Shols Ukrainaga ko‘proq sarmoya kiritishga chaqirdi
Olam
−
12 dekabr
273Kecha, 11 dekabr Germaniya federal kansleri Olaf Shols Germaniya-Ukraina iqtisodiy forumi ochilish chog‘ida nemis kompaniyalarini Ukrainaga ko‘proq sarmoya kiritishga chaqirdi. Bu haqda “Ukinform” xabar berdi.
Shols Ukrainaga investitsiyalarni “Yevropa Ittifoqining kelajakdagi a’zosiga sarmoya” deb baholagan.
“Agar siz bugun va kelgusi yillarda Ukrainaga sarmoya kiritsangiz, demak, siz Yevropa Ittifoqining bo‘lajak a’zosiga sarmoya kiritasiz", degan u.
Shuningdek, u Germaniya va Ukraina o‘rtasidagi birinchi qo‘shma korxonalar mudofaa sanoatida allaqachon paydo bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
“Menimcha, bu dinamik ravishda davom etishi kerak”, degan Shols.
Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, urushdan keyin Yevropa Ukrainadagi iqtisodiy o‘sish sur’atlari va rivojlanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
Uning ta’kidlashicha, Germaniya iqtisodiyoti ushbu muvaffaqiyatli qadamlarida katta rol o‘ynaydi va katta foyda ko‘radi.
Umumiy olganda, Ukrainada 2000 ga yaqin nemis kompaniyasi ishlaydi. Kansler Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishidan oldin hali ko‘p yo‘l bosib o‘tishi kerakligini ta’kidlagan.
Shuningdek, u nutqi davomida Ukrainaga 70 million yevro miqdorida qo‘shimcha “qish” yordami ajratilishini e’lon qilgan. Bu yordam kichik issiqlik elektr stansiyalari, qozonxonalar, generatorlar va quyosh tizimlarining ishlashini qo‘llab-quvvatlash uchun.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kiyev rasmiylari ukrainalik qochqinlarning Germaniyada ish topishida yordam bermoqchiligi xabar qilingandi.