O‘zbekistonda rekordga chiqqan dollar, eng beqaror valyutaga aylangan rubl, Putin ustiga yog‘ilayotgan sanksiyalar – yangiliklar dayjesti

Tahlil

image

Yakuniga yetayotgan 22 fevral O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar yuz bergani bilan yodda qolmoqda. Biroq duyoning diqqat markazi Rossiya va Ukrainaga qaratilgan. Putinning 21 fevraldan 22 fevralga o‘tar kechasi DXR va LXRni tan olish to‘g‘risida qabul qilgan qarori, butun dunyoni larzaga keltirdi. Oqibatda birgina rossiyalik oligarxlarning o‘zi 8 milliard dollar zarar ko‘rdi.

QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim voqealari qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

Rasman: avtomobil importi uchun boj pasaytirildi, ammo...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 21 fevral kuni “Avtotransport vositalarining ichki bozori rivojlanishini rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra:

Avtomobillar olib kirishda bojxona to‘lovlari stavkalari ikki bosqichda pasaytiriladi. Hujjat imzolangan paytdan boshlab 2023 yil 1 yanvarga qadar bojlar ikki yoki undan ortiq baravarga qisqartiriladi. Bunda avtomobil dvigateli quvvati bo‘yicha qo‘shimcha koeffitsiyent miqdori ham qisqartiriladi. Avtomobil dvigatelining har bir kub sm uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar ham 2023 yil 1 yanvardan ikki barobarga pasayadi.

DXX Tojikistondan qariyb 6 kg narkotik olib kirayotgan shaxsni ushladi

Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Namanganda giyohvand moddalari aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 7 kilogramga yaqin turli xil narkotik va ko‘p miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori musodara qilindi.

DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Uzun tumanida yashovchi, 1991 y.t. fuqaro davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Tojikiston Respublikasidan 5 kg 593 gr. “opiy” moddasini mamlakatga olib kelgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning Uzun tumanida yashovchi, 1986 y.t. jinoiy sherigi hamda ushbu ajal og‘usining buyurtmachilari hisoblangan, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1985 va 1990 yillarda tug‘ilgan aka-uka ham ushlangan.

Tijorat banklarida dollar kursi rekord darajada ko‘tarildi

Bugun, 22 fevraldan O‘zbekistondagi tijorat banklarida AQSH dollarining sotuv kursi 10 945 so‘mgacha ko‘tarildi. Bu mamlakatda dollar kursi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

O‘z navbatida, tijorat banklari AQSH dollarini 10 840-10 860 so‘m oralig‘ida sotib olmoqda.

Qashqadaryoda bloger hibsga olindi. U firibgarlikda ayblanmoqda

Qashqadaryoda muqaddam sudlangan, 10 yildan ortiq muddatda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab chiqqan blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs boshqa bir fuqarodan 3 sotix yer olib berish evaziga 7 million so‘mni olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, G‘uzor tumanida yashovchi M.Sh. o‘zini shahar va tuman hokimiyatlarida tanishlari ko‘pligini, mansabdor tanishlari orqali yer maydonlarini olib berishni va’da qilib, viloyatda yashovchi fuqarolar ishonchiga kirgan. 

Jumladan, M.Sh. kecha, 21 fevral kuni Chiroqchi tumani hokimligidagi tanishi orqali maishiy xizmat ko‘rsatishga ajratilgan manzildan 3 sotix yerni olib berish evaziga Qarshi shahridagi choyxonalardan birida fuqaro E.O.dan 7 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtda ushlangan. 

Qarshida aviakompaniya yolg‘oni sabab 150 kishi aeroportda to‘plandi

Bugun, 22 fevral kuni reys amalga oshiriladigan aeroport borasida yo‘lovchilarga chalkashtiruvchi ma’lumot berilgani oqibatida Qarshi havo bandargohida odamlar to‘plandi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” AJ xabar qildi.

Kompaniya xabariga ko‘ra, Moskvaga uchib ketish uchun otlangan yo‘lovchilar bugun tongda Qarshi aeroportiga to‘plana boshlagan. Mahalliy vaqt bilan soat 08:00 ga kelib, aeroportga 150 ga yaqin odam to‘plangan.

Vaholanki ushbu aeroport jadvalida bunday parvoz bo‘lmagan. Rossiyaning “Red Wings” aviakompaniyasining VZ-4492 parvozi Qarshi emas Navoiy aeroportidan soat 15:00 da amalga oshirilishi belgilangan.

Buxoroda YTH! Qurbonlar bir emas, bir nechta

Joriy yilning 20 fevral kuni Buxoro aeroporti tomonidan Kogon tumaniga ketish yo‘lida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oqibatda bir necha kishi vafot etdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea taxminan soat 22:10 da Buxoro shahar “Gulchorbog‘” mahallasidan o‘tuvchi 4R/69A avtomobil yo‘lida yuz bergan. R.A. ismli shaxs o‘z boshqaruvida bo‘lgan Cobalt avtomobilini Buxoro aeroporti tomonidan - Kogon tumaniga tomon boshqarib borib, yo‘lning 1-kilometriga yetganida, o‘zidan oldinda u bilan bir yo‘nalishda harakatlanib borayotgan, fuqaro J.Sh. boshqaruvidagi Matiz avtomobilining orqa tomonidan urib yuborgan.

Andijon shahar hokimi davlatga qariyb 2 mlrd zarar yetkazganlikda ayblanmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda shahar hokimi Bahrom Haydarov 8 ta holatda jami 19 618 kvadrat metr yer maydonini noqonuniy ajratish orqali davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazganlikda ayblanayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov QALAMPIR.UZ'ga Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan Xalk deputatlari Andijon viloyat kengashiga takidimnoma kiritilganini ma’lum qildi. 

Matbuot kotibiga ko‘ra, holat bo‘yicha joriy yilning 3 fevral kuni Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida deputat va shahar hokimi Bahrom Haydarovni tergovga jalb qilish maqsadida Andijon viloyati prokuraturasiga taqdimnoma kiritilgan. 

O‘zbekistonlik Umra ziyoratchilariga yana 10 ming o‘rin ochiladi

Hozirgi kunda dunyo bo‘yicha Umra ziyoratiga boruvchilarning eng ko‘pini o‘zbekistonlik ziyoratchilar tashkil etmoqda. Mamlakatda umrachilar soni 10 ming nafarga yetdi, yana boradiganlar bo‘lsa, shuncha o‘rin yaratiladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov ma’lum qilmoqda.

“Hozirgi kunda dunyo bo‘yicha Umra ziyoratiga boruvchilarning eng ko‘pini o‘zbekistonlik ziyoratchilar tashkil etmoqda. Hatto, Malayziyadan kelganlardan ham ko‘p ekan. Shu kecha kunduzda umrachilarning soni 10 mingga yetdi. Bundan keyin ham ziyoratchilar soni ortib boraveradi, yana qancha boradiganlar bo‘lsa, shuncha o‘rin beriladi”, deydi muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov Nukus shahridagi “Imom Eshon Muhammad” jome masjidiga tashriflari chog‘ida.

Faqat osh bilan ma’rakaga boradigan mahalla raislari kerak emas – Shavkat Mirziyoyev

Yangi O‘zbekistonga faqat osh bilan ma’rakaga boradigan mahalla raislari kerak emas. Endi “yaxshi mahalla raisi” deb ta’rif berilganlarning mahallasida qancha ishsiz, qancha kam ta’minlangan oila, qancha nogironligi bor shaxslar yashashishiga qarab, ularning mehnatiga baho beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18 fevral kuni poytaxt Toshkentdagi “Toshkent indeks” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasida o‘tkazilgan uchrashuvda gapirgan. 

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda Yaponiya hamda qator rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish kerakligini ta’kidlab, mahalla raislari faoliyatini tanqid qildi.

Olam

Putin DXR va LXR mustaqilligini tan oldi

Kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Jarayon jonli efirga uzatildi.

Farmonni imzolash marosimida LXR va DXR rahbarlari ham ishtirok etdi.

“Men uzoq vaqtdan buyon kechiktirilgan qarorni qabul qilishni zarur deb hisoblayman – Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasining mustaqilligi va suvereniteti zudlik bilan tan olinadi”, degan Putin telemurojaati chog‘ida.

Bayden DXR va LXRga qarshi sanksiya joriy qildi

AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya tomonidan o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini (DXR va LXR) tan olinishi munosabati bilan ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Farmon Oq uy saytida e’lon qilingan.

“Rossiya Federatsiyasi tomonidan Ukraina hududi hisoblanuvchi “Donetsk xalq respublikasi” (DXR) yoki Lugansk xalq respublikasi (LXR) ning tan olinishi Rossiyaning Minsk kelishuvlari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlariga zid bo‘lib, tinchlik, barqarorlik, suverenitet va hududiy yaxlitlikka tahdid soladi. Va shu tariqa AQSHning milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga noodatiy va favqulodda tahdidni ifodalaydi”, deyiladi farmonda.

“Qora dushanba”. Yirik rus kompaniyalari Putinning qaroridan “larzaga keldi”

Rossiya Federatsiyasi fond bozori Donbassdagi vaziyatning harbiy keskinlashuvi tufayli “Moskva birjasi” va RTS indekslari bo‘yicha 2020 yil noyabr oyidagi darajaga tushib, o‘z tarixida yangi “qora dushanba”ga kirdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bergan.  

Indekslarning orqaga qaytish ko‘lami COVID-19 pandemiyasining boshida — 2020 yil mart oyidagi qulashni qayta qayd etdi, shu bilan birga “Moskva birjasi”da aksiyalar savdosi hajmi tarixiy maksimal darajaga yetdi va 505 milliard rubldan oshdi. 

Asosiy savdolar natijasida “Moskva birjasi” indeksi 3036,88 punktga, RTS indeksi 1207,5 punktga, “Moskva birjasi”da ko‘pchilik “ko‘k fishkalar” narxi 18,3 foizga tushdi. Bir kun davomida “Moskva birjasi” indeksi asosidagi aksiyalar savdosining umumiy hajmi 505,353 milliard rublni tashkil etdi. AQSH dollari 78,7 rublga ko‘tarildi. 

AQSHdan tortib BMTgacha... Dunyo urushsiz niyatiga yetgan Putinning qaroriga nima demoqda?

Avval xabar berganimizdek, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarga qariyb bir soat davom etgan murojaatidan so‘ng Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (DXR va LXR) mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Tan olish to‘g‘risidagi farmonlar, shuningdek, DXR va LXR bilan do‘stlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnomalar jonli efirda imzolandi.

Endilikda bugun, 22 fevral kuni tushdan keyin Davlat Dumasi hujjatlarni ratifikatsiya qilishi, keyinroq esa ratifikatsiya haqidagi qonun loyihasi Federatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda. Bu jarayonda kutilmagan holat bo‘lishi dargumon, hammasi Putin xohlaganidek bo‘ladi.

NATO va AQSH 2008 yilgi darsdan saboq olmadi – Medvedev 

NATO va AQSH Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olish bilan ularga o‘rgatgan darsdan saboq olmagan. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev jurnalistlarga Donbass respublikalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni sharhlash paytida aytdi.  

“2008 yilda men Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olish bo‘yicha qiyin qaror qabul qilishimga to‘g‘ri keldi. Rossiya harbiy kuch va siyosiy irodadan foydalanib, yuz minglab odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam berdi. Bu bilan NATO, AQSH, Rossiya fuqarolariga qarshi tajovuzkor niyatda bo‘lgan har bir kishiga saboq berdi. Ammo NATO buni yaxshi qabul qilmadi va alyansning potensial a’zolari doirasini kengaytirib, Rossiya chegaralariga surbetlarcha yaqinlashishda davom etdi”, degan u. 

Lenin Ukrainaning me’mori va muallifi bo‘lgan – Putin

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sovet sotsialistik respublikalar ittifoqi (SSSR) asoschisi Vladimir Ilich Lenin Ukraina davlatini me’mori ekanini iddao qilmoqda. Bu haqda Putin kecha, 21 fevral kuni Rossiya fuqarolariga murojaatida aytib o‘tdi.

Putinning iddaosicha, Ukraina hech qachon o‘zining haqiqiy davlatchiligiga ega bo‘lmagan.

“Shuni ham tushunish kerakki, Ukraina aslida hech qachon o‘zining haqiqiy davlatchiligining barqaror an’analariga ega bo‘lmagan. 1991 yildan boshlab u ham tarixdan, ham Ukraina realligidan ajralgan xorijiy modellarni mexanik nusxalash yo‘liga o‘tdi”, degan Rossiya rahbari.

Turkiya Putinning qarorini qoraladi

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina sharqida rossiyaparast separatistlar nazorati ostidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan tuzilmalarning “mustaqilligini” tan olish haqidagi qarorini qoraladi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Moskvaning harakatlarini “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atadi.

“Rossiya Federatsiyasining Donetsk va Lugansk deb ataluvchi respublikalarni tan olish haqidagi qarori Minsk kelishuvlariga ziddir, shuningdek, Ukrainaning siyosiy birligi va hududiy yaxlitligini ochiqdan-ochiq buzish hisoblanadi”, deyiladi Turkiya TIV bayonotida.

Geosiyosat kasofati: rubl dunyodagi eng beqaror valyutaga aylandi

Dollar va rubl juftligi uchun bir oylik opsionlar narxlaridan hisoblangan rublning o‘zgaruvchanligi kecha, 21 fevral kuni kechqurun 33,97 foizga yetdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar bergan.  

21 fevraldagi savdolarda dollar kursi 79 rubldan oshgan, ayni paytda esa hatto 80 rubl. Geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi fonida milliy valyuta kursining o‘zgaruvchanligi pandemiya boshlanganidan beri maksimal qiymatga yaqinlashdi: 2020 yil 18 martda u 37,7 foizni tashkil etgan. O‘shanda rubl kursi bir dollar uchun 60-65 dan 80 rublgacha tushib ketgan. 

Xitoy Moskvaning DXR va LXRni tan olganiga mujmal munosabat bildirdi

Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Chjan Szyun Rossiyaning Ukraina sharqida rossiyaparast separatistlar tomonidan tashkil etilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari suverenitetini tan olganiga mujmal munosabat bildirdi.

BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘inida Donbassdagi vaziyat haqida fikr bildirgan Szyunga ko‘ra, Xitoy Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha barcha tomonlarni vazminlikka va keskinlashuvdan qochishga, shuningdek, muloqot va maslahatlashuvlarni davom ettirishga chaqiradi.

AQSH Zelenskiyni “qochish”ga undayapti – OAV

Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni xavfsizligi uchun Lvovga borishga chaqirmoqda. Bu haqda ABC telekanali AQSH Prezidenti ma’muriyatidagi manbasiga tayanib, ma’lum qildi.

“AQSH ma’muriyati Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni xavfsizligi uchun mamlakat g‘arbiy qismidagi Lvovga borishga chaqirdi”,  deyiladi xabarda.

Zelenskiy Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzishi mumkin

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Tashqi ishlar vazirligidan Rossiya bilan diplomatik munosabatlarni uzish bo‘yicha so‘rov kelganini aytdi. Bu haqda u bugun, 22 fevral kuni Kiyevda bo‘lib turgan Estoniya rahbari Alar Karis bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

“Men Tashqi ishlar ishlar vazirligidan Rossiya bilan diplomatik munosabatlarni uzish haqidagi so‘rov oldim. Men buni ko‘rib chiqaman”, degan Zelenskiy. 

Zelenskiy Rossiyaning Ukraina sharqida rossiyaparast separatistlar tomonidan tashkil etilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari suverenitetini tan olish to‘g‘risidagi Kremlning Kiyevga qarshi “keyingi qurolli tajovuzi” uchun qonuniy asos yaratadi, deb hisoblaydi. 

Rossiya yo Ukraina? Erdo‘g‘an kimning tarafidaligini ochiq aytdi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiyaning Donetsk va Lugansk deb ataluvchi respublikalarni tan olish qarorini “qabul qilib bo‘lmas” deb atadi. 

Erdo‘g‘an Kongo Demokratik Respublikasidan Senegalga ketayotganida unga hamrohlik qilayotgan jurnalistlar bilan suhbatda tomonlarni sog‘lom fikr va xalqaro huquq normalarini hurmat qilishga chaqirdi. 

U G‘arbning Ukraina atrofidagi inqirozga munosabatidan noroziligini bildirdi.

DXR va LXR tan olinishi ortidan rossiyalik oligarxlar qancha milliard zarar ko‘rgani aytildi

Rossiya DXR va LXRni tan olishi fonida rossiyalik milliarderlar va “Forbes” ro‘yxati a’zolari so‘nggi 24 soat ichida 8 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘qotdi. Bu haqda “Forbes” ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, oligarxlar Rossiya indekslari va Rossiya kompaniyalari kotirovkalari qulashi fonida jami 8,339 milliard dollar yo‘qotgan. 

“Forbes”ga ko‘ra, “Lukoyl”ning eng yirik aksiyadori Vagit Alekperov (-946 million dollar), “Novatek”ning hammualliflari Leonid Mixelson (-927 million dollar) va Gennadiy Timchenko (-906 million dollar) eng ko‘p mablag‘ yo‘qotgan milliarderlar bo‘lgan. 

“Lukoyl” kotirovkalari 6 610 rubldan 6 028 rublga tushib ketgan bo‘lsa, “Novatek” aksiyalarining har biri 1526 rubldan 1358 rublga qulagan.

Shuningdek, kotirovkalarning pasayishi NLMK (Novolipetsk temir-po‘lat zavodi) benefitsiari Vladimir Lisinni 645 million dollardan, “Norilskiy nikel” muallifi Vladimir Potaninni 751 million dollardan, “Severstal” prezidenti Aleksey Mordashovni 556 million dollardan va MMK (Magnitogorsk temir-po‘lat zavodi)ning eng yirik aksiyadori Viktor Rashnikovni 298 million dollardan mahrum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

113

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing