Fransiya YeIni Ozarbayjonga qarshi sanksiya qo‘llashga chaqirdi

Olam

image

Kecha, 17 yanvar kuni Fransiya Senati Yevropa Ittifoqini Ozarbayjonga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Rasmiy Baku bu haqda hozircha izoh bermagan.

Fransuz senatorlari Bakuning 2023 yil 19-20 sentyabr kunlari Qorabog‘da yashovchi arman aholisining chiqarib yuborilishiga olib kelgan harakatlarini qoralab, buning uchun Ozarbayjon javobgar bo‘lishi kerak, deb hisoblayapti. 

Biroq, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev joriy yilning 10 yanvar kuni mahalliy OAVlarga bergan intervyusida Ozarbayjon hukumati armanlarni Qorabog‘dan quvmaganini, ularga fuqarolik taklif qilib, mamlakatda yashash uchun ruxsat berganini aytgandi.

Xususan, rezolyutsiya mualliflari Baku bilan hamkorlik shartlarini qayta ko‘rib chiqish va Yevropaning Ozarbayjon gaziga qaramligini kamaytirishga chaqirgan.

Qaror loyihasi uchun 336 senator ovoz berdi, faqat bittasi qarshi chiqqan.

“Qorabog‘dagi arman aholisining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini hurmat qilish Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida barqaror tinchlik o‘rnatishning yagona yo‘lidir. Davlatlar bu huquqni hurmat qilish va himoya qilishga majburdir. Xalqaro hamjamiyat Ozarbayjondan Qorabog‘dagi arman aholisining qaytish huquqini, shuningdek, xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash uchun sa’y-harakatlarni talab qilishi kerak”, deyiladi rezolyutsiyada.

Shuningdek, hujjatda Armanistonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash haqida so‘z boradi va Ozarbayjon qo‘shinlarini Qorabog‘dan olib chiqib ketish talab etiladi.

Qo‘shimcha ravishda, rezolyutsiya mualliflari tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasining siyosiy yetakchilari hibsga olinishini qoralab, ularni zudlik bilan ozod etishni talab qilgan.

Fransiya Senati rezolyutsiyasida Bakuga nisbatan eng qattiq choralar ko‘rish, jumladan, Ozarbayjon mansabdor shaxslarining mol-mulkini musodara qilish hamda Ozarbayjondan gaz va neft importiga embargo joriy etish zarurligi qayd etilgan.

O‘z navbatida, Armanistonning Fransiyadagi elchixonasi o‘zining Facebook'dagi sahifasida Parijga Yerevanni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirib, Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa davlatlar ham Ozarbayjonga qarshi sanksiyalar qo‘llashidan umid qilgan.

Qorabog‘ mojarosi

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha hududiy bahs 1980 yillarning oxiridan beri davom etib keladi. Asosan etnik armanlar istiqomat qiladigan Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati Armaniston ko‘magida Ozarbayjon SSR tarkibidan chiqqanligini e’lon qildi va 1991 yil sentyabrda “Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi” tashkil etildi.

1988-1994 yillardagi qurolli mojarolar paytida mintaqada 30 ming kishi halok bo‘lgan. Tog‘li Qorabog‘ va Ozarbayjonning bir qancha qo‘shni viloyatlari amalda Armaniston qurolli kuchlari nazoratiga o‘tdi. Natijada yuz minglab odamlar, asosan, etnik ozarbayjonlar qochqinga aylandi, Xo‘jali genotsidi sodir bo‘ldi.

Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi BMTning hech bir davlati, jumladan Armaniston tomonidan rasman tan olinmagan. 1920 yilgi Parij Tinchlik Konferensiyasida ham Qorabog‘ taqdiri Ozarbayjon foydasiga hal qilingan. 1920 yilgi “sovetlashtirish”dan keyin ham Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon SSR tarkibida qoldirilgan. Hatto, 1923 yilda Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyat deb e’lon qilinganida ham u Ozarbayjon SSR tarkibiga kirgan. 1993 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qorabog‘ hududidan arman qo‘shinlarini olib chiqib ketish va hududni Ozarbayjon tarkibiga kirishini tan olishni talab qilib, to‘rtta rezolyutsiya qabul qildi.

2020 yil sentyabr oyi oxirida vaziyatning navbatdagi keskinlashuvidan so‘ng, Ozarbayjon Qorabog‘ atrofidagi hududlarni o‘z nazoratiga qaytardi va qadimiy va ramziy ahamiyatga ega Shusha shahrini egalladi. Shusha qo‘lga kiritilganining ertasiga Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonotni imzoladi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, ikki tomonning qo‘shinlari joylashgan hududlar belgilangan. Aloqa chizig‘i bo‘ylab Rossiya tinchlikparvar missiyasi joylashdi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.

2023 yil sentyabr oyining boshida armanlar tomonidan, 2020 yilda qabul qilingan shartnoma shartlariga qaramay Qorabog‘da uyushtirilgan soxta saylovlar ortidan o‘sha yilning 19 sentyabrida Ozarbayjon Respublikasi Qorabog‘da “aksilterror operatsiyasini” boshladi. O‘z navbatida O‘zbekiston hukumati ham bu saylovlarni tan olmadi. Voqealar esa o‘zini o‘zi e’lon qilgan soxta respublika hukumatining taslim bo‘lishi bilan yakunlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi sanktsiya Ozarbayjon Frantsiya Senati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing