Bayramov Yerevanni hududiy da’volardan voz kechishga chaqirdi

Olam

image

Baku va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlarning normallashuvi Armanistonning o‘z Konstitutsiyasida Ozarbayjonga nisbatan aks ettirilgan hududiy da’volarni o‘chirishiga bog‘liq. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Maltada bo‘lib o‘tgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 31-yig‘ilishida so‘z ochdi.

“Erishilgan yutuqlarga qaramay, normallashuv yo‘lida hal qilinmagan muammolar mavjud. Ushbu jarayonning yakunlanishi Armaniston tomonidan Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlarning amalda bajarilishiga, shu jumladan konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlarida hanuzgacha aks ettirilgan hududiy da’volarni o‘chirishga bog‘liq”, dedi vazir.

Bayramovga ko‘ra, Armaniston Konstitutsiyasida Ozarbayjonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishga shubha bilan qarash davom etar ekan, ikki mamlakat o‘rtasida tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari barqaror bo‘la olmaydi.

“Yerevan ikki tomonlama kelishuvni amalga oshirishni ichki huquqiy yoki siyosiy ssenariylarga bog‘lashi bu jarayonni murakkablashtiradi”, deydi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Ozarbayjon va Armaniston tarixiy qarama-qarshilikni tugatish va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘lib turgan bir paytda, barcha sa’y-harakatlar suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro hurmat asosida normallashuv jarayonini yakunlashga qaratilishi zarur.

“Ozarbayjon bu masalada qat’iyatli va Armaniston tomonidan ham javob beruvchi siyosiy iroda va mas’uliyatni kutmoqda”, dedi Bayramov.

Shu bilan birga, u tinchlik kelishuvining loyihasi ustida olib borilayotgan ishda sezilarli progressga erishilganini ta’kidladi. Xususan, bu yutuqlar bevosita ikki tomonlama muzokaralar normallashuv jarayonida oldinga siljishning eng yaxshi va yagona hayotiy yo‘li ekanini yaqqol namoyish etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan davlat televideniyesiga bergan intervyusida Yerevan o‘zaro kelishuv asosida Bakuga qarshi xalqaro da’volardan voz kechishga tayyor ekanini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Armaniston Jayhun Bayramov hududiy da'vo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing