt mobaynida uni O‘zbekistonning 200 harbiy xizmatchisi himoya qilgan. 16 avgust kuni tushdan keyin sobiq Prezident va uning hamrohlari hech qanday ramzsiz bo‘lgan kichik samolyotda BAAga uchib ketgan.

Afg‘oniston Islom Amirligi

Shu tariqa, Afg‘oniston Islom Respublikasi ag‘darildi. Shundan so‘ng, mamlakatda tartibsizliklar boshlandi. Minglab afg‘on fuqarolari samolyotga osilib, mamlakatni tark etishga harakat qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 avgust kuni 158 nafar afg‘on fuqarolari va qurollangan harbiy xizmatchilar Amudaryo orqali O‘zbekiston chegarasidan qonunga xilof ravishda Termiz tumani hududiga o‘tgan.

“Tolibon” Afg‘onistonning birgina Panjsher viloyatidan tashqari, barcha hududlarni egallab oldi. Afg‘onistonning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud Panjsher viloyatida bo‘lib, toliblarga qarshi kurashish uchun G‘arbdan yordam so‘radi.

2021 yil 14 avgust. Mozori-Sharif shahri “Tolibon” tomonidan egallangach, Afg‘onistondagi eng obro‘li shaxslardan biri, harbiy va siyosatchi, asli kelib chiqishi o‘zbek Marshal Abdul Rashid Do‘stum O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tib, bir muddat mamlakatda bo‘ldi.

14 avgustdan 15 avgustga o‘tar kechasi. Afg‘oniston shimolidagi Mozori-Sharif shahri “Tolibon” harakati tomonidan egallandi, natijada afg‘on harbiylari va fuqarolari O‘zbekistonga qochib o‘tdi.

14-15 avgust. O‘zbekiston Respublikasining havo hududi chegarasidan 22 ta harbiy samolyot hamda 24 ta harbiy vertolyot noqonuniy o‘tdi. Ularning ichida jami 585 nafar qurollangan harbiy xizmatchilar bo‘lgan.

15 avgust. AQSH Prezidenti Jo Bayden “Tolibon” harakati Afg‘onistondagi amerikalik xodimlar hayoti xavf ostida qoladigan bo‘lsa, harbiy javob qaytarilishini ma’lum qildi. O‘sha kuni “Tolibon” harakati Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anini, hukumat amaldorlari va afg‘on partiyalari yetakchilarini hamkorlikka chaqirdi. Unga ko‘ra, toliblar davlat rahbariga murojaat qilib, Afg‘oniston ma’muriyatdagi boshqa amaldorlar va siyosiy partiyalar rahbarlarini birgalikda ishlashga taklif qildi.

16 avgust. “Tolibon” vakillari Afg‘onistonda 20 yildan beri davom etayotgan urush tugaganini e’lon qildi.

17 avgust. “Tolibon” ayollarni bo‘lajak hukumatga qo‘shilishga chaqirdi. O‘sha kuni Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti Amrulla Solih kuchlari “Tolibon”ga qarshi hujumga o‘tib, Qobul shimolidagi Parvon viloyatining Chorikor tumanini qaytarib oldi.

18 avgust. Yevropa Ittifoqi “Tolibon”ning Afg‘onistondagi g‘alabasini tan oldi. O‘sha kuni AQSH ma’muriyati Amerika banklaridagi Afg‘oniston hukumatining davlat zaxiralarini “Tolibon” harakati vakillariga o‘tib ketmasligi uchun muzlatib qo‘ydi. Bundan tashqari, “Tolibon” Afg‘oniston fuqarolaridan barcha qurol-yarog‘ va o‘qdorilarni topshirishni so‘radi.

19 avgust. Ahmad Mas’ud “Tolibon”ga qarshi kurash uchun G‘arbdan yordam so‘radi. O‘sha kuni Afg‘oniston mustaqilligining 102 yoshga to‘lishi munosabati bilan deklaratsiya e’lon qilindi. Shu tariqa 2001 yilda AQSH va NATO harbiylari tomonidan qulatilgan Afg‘oniston Islom Amirligi qayta tiklandi.

“Tolibon” harakati Afg‘oniston poytaxti Qobulni egallagach, mamlakatda keskin vaziyat yuzaga keldi. Qator davlatlar Afg‘onistondagi diplomatlari va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilishni boshladi. O‘zbekiston mazkur jarayonda Germaniyaga yordam berdi. Qobuldan olib kelingan odamlar fuqarolik aviatsiyasi parvozlari orqali Toshkent aeroportidan Germaniyaga olib ketildi.

20 avgust. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an “Tolibon” Afg‘onistonda yangi hukumat tuzganidan keyin ular bilan muzokara o‘tkazishga tayyor ekanligini aytdi. O‘sha kuni Afg‘onistonning eng obro‘li shaxslaridan biri Marshal Abdul Rashid Do‘stumning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum boshchiligidagi otryad Afg‘onistonning Panjsher viloyatiga yetib keldi.

Shu kuni O‘zbekiston “Tolibon” rahbariyati vakillari bilan o‘zbek-afg‘on chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan Afg‘oniston fuqarolariga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq va ta’qiblarning oldini olish bo‘yicha kelishuvlar natijasida 150 nafar qochqinni o‘z xohishi bilan vataniga qaytardi.

21 avgust. Afg‘onistonning sobiq hukumati tarkibida Mudofaa vaziri bo‘lgan Bismilla Xon Muhammadiy qarshilik harakati kuchlari mamlakat shimoli-sharqidagi Bog‘lon viloyatining uchta tumanini “Tolibon”dan qaytarib oldi. Shu kuni “Tolibon” harakati siyosiy qanoti rahbari Abdul G‘ani Barodar hukumat tuzish masalasini muhokama qilish uchun Afg‘oniston poytaxti Qobulga keldi.

Shu kuni Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Ashraf G‘anining ukasi Hashmat G‘ani Ahmadzay “Tolibon”ga sodiqligini bildirib, qasamyod qildi.

22 avgust. “Tolibon” Panjsher viloyati rahbariyatiga taslim bo‘lish uchun to‘rt soat berdi. Biroq Ahmad Mas’ud taslim bo‘lishni istamadi. Shundan so‘ng 23 avgust kuni “Tolibon” Panjsher viloyatini egallash uchun yuzlab jangchilarini yubordi va o‘sha kunning o‘zida viloyatni qamal qildi.

23 avgust. “Tolibon” harakati jangarilari Afg‘onistonning Bog‘lon viloyatidagi uchta tumanda qarshilik harakati kuchlarini siqib chiqarib, nazoratni qaytarib oldi.

26 avgust. Afg‘oniston poytaxti Qobuldagi aeroport yaqinida va shahar atrofida jami 6 ta portlash sodir bo‘ldi. Portlashlar oqibatida 103 kishi halok bo‘ldi. 158 nafar inson jarohatlandi.

30 avgust. “Tolibon” harakatining oliy rahbari mulla Haybatulla Oxunzoda Afg‘onistonga keldi. Shu kuni “Tolibon” vakili Abdul Kahar Balxi jahon hamjamiyatini Afg‘oniston xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tan olishga va bu mamlakat bilan diplomatik aloqalarni rivojlantirishga chaqirdi. O‘sha kuni  BMT Xavfsizlik Kengashi “Tolibon” nazoratiga o‘tgan Afg‘onistondan xorijiy davlatlar fuqarolari va afg‘onlarning xavfsiz chiqib ketishini ta’minlash maqsadida Buyuk Britaniya va Fransiya hammuallifligida tayyorlangan rezolyutsiyani qabul qildi.

Rezolyutsiyaga ko‘ra, Afg‘oniston endi boshqa davlatlarga hujum qilish, terrorchilarni yashirish yoki o‘qitish, terrorchilik hujumlarini rejalashtirish yoki moliyalashtirish uchun tramplin sifatida foydalanilmasligi kerak.

31 avgust. Amerika Qo‘shma Shtatlari Afg‘onistondagi amerikaliklarni evakuatsiya qilishni yakunlab, barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketdi.

4 sentyabr. “Tolibon” harakati Matbuot kotibi Suhayl Shohin ayollarga qay holatda o‘qish va ishlash imkoniyatini berishini ma’lum qildi. Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati ayollarning Hirot viloyatidagi sanoat zonasiga kirishini taqiqladi.

6 sentyabr. “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona Panjsher viloyati egallandi. 7 sentyabr kuni “Tolibon” rahbarlari Afg‘onistonda muvaqqat hukumatni shakllantirdi.

9 sentyabr. Ashraf G‘ani o‘zining Twitter sahifasida Qobulni tark etish hayotidagi eng qiyin qaror bo‘lgani haqida yozib qoldirdi. U o‘z xalqini tashlab ketishga majbur bo‘lgani, mamlakatni tark etishi – Qobul va 6 million aholining hayotini saqlashning yagona yo‘li bo‘lganini aytib, afg‘on xalqidan kechirim so‘radi.

16 sentyabr. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha bayonot qabul qildi.

27 sentyabr. Ashraf G‘ani dunyo hamjamiyatini “Tolibon” bilan aloqa o‘rnatishga va mamlakatning moliyaviy aktivlarini blokdan chiqarishga chaqirdi.

Hozirgacha “Tolibon” tuzgan hukumatni hech bir davlat tan olgani yo‘q. AQSH va Jahon banki esa Afg‘onistonning xorijiy banklardagi davlat zaxirasini muzlatib qo‘ygan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan aktivlar yoki iqtisodiy resurslarga qo‘yilgan taqiqni olishga ruxsat berdi. Mamlakatning zaxiralari 10 mlrd dollardan ortiq ekani aytilmoqda.

Yuqoridagi voqealar aslida 40 yildan buyon dunyo hamjamiyatining e’tiborini o‘ziga qaratib kelayotgan Afg‘onistonning 2021 yilda ham “yilning porloq yulduzi” nomini olishiga sabab bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

207

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing