To‘qayev Turkistonda “Arqadag‘” bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi
Olam
−
22 aprel 5101 4 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 22 aprel kuni Turkistonda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
To‘qayev oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, unga Qozog‘istonning ma’naviy poytaxti, butun turkiy xalqlar uchun muqaddas ahamiyatga ega bo‘lgan Turkiston shahriga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirdi.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanayotgani quvonarlidir. Rejalar gaz sanoati, shuningdek, transport-logistika sohasida strategik ahamiyatga ega loyihalarni o‘z ichiga oladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yanada sifatli rivojlanishi uning natijalariga bog‘liq ekan, biz bu boradagi ishlarni nazoratda ushlab turibmiz”, dedi Qozog‘iston Prezidenti.
Shuningdek, Qosim-Jomart To‘qayev Gurbanguli Berdimuhamedovni “Xalqaro tinchlik va ishonch” yilining boshlanishi bilan tabriklab, BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ushbu tashabbus Turkmanistonning xalqaro miqyosdagi yuksak obro‘-e’tiboridan dalolat berishini ta’kidladi.

Xalq Maslahati Raisi ham mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, Qozog‘istonni Turkmanistonning asosiy strategik hamkorlaridan biri deb atadi.
“Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarimiz yaxshi istiqbolga ega. Turkmanistonning BMT doirasida Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb e’lon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizdan minnatdormiz”, dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning barcha spektri bo‘yicha ko‘p qirrali strategik sheriklikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Suhbatdoshlar yangi o‘sish nuqtalarini topish va yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, Qozog‘istonning xorijiy hamkorlar bilan birgalikda Galkinish konini o‘zlashtirish loyihasida ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi.
Qosim-Jomart To‘qayev Turg‘undi-Hirot-Qandahor-Spin-Buldoq temiryo‘lini qurish loyihasining salmoqli salohiyati borligini, uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va eksport bozorlarini kengaytirishni ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Shimol-Janub” yo‘nalishida tranzit salohiyatini rivojlantirishda Qozog‘iston-Turkmaniston-Eron temiryo‘li va qurilayotgan Turkmanboshi-Garabog‘oz-Qozog‘iston chegarasi avtomobil yo‘llari ham muhim o‘rin tutadi.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari ta’lim va raqamlashtirish sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Qozog‘iston tomoni Turkmanistonga davlat xizmatlarini raqamlashtirish, shuningdek, IT-mutaxassislarining malakasini oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov Qozog‘istonga tashrifi kecha, 21 aprel kuni boshlangan. Turkiston aeroportida oliy martabali mehmonni davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev kutib oldi. Ular birgalikda turkiy dunyoning eng buyuk ma’naviy, tarixiy va madaniy qadamjolaridan biri – UNESCO‘ning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildi. Yetakchilar buyuk mutafakkir xotirasiga hurmat bajo keltirdi hamda maqbarada olib borilayotgan restavratsiya va ilmiy-tadqiqot ishlari bilan ham tanishdi.

To‘qayev va Berdimuhamedov Etnoaul majmuasiga va Azret-Sulton qo‘riqxonasi hududida joylashgan milliy madaniy majmuaga ham bordi. Ular turli xil don ekinlari namoyish etilgan sharq bozorini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, yetakchilar milliy taomlar, yog‘ochga ishlov berish, to‘quvchilik, kigizdo‘zlik, kulolchilik, zargarlik kabi xalq hunarmandchiligi ustalarining ijod namunalari bilan ham tanishdi. Dastur qozoq urf-odatlari va marosimlariga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan tomosha bilan davom etdi. Bundan tashqari, Tozi itlar va ov qushlarining mahorati namoyish etildi.

Qozog‘iston Prezidenti va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Turkistan visit centre’ga tashrif buyurdi. Mehmonlarga Qadimiy Kulto‘be maskanini rivojlantirish va obodonlashtirish loyihalari haqida ma’lumotlar taqdim etildi. To‘qayev va Berdimuhamedov 27 gektar maydonda arxeologik qazishmalar yakunlangan tarixiy obidani muzeylashtirish ishlarining borishi bilan tanishdi. Yaqin kunlarda ochilishi rejalashtirilgan Hunarmandlar markazi konsepsiyasi ham taqdim etildi. Unda hunarmandchilik ustaxonalari, milliy gastronomik markazlar, sharq bozori va mehmonxonalar joylashadi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston Prezidenti va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisiga Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasining noyob tarixiy eksponatlari namoyish etildi. Ma’lumot uchun, 25 mart kuni World Craft Council xalqaro tashkiloti qarori bilan Turkiston “Hunarmandlar shahri” maqomini olgan.
Eslatib o‘tamiz, 27 aprel kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida birinchi Markaziy Osiyo – Italiya sammiti bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingandi. Unda Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni va Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari ishtirok etadi.
Live
Barchasi