“Arqadag‘”ning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi

Jamiyat

image

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning Samarqand shahriga tashrifi bugun, 24 aprel kuni yakunlandi. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.

Ikki kunlik tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va oliy martabali mehmon ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi va "Zamonlar sadosi" ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Turkman xalqining milliy yetakchisini O‘zbekiston Respublikasining "Oliy Darajali Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.

Ma’lumot uchun, oldinroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning to‘ng‘ich qizi Oguljahon Otaboyeva bilan ham uchrashgandi. Ular birgalikda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va Samarqand shahridagi inklyuziv ta’lim markazida bo‘lib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim olish imkoniyatidan teng foydalanish uchun sharoit yaratish ishlari bilan tanishgan. Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Gurbanguli Berdimuhamedovni bugun, 24 aprel kuni Samarqandda “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini qabul qilib olgani bilan tabrikladi.

Eslatib o‘tamiz, 21 aprel kuni Gurbanguli Berdimuhamedov Qozog‘istonga borgandi. Turkiston aeroportida oliy martabali mehmonni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kutib oldi. Ular birgalikda turkiy dunyoning eng buyuk ma’naviy, tarixiy va madaniy qadamjolaridan biri – UNESCO'ning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildi. 22 aprel kuni Qosim-Jomart To‘qayev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, Qozog‘istonning xorijiy hamkorlar bilan birgalikda Galkinish konini o‘zlashtirish loyihasida ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng, Turkman xalqining milliy yetakchisi Qirg‘izistoning Cho‘lpon-Ota viloyatiga bordi. Uni aeroportda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov kutib oldi. Japarov Berdimuhamedovni qirg‘izcha mehmon qildi.

Kecha, 23 aprel Japarov Cho‘lpon-Ota shahrida Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokara o‘tkazdi. Keyin esa yetakchilarga Issiqko‘l viloyatidagi Baktuu-Dolonotu qishlog‘idagi ippodromda qirg‘iz milliy ot sporti o‘yinlari – “Jorgo salish” va “Ko‘k boru” taqdim etildi. Madaniy dastur yakunida Prezident Sadir Japarov faxriy mehmonni Issiqko‘l xalqaro aeroportigacha kuzatib qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing