Bir yomg‘irli tunnel, Twitter va Facebook’dan chiqib ketishga chorlayotgan Tramp, yana bir yangi shtamm – yangiliklar dayjesti
Tahlil
−
04 yanvar 2022 5410 9 daqiqa
Jamiyat
Qashqadaryoda “zamhokim” hokim yordamchilarini 1 yanvar kuni ham ishlatgan
Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev joriy yilning 1 yanvar kuni rasman dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, hokim yordamchilarini ishga chaqirgani ma’lum bo‘ldi. Uning bu "chorlov"i aks etgan suratni bloger Otabek Ortiqov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joyladi.
Suratdagi yozishmalarda Qashqadaryodagi hokim yordamchilari va rahbarlarning Telegram -guruhida viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Nodir Erkayev 1 yanvardan viloyatdagi barcha mahallalarda hokim yordamchilari ish boshlashi kerakligi haqida "ogohlantirish" berganini ko‘rish mumkin.
3 viloyatdagi 13 ta tumanda maxsus soliq stavkalari joriy etiladi
O‘zbekistonda sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlar uchun maxsus soliq stavkalari o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu maxsus stavkalar Qashqadaryo viloyatining 5, Navoiy viloyatining 4 va Toshkent viloyatining 4 tumanida amal qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida so‘z boradi. Farmon o‘tgan yilning 30 dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Farmon loyihasida qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani uchun maxsus soliq stavkalarini o‘rnatish tajribasi asosida sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish ishlari davom ettiriladi.
Bolasi xususiy bog‘cha va maktabga boradigan ota-onalarga soliq imtiyozi beriladi
Farzandlarini xususiy bog‘cha va maktabga bergan ota-onalarning 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida so‘z boradi. Farmon o‘tgan yilning 30 dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Taraqqiyot strategiyasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022 yilda:
a) 1 apreldan boshlab nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etiladi.
• Farmon loyihasida Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi loyihalarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan;
Ichki ishlar vaziriga yo‘llarda o‘lim sonini kamaytirish vazifasi qo‘yildi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va Transport vaziri Ilhom Mahkamovga yo‘llarda o‘lim holatlarini qisqartirish bo‘yicha dastur loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida so‘z boradi. Farmon o‘tgan yilning 30 dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Farmon loyihasiga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Transport vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda rivojlangan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda o‘lim holatlarini qisqartirish bo‘yicha dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.
Samarqandda 14 million dollarga qurilgan tunnel bitta yomg‘irga ham chiday olmadi
Ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yilning 31 dekabr kuni foydalanishga topshirilgan Samarqand shahridagi tunnelning tepa qismidan suv o‘tgani aks etgan video tarqaldi. Unda qayd etilishicha, 14 million dollar evaziga 3 yil davomida qurilgan tunnel 3 kunga bormay nurashni boshlagan.
Holat bo‘yicha izoh olish maqsadida QALAMPIR.UZ muxbiri Samarqand viloyati hokimligi Matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev bilan muloqot qildi.
Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, tunnel hali to‘liq foydalanishga topshirilmagan, qurilish ishlari esa davom etmoqda.
Mazkur holat yuzasidan “1-Ko‘prik qurilish otryadi” direktor o‘rinbosari Azimbek Mirzayev rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ko‘prik hali to‘liq foydalanishga topshirilmagan, qurilish ishlari joriy yilning yanvar oyida o‘z nihoyasiga yetadi. Suv o‘tishiga tashqaridan kelgan chiqindilarning suv qochirish-irrigatsiya tizimidagi lotoklarga tiqilib qolgani sabab bo‘lgan.
“Qurilish ishlari yakunlangandan so‘ng, bunday holat kuzatilmaydi. Chunki hamma narsa o‘ylab qilingan, chizmalari bor, faqat oxiriga yetmagani uchungina shu holat yuz berdi”, deydi Azimbek Mirzayev.
Qashqadaryo hokimligi Gavhar Alimovaning feodalizm aybloviga javob qaytardi
Avvalroq, Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimovning ko‘rsatmasi bilan viloyat hududidan chigitni olib chiqishga taqiq qo‘yilgani haqida xabar bergan edik. Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov ushbu holatni o‘rta asrlardagi feodal tuzumga qiyoslagandi. Qashqadaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati chigitlar ortilgan yuk mashinalari nima sababdan to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, haqiqatan ham 2021 yil 28 dekabr kuni Chiroqchi tumanidagi “Umakay” postida Yo‘l harakat xavfsizligi xodimlari tomonidan chigit mahsuloti ortilgan 3 ta yuk transport vositalari to‘xtatilgan.
Ichki ishlar xodimlariga o‘zini chigitni olib ketayotgan korxona ekspeditori deb tanishtirgan Komil ismli shaxs qog‘oz shaklidagi 94 tonna chigit mahsulotini “OQ SAROY KLASTER” MCHJdan “MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA” MCHJga jo‘natilganligi haqida qo‘lda yozilgan (QR kodga ega bo‘lmagan) yuk xatini taqdim qilgan. Lekin, taqdim etilgan hujjatlar orasida elektron hisobvaraq-faktura, birja savdosidan yutib olganligi to‘g‘risida elektron “Tiket”, shartnoma va ishonchnoma bo‘lmagan.
Tezkor: 1 yanvardan avtomobil sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilindi
Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im bekor qilindi. Shuningdek, “2022 yil uchun Davlat Byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilinishi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartirish kiritish ortidan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari ham kamaydi.
“2022 yil uchun Davlat Byudjeti to‘g‘risida”gi qonunda qayd etilishicha, fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini to‘laqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2022 yil 1 yanvardan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilingan.
Rasman: O‘zbekiston 2022 yilda qancha qarz olishi belgilandi
O‘zbekistonning 2022 yilda oladigan davlat qarzi miqdori belgilandi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunida so‘z boradi.
Qonunning 10-moddasi aynan O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida olinadigan davlat qarzining cheklangan hajmini belgilash haqida bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerakligi urg‘ulanadi.
Olam
Diqqat! Koronavirusning yangi shtammi aniqlandi
Fransiyaning Marsel shahrida koronavirusning yangi shtammi aniqlandi. Bu haqda Marseldagi Yuqumli kasalliklar instituti olimlari tadqiqotiga asoslanib xabar berilgan.
Tadqiqotga ko‘ra, Fransiya janubi-sharqidagi shaharlardan birining 12 nafar aholisida koronavirus variantlari bilan bog‘liq mutatsiyalarni aniqlash testlari “notipik kombinatsiya”ni ko‘rsatgan.
Birinchi marta B.1.640.2 deb nomlangan koronavirusning yangi varianti 2021 yil noyabr oyida Kamerundan qaytgan odamda aniqlangan. Virus genomini tahlil qilish natijasida 46 ta mutatsiya aniqlangan.
Dunyoning besh yadroviy derjavasi kelishib oldi
Dunyoning beshta yadroviy kuchga ega mamlakati joriy yilning oxirida yadroviy qurollar tarqalishining oldini olish va yadro urushlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolaydi.
Bu haqda kecha, 3 yanvar kuni e’lon qilingan BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolarining qo‘shma bayonotida so‘z boradi.
Bayonotda aytilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari bo‘lgan AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy va Fransiya yadroviy davlatlar o‘rtasidagi urushning oldini olish va strategik xavflarni kamaytirishni hamda dunyoning barcha davlatlari bilan xavfsizlik muhitini yaratish uchun hamkorlik qilishni o‘zlarining asosiy maqsadi deb bilishadi.
Ilon Maskning boyligi keskin oshib ketdi
Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning boyligi Tesla kompaniyasi aksiyalarining sezilarli darajada oshishi natijasida bir kunda 32,6 milliard dollarga ortib, 304,2 milliard dollarga yetdi. Buni real vaqt rejimida o‘tkaziladigan Forbes milliarderlar reytingi ma’lumotlari tasdiqlaydi.
Natijada Mask yana 300 milliard dollardan ortiq boylikka ega odamga aylandi. 2021 yilning noyabrida u tarixda birinchi marta shunday natijaga erishgandi.
Turkiya rekord o‘rnatdi
Turkiyaning 2021 yildagi eksporti 225,36 milliard dollarni tashkil etdi. Bu respublika uchun mutlaq rekorddir. Bu haqda kecha, 3 yanvar kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.
“O‘tgan yilga nisbatan 2021 yilda eksport hajmi 32,9 foizga oshib, 225,36 milliard dollarni tashkil etdi. Bu rekord ko‘rsatkich”, deydi Prezident.
Tramp barchani Twitter va Facebook’dan chiqib ketishga chorlamoqda
AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp Twitter’ni demokratiya uchun sharmandalik deb atadi. Bu haqda sobiq Prezidentning matbuot xizmati tarqatgan bayonotda aytiladi.
Tramp koronavirus haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun Vakillar palatasi a’zosi Marjori Teylor Grinning Twitter’dagi akkaunti bloklanishiga izoh bergan. 2021 yil 6 yanvarda Trampning tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirganidan so‘ng, uning o‘zi ham Twitter’da butunlay bloklangandi.
Sport
Ronaldu sardor bo‘lgan o‘yinda “Man Yunayted” mag‘lub bo‘ldi
Kecha, 3 yanvar kuni Angliya Premer ligasining 21-turi doirasida “Manchester Yunayted” o‘z maydonida “Vulverxempton”ni qabul qildi va 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Krigtianu Ronaldu jamoaga qaytganidan so‘ng, ilk marta MYUni sardor sifatida maydonga boshlab tushdi. Bu mankunianliklar uchun Ralf Rangnik murabbiy etib tayinlanganidan buyon, ilk mag‘lubiyat sifatida qayd etildi.
Uchrashuv qahramoni 82-daqiqada gol urgan “bo‘rilar” yarim himoyachisi Joau Moutino bo‘ldi.
“Manchester Yunayted” 0:1 “Vulverxempton”
Gol: Moutino
“Yuventus” Morata sabab “Barselona”dan norozi bo‘lmoqda
“Yuventus” Alvaro Morata transferi borasida “Barselona”ning yuritayotgan siyosatidan norozi. Qayd etilishicha, kataloniyaliklar bosh murabbiyi Xavi hujumchi bilan klub roziligisiz kelishuvga erishgan. Turinliklar ustozi Massimiliano Allegri esa ispaniyalik hujumchini qo‘ldan boy bermaslikka bel bog‘lagan.
“Yuventus” Morata o‘rniga o‘rinbosar topilsagina uning jamoadan ketishiga ruxsat beradi, biroq transfer byudjeti cheklangani uchun yanvar oyida unga mos o‘rinbosar futbolchi sotib ololmaydi.
U og‘ir vaznning yangi qiroli bo‘ladi – “Kanelo” yengilmas kubalik haqida
Professional boksning super o‘rta vazn toifasida jahon chempioni Saul Alvares kubalik bokschi Frenk Sanches (20-0) super og‘ir vazn toifasida jahon chempioni bo‘lishiga va barcha raqiblarini mag‘lub eta olishiga ishonmoqda.
“U jahon chempioni bo‘ladi va og‘ir vazn toifasidagi barcha raqiblarini supurib tashlaydi. Chunki u o‘ziga xos iste’dod egasidir. Ishonchim komilki, 2022 yil unga katta muvaffaqiyatlar olib keladi”, deydi Alvares.
Live
Barchasi