Birinchi Prezidentning kuyovi va qudasi Moldova prokuraturasiga chaqirildi

Olam

image

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyovi Timur Kuliboyev, Qayrat Boranbayev (Darig‘a Nazarboyevaning qudasi) va tadbirkor Aleksandr Mashkevich Moldova Uyushgan jinoyatchilik va alohida muhim ishlarga qarshi kurash prokuraturasiga so‘roqqa chaqirildi. Bu haqda chaqiruv qog‘ozlari nusxalariga tayanib, Orda.kz yozmoqda.

Hujjatlarda aytilishicha, Quliboyev, Boranboyev va Mashkevich 2022 yilning fevral oyida shantaj bo‘yicha ochilgan jinoiy ish doirasida so‘roq qilish uchun prokuraturaga kelishi kerak bo‘lgan. Bildirishnomalar 2021 yil dekabr oyida chiqarilgan. Ular so‘roqqa kelgan-kelmagani noma’lum. Ish tafsilotlari oshkor etilmagan.

“Siz advokat hamrohligida prokuraturaga kelib, aybingizga iqror bo‘lishingiz va gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilinishingiz kerak. Ko‘rinish berishingiz majburiydir”, deyiladi prokuror Denis Poyate imzolagan uchta chaqiruv qog‘ozida.

Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga qaraganda, Moldova prokuraturasida shunday ismli prokuror haqiqatan ham ishlaydi.

Quliboyev va Boranbayev Moldova prokuraturasiga so‘roqqa chaqirilayotgani haqidagi ma’lumot 2022 yil fevral oyi o‘rtalarida internetda tarqalgandi. O‘shanda tadbirkorlar “katta miqdorda tovlamachilik”da gumon qilinayotgani xabar qilindi, deb yozadi nashr.

Nazarboyevning siyosiy intihosi

2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.

Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi. 

Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.

28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi

2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev Timur Kulibaev

Baholaganlar

84

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing