Qorabog‘da 30 yil qotgan qon yoxud Ozarbayjon qanday g‘alaba qildi?
Tahlil
−
10 noyabr 2022
50021Urush, odamlarni uyini tark etishga, yaqinlarini qon ichida ko‘rishga, onani jigarporasidan ayrilishiga, ayollarni beva, farzandlarni yetim bo‘lishga sabab bo‘ladi. Ozarbayjon va Armanistonning uzoq tarixga borib taqaladigan nizolari 2020 yilning 27 sentyabr kuni yana olovlandi. 44 kun davom etgan Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar roppa-rosa 2 yil oldin, aniqrog‘i 2020 yilning 9 noyabrdan 10 noyabriga o‘tar kechasi Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya davlat rahbarlarining “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida”gi bayonotni imzolashi bilan yakuniga yetgandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Qorabog‘ kimga tegishli?
Qayd etish kerakki, 2020 yilning 27 sentyabr kuni Qorabog‘da harbiy harakatlar boshlanganida bir savol tez-tez muhokama mavzusiga aylandi: Qorabog‘ aslida kimga, qaysi davlatga tegishli? Tabiiyki, ushbu muhokamalarda Armanistonning ham, Ozarbayjonning ham tarafida turuvchi OAV yoki tarixchi olimlar yetarlicha topildi. Ba’zilar Qorabog‘da tarixan armanlar yashab kelganini iddao qilsa, boshqalar ushbu hududlar so‘zsiz ozarlarga tegishli ekanini ta’kidladi. Lekin ushbu muhokamalarda balandroq ovozga ega bo‘lgan boshqa bir dalil bor. Gap shundaki, jahon hamjamiyati Qorabog‘ni Ozarbayjonniki deb tan olgan. Agar biror bir hududning taqdiri u yerda qaysidir bir xalq yoki millatning yashagani bilan belgilanadigan bo‘lsa, unda dunyoning siyosiy xaritasi hozirgi ko‘rinishidan ancha farq qilish kerak bo‘ladi.
Jahon hamjamiyatida esa Qorabog‘ni Ozarbayjon hududi deb hisoblashi uchun yetarlicha huquqiy sabablar bor. Birinchi Jahon urushidan so‘ng, Kavkazortida katta ta’sirga ega bo‘lgan Buyuk Britiniya o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda, Qorabog‘ning Ozarbayjon tarkibida bo‘lishini ma’qul deb topgan. Shuningdek, 1920 yilgi Parij Tinchlik Konferensiyasida ham Qorabog‘ taqdiri Ozarbayjon foydasiga hal qilingan. 1920 yilgi “sovetlashtirish”dan keyin ham Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon SSR tarkibida qoldirilgan. Hatto, 1923 yilda Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyat deb e’lon qilinganda ham u Ozarbayjon SSR tarkibida qolgan.
Nega mojaro aynan 2020 yilda va kuzda avj oldi?
Janubiy Kavkaz bo‘yicha mutaxassislar Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida faol harbiy harakatlarning 2020 yil kuzida boshlanlanishiga ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlaydi. Jumladan, ushbu davrga kelib Ozarbayjon Armanistonga nisbatan katta harbiy ustunlikka ega bo‘ldi. Xususan, 2000-yillarda neft sanoati rivojlanishidagi “bum” va olingan katta daromadlar Ozarbayjonga yaxshi tayyorlangan va qurollangan armiya tashkil qilishga yordam berdi.
Suriya va Liviyadagi mojarolarga muvaffaqiyatli aralashuvidan so‘ng Turkiyaning mintaqadagi ta’siri keskin oshgandi. Yaqin ittifoqchi hisoblangan rasmiy Anqaraning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashi Ozarbayjon rahbariyatida muvaffaqiyatga erishishga ishonch uyg‘otdi.
Boshqa tomondan dunyoning yetakchi davlatlari koronavirus inqirozi bilan ovora bo‘lib qolgandi. Xususan, pandemiyadan chuqur aziyat chekayotgan Qo‘shma Shtatlarda boshqa masala – prezidentlik saylovlari siyosiy rahbariyatning asosiy e’tiborida bo‘lib turgandi. Bundan tashqari, Donald Trampning boshqaruvi davrida rasmiy Vashington tashqi siyosatda ko‘proq proteksionizmni qo‘lladi. Shu bilan birga, AQSHning e’tibor markazida Qorabog‘dagi mojaro emas, balki Xitoy bilan raqobat turardi.
Yevropa Ittifoqiga keladigan bo‘lsak, ittifoq bu masalada mintaqada katta ta’sirga ega emasligini ochiq-oydin tan olgan. Bundan tashqari, YeI muammoni hal qilishni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1992 yilda tuzilgan “Minsk guruhi”ga (Rossiya, Fransiya, AQSH) tashlab qo‘ygandi. Biroq qariyb 30 yildan buyon ushbu guruh nizoni hal etish uchun aniq qadam tashlamagan.
Nihoyat, ko‘pchilik ekspertlar Qorabog‘ tog‘li joy ekanligini, qish kelishi bilan harbiy texnikani harakatlantirish qiyinlashishi, shu sababli yo‘llar qor ostida qolishidan oldin operatsiya o‘tkazish Ozarbayjon uchun eng ma’qul yo‘l bo‘lganini ta’kidlagan.
Rossiya Qorabog‘ mojarosida dovdirab qoldimi?
Rossiya ham Armaniston, ham Ozarbayjon bilan ko‘p asrlik tarixga ega. Bundan tashqari, har ikki respublika bir vaqtlar SSSR tarkibida bo‘lgan. Shu bilan birga, geografik jihatdan ular Kavkazortida, aniqrog‘i Rossiyaning shundoqqina “biqini”da joylashgan.
Rossiya har ikki davlatga ham qurol-yarog‘ yetkazib beradi. Bundan tashqari, u YeXHT “Minsk guruhi”ning hamraisi hisoblanadi. Aynan ushbu guruh uzoq yillardan beri Qorabog‘ mojarosiga yechim topa olmadi.
Rossiya kompaniyalari Armanistonda yirik iqtisodiy aktivlarga ega bo‘lsa, Ozarbayjonda neft sanoatiga sarmoya kiritgan. Nafaqat Armaniston, balki Ozarbayjonning ham ko‘p sonli fuqarolari Rossiyada ishlaydi. Ozarbayjonning o‘zida ham rus millatiga mansub bo‘lganlar yetarlicha topiladi. Taxminlarga ko‘ra, Rossiya shu sabablarga ko‘ra Baku yoki Yerevanni qo‘llab-quvvatlash borasida aniq pozitsiyani egallay olmagan.
Yana shuni qayd etish kerakki, Armaniston hududida Rossiyaning yirik harbiy bazasi joylashgan. Bundan tashqari, Rossiya va Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zodir. Bu esa harbiy harakatlar vaqtida ittifoqchilar bir-biriga yordam berishi kerakligini anglatadi. Mag‘lub bo‘lgan Armaniston Ozarbayjonga qarshi urushda ushbu tashkilotga a’zoligidan umid qilib, Rossiyadan harbiy yordam kutgan bo‘lishi mumkin. Biroq yakunda barchasi boshqacha bo‘ldi. Harbiy harakatlar bevosita Armaniston hududida kechmagani uchun, Kremldagilar qo‘llarini cho‘ntagidan chiqarmay, yelka qisib turaverdi. Vaholanki, Moskvaga biror bir siyosiy-harbiy jarayonda ishtirok etish uchun “bahona” topish muammo emas, xohish bo‘lsa, bas. Buning uchun Qorabog‘dagi harbiy harakatlar vaqtida Ozarbayjon tomonidan Rossiya harbiy vertolyotining urib tushirilishining o‘zi ham yetarli bo‘lgan bo‘lardi. Ustiga-ustak, vertolyot bilan bog‘liq hodisa o‘z ortidan hech qanday savollar qoldirmagandi. Chunki Ozarbayjon tomoni aybni o‘z bo‘yniga olib, uzr so‘rashga ham ulgurgandi.
Rossiyaning harakatsizligiga boshqa bir omil ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu Ozarbayjonni ochiqchasiga va yaqindan qo‘llab kelayotgan Turkiyadir. Gap shundaki, Turkiya NATOning a’zosi hisoblanadi. Avvalboshda ushbu davlatning o‘zi yirik harbiy kuchga ega. Boz ustiga, uning ortida turgan AQSH yetakchiligidagi 30 ga yaqin davlatlarni birlashtirgan harbiy alyansni gapirmasa ham bo‘laveradi. Rossiyaning Qorabog‘ urushiga kirishi ushbu mintaqaviy muammoni global darajaga olib chiqishi mumkinligi, ehtimol, rasmiy Moskvani ham o‘ylantirgandir.
To‘g‘ri, Rossiya Qorabog‘ urushi yakunlarida ushbu mojaroni hal qilishda vositachi vazifasini bajardi. Prezident Putin urush yakunida ishlab chiqilgan uchtomonlama tinchlik kelishuvini imzolashda qatnashdi. Bundan tashqari, Rossiyaning qariyb 2 mingga yaqin tinchlikparvar kontingenti Tog‘li Qorabog‘ mojarosi zonasida, aloqa chizig‘i bo‘ylab joylashtirildi. Biroq, buni rus OAV kabi “Rossiya diplomatiyasining g‘alabasi” deb baholash qanchalik to‘g‘ri, xulosa o‘zingizdan. Boshqa tomondan, Rossiyaga nisbatan ishonchli ittifoqchi sifatidagi qarash xira tortgani aniq.
Turkiyaning Tog‘li Qorabog‘ urushidagi o‘rni yoxud “bir millat, ikki davlat” siyosati
Turkiya va Ozarbayjon xalqlari bir-biriga yaqin tarixiy va madaniy rishtalar bilan bog‘langan, ular bir til oilasiga mansub onado‘li turkchasida gaplashadi. Siyosiy jihatdan Turkiya har doim Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlagan, ayniqsa, SSSR parchalanganidan keyin.
Bundan tashqari, Tukriya va Ozarbayjon qaysidir ma’noda umimiy dushmanga ega. Bu – Armaniston. Ozarlar va armanlar o‘rtasidagi sovuqchilik Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘liq bo‘lsa, Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi nodo‘stona munosabatlar “Armanlar genotsidi” hamda bu borada Anqaraga “otilayotgan toshlar” va ayblovlar bilan bog‘liq. Qayd etish kerakki, Turkiya SSSRdan ajralib chiqqan Armanistonni birinchilardan bo‘lib tan olgan bo‘lsa-da, haligacha ikki o‘rtada diplomatik aloqalar o‘rnatilmagan. Ikki davlat 311 kilometrli umumiy chegaraga ega bo‘lishiga qaramay, ular na avtomobil va na temir yo‘l bilan bog‘langan. O‘zaro savdo esa Gruziya hududi orqali amalga oshiriladi.
Turkiya ikki davlat bilan o‘ta farqli munosabatda ekani ma’lum. Tog‘li Qorabog‘ mojarosidagi rasmiy Anqaraning roli ham shu bilan bog‘liq. Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
Ikkinchi Qorabog‘ urushining yakunlari
Ozarbayjon 2020 yilning 27 sentyabridan 10 noyabriga qadar davom etgan Ikkinchi Qorabog‘ urushida Armaniston ustidan ishochnli g‘alabaga erishdi. Birinchi Qorabog‘ urushida (1992-1994 yillar) yo‘qotilgan hududlarni qaytarib olindi. Buning ortidan Ozarbayjonda bayram va tantana, Armanistonda esa ommaviy mitinglar boshlanib ketdi.
2020 yil 10 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon yetakchilari Vladimir Putin, Nikol Pashinyan va Ilhom Aliyev kelishuvga erishdilar, unga ko‘ra mojaro tomonlari – Yerevan va Baku o‘zaro harbiy harakatlarni amaldagi pozitsiyasida to‘xtatdi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
Kalbajar, Lochin va Ag‘dam tumani Ozarbayjon nazoratiga o‘tdi. Shuningdek, Ozarbayjon qo‘shinlari Shusha shahri, Qubadli, Zangilon, Fuzuli va Jabroil tumanlarini ozod qildi.
O‘z navbatida, Armaniston Qurolli Kuchlarini Qorabog‘dan olib chiqib ketdi. O‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlash uchun Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqaga kirdi. Ular, jumladan, hududni minalardan tozalash bilan shug‘ullandilar. Shuningdek, ularning vositachiligida mojaro tomonlari harbiy mahbuslarni almashdi. Rossiyalik harbiy xizmatchilar Qorabog‘da kamida 2024 yilgacha qoladi. Ular har uch tomonning roziligi bilan mintaqada yana 5 yilga qolishi mumkin.
LiveBarchasi