BMT Qorabog‘dagi armanlarga nisbatan zo‘ravonlik qilinganiga dalil topmadi
Olam
−
03 Oktabr 2023
2816Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qorabog‘dagi delegatsiyasi arman tinch aholisiga nisbatan zo‘ravonlik va mintaqadagi fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilinishi bo‘yicha hech qanday dalil topmadi. Bu haqda BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Ozarbayjon hukumati taklifiga binoan BMT delegatsiyasining Qorabog‘ mintaqasiga tashrifi davomida insonparvarlik ehtiyojlarini aniqlashga harakat qilingan. Jumladan, delegatsiya tarkibiga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi (UNHCR) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (UNOCHA) vakillari kiritilgan.
Delegatsiya Lochin chegara punkti va Xonkendi shahrida tekshiruvlar o‘tkazgan.
“Delegatsiya arman tinch aholisiga nisbatan zo‘ravonlik isboti topilmaganini va ularning fikricha, mintaqadagi fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilinmaganini ma’lum qildi”, deydi Dyujarrik.
BMT vakilining qo‘shimcha qilishicha, shifoxonalar, maktablar, uylar va diniy-madaniy markazlarga hujum qilinmagan. Ozarbayjon hukumati uzluksiz tibbiy xizmatlarni tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni boshlagan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va hayvonlarga zarar yetkazilmaganini ta’kidlagan.
Stefan Dyujarrik delegatsiyaning arman jamiyati vakillari bilan ham uchrashganini aytgan. Mintaqada ishonchni tiklash muhimligiga to‘xtalgan BMT rasmiysi bunga erishish uchun tomonlar sa’y-harakatlari zarurligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabriga o‘tar kechasi Qorabog‘da Armaniston Qurolli kuchlarining qo‘poruvchi-diversiv guruhi tomonidan o‘rnatilgan tankka qarshi mina portlab ketishi ortidan olti nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgandi. O‘sha kuni Baku “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. 28 sentyabr kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi uning rahbari Samvel Shahramanyan tomonidan imzolangan farmon bilan tugatildi. Shundan so‘ng, Armaniston Qorabog‘dagi armanlarga nisbatan irqiy kamsitishlar ayblovi bilan Ozarbayjonga qarshi Gaaga xalqaro arbitraj sudiga da’vo arizasi kiritdi. Ozarbayjon tomoni mazkur holatga izoh berib, da’voning asossiz va bema’ni ekanini bildirdi. 29 sentyabr kuni Ozarbayjon BMT missiyasini Qorabog‘ga taklif qildi va BMT delegatsiyasi tan olinmagan va tugatilgan Tog‘li Qorabog‘ga bordi.
LiveBarchasi