28 yillik bosqindan “tinkasi qurigan” Shusha bugun qanday ahvolda? (fotoreportaj)
Olam
−
08 noyabr 2021
13254Shusha – Ozarbayjonning madaniy poytaxti hamda “Qorabog‘ marvaridi”. Qariyb 300 yillik tarixga ega mazkur shahar bundan roppa-rosa bir yil avval armanlardan ozod etilgandi. Ozarbayjon xalqi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan shahar 28 yil arman istilosidan aziyat chekdi.
O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari orasidan QALAMPIR.UZ jurnalisti birinchilardan bo‘lib chorak asrlik bosqindan ozod bo‘lgan shaharga bordi va uning bugungi ayanchli ahvolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Afsuski, u yerda birorta ham vayron qilinmagan uy yoki imorat qolmagan. O‘tgan bir yilda Ozarbayjon hukumati shahardagi ba’zi binolarni tezlikda ta’mirlab, foydalanishga yaroqli holga keltirganini inobatga olmasa, Shushada foydalanishga yaroqli inshoot deyarli topilmaydi.
Shahardagi tarixiy binolar yo butkul vayron qilingan, yo chorva mollari, xususan, cho‘chqalar boqiladigan joyga aylantirilgan. Ozarbayjon xalqi uchun ko‘z qorachig‘idek qadrli bo‘lgan shahar qanday ozod qilingandi?
Shusha uchun janglar
Strategik muhim ahamiyatga ega Shushaning Ozarbayjon armiyasi tomonidan ozod qilinishi operatsiyasi ikkinchi Tog‘li Qorabog‘ urushining eng muhim qismi bo‘lgan deyish mumkin.
Gap shundaki, Shusha tog‘li hududda joylashgan. Shaharga birgina yo‘l bilan borish mumkin. Ozarbayjon armiyasi Jabroil, Gadrut, Zanjilon, Fuzuli va Kubatli shaharlarini egalladi. Bu ularga Shusha va Stepanakert (Xonkendi)ni Armaniston bilan bog‘lovchi Lochin shossesiga yo‘l ochdi. 6 noyabrda Ozarbayjon piyoda askarlari Shushaga ilk hujumni boshlab, muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Keyin og‘ir texnikadan hujumga o‘tildi. 7 noyabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi Shusha uchun keskin janglar davom etayotganini ma’lum qildi. Shu kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev qator qishloqlar ozod qilinganini e’lon qildi.
Ozarbayjon askarlari pichoqlar yordamida ko‘tarilgan tepalik
Bu vaqtga kelib, Shushadagi arman kuchlari anchayin kuchsizlanib qolgandi va ular shaharga faqatgina bitta yo‘ldan kelish mumkinlgiga ishonib, mudofaa kuchlarini shu yo‘nalishga safarbar qilgandi. Shunday sharoitda Ozarbayjon armiyasining maxsus topshiriqlar bo‘linmasi bir qarashda imkonsizdek ko‘ringan ishni uddaladi. Ular og‘ir texnikalarsiz Shushani o‘rab turgan tog‘larga tirmashib chiqib, armanlarning ortidan hujumga o‘tdi va shaharni egalladi. Aytishlariga qaraganda, Ozarbayjon maxsus bo‘linma kuchlari va armanlar o‘rtasida qurolsiz kurashlar ham bo‘lgan va jangdan keyin ko‘plab armanlar o‘qotar quroldan emas, pichoqdan jarohatlangani aniqlangan.
Shushaning egallanishi ikkinchi Qorabog‘ urushida burilish nuqtasi bo‘ldi. 9 noyabr – shahar egallanganidan bir kun o‘tib, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin urushni to‘xtatish to‘g‘risida uch tomonlama bayonnoma imzoladi. Urush tugadi.
Shusha bugun qay ahvolda?
Shushani qaytarib olgan Ozarbayjon askarlari vayronalar bilan yuzlashgan. Shaharning asl egalari qaytayotganini bilgan armanlar 30 yil davomida yashagan joylarini ham vayron qilgan, ekkan daraxtlarini chopib tashlagan.
Shahar Ozarbayjonga qaytgach, shaharda infratuzilmani tiklash boshlandi. Dastlab, Baku bilan bog‘lovchi yo‘l qurildi. So‘ng shahardagi ahvoli nisbatan yaxshi binolar ta’mirlanib, mehmonxonaga aylantirildi.
Armanlar Shushada o‘zining naqadar buzg‘unchi va madaniyat dushmani ekanini ko‘rsatgan. Shahardagi Qorabog‘ tarixiga doir haykallar buzib tashlangan, ba’zilari sotib yuborilgan. Ozarbayjon Gruziyaga sotib yuborilgan haykallardan bir nechtasini sotib olib, o‘rniga qaytargan.
Shahardagi abgor ahvolga keltirilgan yana bir bino – bu Qorabog‘ning so‘nggi malikasi Xurshidbonu Notavonning uyi. Malikaning uyidan devorlargina qolgan.
Shushada masjidlar ham oyoqosti qilingan. Masjidda chorva mollari boqilgan. Shunday masjidlardan biri 1874 yilda bino qilingan Ashag‘i Gavhar og‘a masjidi (Aşağı Gövhər ağa məscidi) ham foydalanishga yaroqsiz holga kelgan. Shahar armanlardan ozod qilingach, Ilhom Aliyev Ashag‘i Gavhar og‘a masjidiga Qur’oni Karimni sovg‘a qilgan.
Qorabog‘ Malikasi Xurshidbonu Notavon
Ozarbayjonda “Qorabog‘ marvaridi” – Shushaning ozod qilinishi munosabati bilan 2020 yilning 1 dekabrida mamlakat prezidenti imzolagan qonun bilan “Shushani ozod qilgani uchun” medali ta’sis etildi. Ushbu medal Shushani ozod qilish jangida qatnashganlarga topshirilishi belgilandi.
Xurshidbonu Notavonning uyi
Bugungi kunda ushbu shaharda keng ko‘lamli qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Ahamiyatlisi, hozircha shaharda qurilish va xavfsizlikka aloqador bo‘lganlardan boshqa hech kim yashamaydi. 30 yil davomida armanlar mahalliy aholini quvib, ularning uylarini egallagandi.
Ikkinchi Qorabog‘ urushi
2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi. Butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon Qurolli Kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillaridan chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Prezidenti xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Noyabr oyiga kelib Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi muhim hududlarni, jumladan, strategik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan Shusha shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Ushbu harbiy harakatlar 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida imzolangan qo‘shma bayonot bilan o‘z yakuniga yetdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta hududni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.
Gavhar og‘a quyi masjidi
Gavhar og‘a quyi masjidi
Gavhar og‘a quyi masjidi
Gavhar og‘a yuqori masjidi
LiveBarchasi