Shushada TDT davlat rahbarlarining norasmiy sammiti boshlandi
Olam
−
06 iyul
5182Ozarbayjonning Shusha shahrida Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) davlat rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy darajadagi norasmiy uchrashuvda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, shuningdek, Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi rahbari (tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega) Ersin Tatar, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban qatnashmoqda.
Ma’lumot uchun, TDT norasmiy sammitining mavzusi “transport aloqalari va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash orqali barqaror kelajakni qurish” bo‘ladi.
O‘rta yo‘lak va boshqa transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, Ozarbayjon 11-22 noyabr kunlari qabul qiladigan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha asosiy konvensiyasi (COP 29) tomonlarining 29-konferensiyasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilinadi.
Uchrashuv TDT doirasida va Qorabog‘ deklaratsiyasi loyihalari bo‘yicha bir qator qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6 iyul kuni Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammiti doirasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Azizbek Eshmamatov
LiveBarchasi