“Bunga uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan”. To‘qayev talato‘plarni davlat to‘ntarishiga urinish deb atadi
Olam
−
10 yanvar 2022
7782Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga ko‘ra, mamlakatdagi tartibsizliklar davlat to‘ntarishiga urinish. Bu haqda u Qozog‘iston tashabbusi bilan chaqirilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining onlayn sammitida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi tartibsizliklarga ko‘pdan beri tayyorgarlik ko‘rilgan. Mamlakatdagi boshboshdoqliklar to‘lqini “bir buyruq asosida” paydo bo‘lgan.
Mamlakat rahbari Qozog‘istondagi buzg‘unchi tuzilmalar qurol-yarog‘ va harbiy texnikani egallab olishga urinayotganini aytgan. Shuningdek, u Qozog‘istonda huquq-tartibot idoralarining 16 nafar xodimi halok bo‘lganini, tinch aholi orasidagi qurbonlar soni aniqlanayotganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, To‘qayev Qozog‘istondagi tartibsizliklarda terrorchilar, jumladan, xorijiy jangarilar bevosita ishtirok etayotgani hamda ikki askarning boshi kesilganini e’lon qilgan. Prezident, shuningdek Qozog‘iston keyinroq dunyoga terroristik tajovuzga tayyorgarlik ko‘rganiga oid dalillarni taqdim etishini alohida ta’kidlagan.
Unga ko‘ra, Qozog‘istonda konstitutsiyaviy tuzum tiklangan. To‘qayev ertaga, 11 yanvar kuni hukumatning yangi tarkibi bo‘yicha takliflar kiritishini aytgan.
“Yanvarning bir necha kuni davomida Qozog‘iston keng ko‘lamli inqirozni boshidan kechirdi. Bu butun mustaqillikning o‘ttiz yillik tarixidagi eng og‘ir inqirozga aylandi”, deydi To‘qayev.
To‘qayev KXSHTning barcha davlatlari Qozog‘istonga yordam berish uchun yagona front sifatida harakat qilganini, o‘zining dolzarbligi va samaradorligini ko‘rsatganini, uning tinchlikparvar kontingentining mamlakatdagi missiyasi foydali bo‘lganini aytgan. Qozog‘iston rahbarining ta’kidlashicha, KXSHT kuchlarining kelishi Olma-otani terrorchilardan qaytarib olishga yordam bergan. U, shuningdek, Putinga mavjud vaziyatni bartaraf etishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi