“Arqadag‘”ga Japarovning o‘zi shofyorlik qildi (video)

Olam

image

Bugun, 22 aprel kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Qozog‘istonning Turkiston shahridan Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatiga amaliy tashrif bilan bordi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab safar qilayotgan Gurbanguli Berdimuhamedovni Issiqko‘l xalqaro aeroportida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov kutib oldi. Aeroportdagi ustunlarga ikki davlat bayroqlari osildi, gilam yozildi va faxriy qorovul saf tortgan.

Tashrif doirasida Sadir Japarov va Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar, shuningdek, qator madaniy tadbirlarga tashrif rejalashtirilgan.

Qirg‘iziston Prezidentining matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan kadrlardan shuni ko‘rish mumkinki, yetakchilar ikki davlat bayroqlari o‘rnatilgan Mercedes-Benz rusumli mashinaga o‘tirgan. Sadir Japarovning o‘zi avtomobilni boshqarib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, Gurbanguli Berdimuhamedov kecha, 21 aprel kuni Qozog‘istonga borgandi. Turkiston aeroportida oliy martabali mehmonni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kutib oldi. Ular birgalikda turkiy dunyoning eng buyuk ma’naviy, tarixiy va madaniy qadamjolaridan biri – UNESCO'ning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildi. Bugun, 22 aprel kuni Qosim-Jomart To‘qayev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, Qozog‘istonning xorijiy hamkorlar bilan birgalikda Galkinish konini o‘zlashtirish loyihasida ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing