Zelenskiy ham Gruziya hukumati rahbarlariga sanksiyalar kiritdi
Olam
−
05 dekabr
2430Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy muxolifat noroziliklarini tarqatgani uchun Gruziya hukumati rahbarlariga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti saytida e’lon qilindi.
“Bu sanksiyalar hozirda Gruziyani Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga taslim qilayotgan hukumatning bir qismiga qarshi kiritilgan”, dedi Zelenskiy.
Qayd etilishicha, sanksiyalar 19 kishiga qo‘llangan. Jumladan, “Gruziya orzusi” partiyasining asoschisi, milliarder Bidzina Ivanishvili, Bosh vazir Irakli Kobaxidze, Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Grigol Liluashvili, Tbilisi meri Kaxa Kaladze, shuningdek, bir qator sudyalar va Gruziya parlamenti deputatlari sanksiyaga uchragan.
Shuningdek, Zelenskiy AQSH, Yevropa Ittifoqi va Ukrainaning boshqa hamkorlarini “tamoyillarga asoslanib”, Gruziya hukumatiga qarshi sanksiyalarni kiritishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar bu amalga oshmasa, Gruziya “o‘nlab yillar yo‘qotadi” va erkinlikdan mahrum bo‘ladi.
“Bu mintaqada hech kimni yo‘qotmaslik kerak – na Gruziyani, na Moldovani, na Ukrainani. Birgalikda Moskvaga qarshi himoyalanish zarur”, dedi Ukraina Prezidenti.
Ma’lumot uchun, joriy yilning oktyabr oyida “Gruziya orzusi” partiyasining parlament saylovlarida g‘alaba qozonishi ortidan mamlakatda norozilik namoyishlari boshlangandi. Vaziyat noyabr oyining oxirida Bosh vazir Irakliy Kobaxidze Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlashni 2028 yilgacha qoldirish qarorini e’lon qilganidan so‘ng yanada keskinlashdi.
Namoyishchilarni Gruziya amaldagi Prezidenti Salome Zurabishvili ham qo‘llab-quvvatlamoqda. U shaxsan norozilik namoyishlariga chiqib, parlamentni noqonuniy deb atadi hamda vakolatlarini topshirishdan bosh tortishini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva va Estoniya Gruziyaning 11 nafar yuqori martabali rahbarlariga, jumladan, Gruziya Ichki ishlar vaziri Vaxtang Gomelauri hamda “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi asoschisi Bidzina Ivanishviliga o‘z hududlariga kirishni taqiqlagan edi.
Shuningdek, Vashington ma’muriyati Gruziya hukumatiga qarshi yangi choralar, jumladan, qo‘shimcha cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda.
LiveBarchasi