QALAMPIR.UZ dayjesti: pedagogika universitetidagi sharmandalik, Erdo‘g‘anning Armanistonga sharti, bong urayotgan BMT

Jamiyat

image
Bugun, 27 oktyabr O‘zbekiston va xalqaro maydonda muhim voqeliklar sodir bo‘ldi. Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ommaviy tadbirlarda ishtirok etishni to‘xtatdi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat universitetida esa “zamdekan” talaba qizni zo‘rdashga uringani haqida xabarlar tarqaldi. Bugun tarix zarvaraqlarida qanday muhr qoldirdi? Quyida yakuniga yetayotgan kunning muhim hodisalari bilan tanishing.

Jamiyat

Shubhali pul operatsiyalarini to‘xtatib turish tartibi o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug‘i bilan Terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning operatsiyalarini to‘xtatib turish, pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkini ishga solmay to‘xtatib qo‘yish, ishga solmay to‘xtatib qo‘yilgan mol-mulkidan foydalanishga ruxsat berish va operatsiyalarini tiklash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Mazkur Nizomda Terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatini (keyingi o‘rinlarda – Ro‘yxat) shakllantirish hamda ushbu ro‘yxatni pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarga yetkazish tartibi belgilangan.

Aliment to‘lamaganlarning mashinani boshqarish huquqi vaqtincha cheklab qo‘yiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Aliment qarzdorligini undirish tartibi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Loyiha bilan O‘zbekiston Respublikasining tegishli Qonunlariga aliment to‘lovi bo‘yicha qarzdorlarga nisbatan transport vositasini boshqarish huquqini, shuningdek faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish huquqini vaqtincha cheklashni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Qonun loyihasida bir qator asosiy qoidalar nazarda tutilmoqda.

Pedagogika universiteti “zamdekan”i talaba qizni zo‘rlamoqchi bo‘lgani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 3 kurs talabasiga dekan o‘rinbosari tegajog‘lik qilib, so‘ng uni derazadan itarib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shundan so‘ng, dekan o‘rinbosari nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari esa davom etmoqda.

Shifokorlar esa derazadan yiqilgan talaba qizga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi tashxisini qo‘yishgan. U hali beri oyoqqa turolmasligi aytilmoqda.

O‘zbekistonda qancha talaba borligi ochiqlandi

2020/21 o‘quv yili boshidagi holatga ko‘ra, O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalar soni 571,5 ming nafarni tashkil etmoqda.

 Shundan:

•    Talaba yigitlar – 311,5 ming nafar;

•    Talaba qizlar – 260 ming nafar.

Toshkentda ayanchli YTH: avtobusga kelib urilgan Lacetti majag‘lanib ketdi

Bugun, 27 oktyabr kuni Toshkentda Lacetti rusumli avtomobil avtobus bilan to‘qnashdi. Oqibatda Lacetti‘ning haydovchisi voqea joyida vafot etdi.

Qayd etilishicha, voqea taxminan soat 00:10 da poytaxtning Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasida yuz bergan. 1996 yilda tug‘ilgan haydovchi Lacetti rusumli avtomobil boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetida to‘xtab turgan Mercedes-Benz rusumli avtobusga urilgan. YTH oqibatida Lacetti haydovchisi voqea joyida vafot etgan.

Namanganda shifokorni do‘pposlagan aka-uka jazolandi. Ulardan biri qamaldi

Namanganda shifokorni ayovsiz kaltaklagan aka-ukalarga sud hukmi o‘qildi. Ulardan biri qamaldi.

Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 28 iyul kuni Namangan shahridagi 10-sonli oilaviy poliklinikada sodir bo‘lgan. Uka akasining tana harorati ko‘tarilayotganidan shikoyat qilib shifokorga murojaat qilgan. Biroq, shifokor akaning harorati baland emasligini aytgan.

Shundan so‘ng, aka-ukalar shifokorning qo‘ygan tashxisidan norozi bo‘lib, uni ayovsiz do‘pposlab, jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Xorijiy valyutada olingan kreditlar so‘mga o‘tkazilganda kompensatsiya beriladi

O‘zbekiston Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlarining xorijiy valyutadagi kredit majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq yukini kamaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, banklardan xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilganda amaldagi kompensatsiya taqdim etish to‘g‘risidagi shartnomalari mavjud bo‘lgan tadbirkorlarning ekvivalenti 1 million AQSH dollaridan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmaydigan kreditlarning asosiy stavkadan oshadigan, lekin 5 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya taqdim etiladi.

Samarqandda 10 kunda 8 kishi is gazidan vafot etdi. Ularning 5 nafari yosh bolalar

Samarqand viloyatida oktyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida 8 nafar fuqaro is gazidan zaharlanib vafot etgan. Ularning 5 nafari bolalardir.

Qayd etilishicha, oktyabr oyi boshidan beri viloyatda 128 ta xonadonda isitish vositalarining nazoratsiz qolishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Fuqarolardan 3 nafari kuyish tan jarohati olgan.

Turkiy kengash Bosh kotibi Mirziyoyevga tabrik yo‘lladi

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Bag‘dod Amriyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi g‘alaba bilan muborakbod etib, tabrik yo‘lladi. Amriyev o‘z tabriknomasida O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik va farovonlik tilagan.

Yetim bolalarga kimlar uy ajratishi belgilandi

Endilikda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylar viloyat hokimliklari tomonidan bozordagi ko‘p kvartirali uylardan ajratiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.

Qarorga ko‘ra, o‘quv-tarbiya muassasalari va tuman (shahar) hokimliklari bolalarni muassasada bo‘lish muddati tugashidan bir yil avval uy-joyga muhtoj sifatida “onlayn-navbat”ga kiritib boradi.

Komilov Afg‘oniston yakkalanib qolmasligi bo‘yicha taklif berdi

Hozirgi zamonaviy bosqichda Afg‘onistonning xalqaro miqyosda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ushbu mamlakatga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarur.

Bugun, 27 oktyabr kuni Eronning poytaxti Tehron shahrida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar TIV rahbarlari uchrashuvida Komilov nutq so‘zlab, Afg‘onistonda mutlaqo yangi voqelik yuzaga kelganini ta’kidladi. 

“Afg‘onistonda to‘liq vakolatli hamda xalqaro e’tirofga ega bo‘lishga intilayotgan Muvaqqat hukumat tuzildi”, deydi u.

Olam

Turkiya harbiylarining Iroq va Suriyada qolish muddati uzaytirildi

Turkiya parlamenti kecha, 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Iroq va Suriyada turk Qurolli Kuchlaridan foydalanish uchun ruxsatnomani ikki yilga uzaytirdi.

Parlament qaroriga ko‘ra, Turkiya Qurolli Kuchlarining Iroq va Suriyada qo‘llanilishi bo‘yicha mandat 2023 yilning oktyabrigacha uzaytirilgan. Bu qarorni Turkiyada hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi deputatlari qo‘llab-quvvatlagan. Biroq Millatchi partiyasi, Jumhuriyat Xalq partiyasi va Xalq demokratiyasi partiyasi bunga qarshi bo‘lgan. 

“Tolibon” 42 yil deganda Afg‘oniston aholisini ro‘yxatga olmoqchi

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati mamlakat aholisini ro‘yxatga olishni rejalashtirmoqda.

“Bugun yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda iqtisodiyot va turli infratuzilma loyihalari muhokama qilindi. Mamlakat demografik xizmati faoliyati bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilib, Afg‘oniston aholisini ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyilgan xabarda. 

Erdo‘g‘an Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash shartini aytdi

Armaniston Ozarbayjon bilan muammolarini hal qilsa, Turkiya uchun u bilan munosabatlarni normallashtirishga hech qanday to‘siq qolmaydi. Bu haqda kecha, 26 oktyabr kuni Ozarbayjonga tashrif buyurgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.

“Uzoq tinchlik o‘rnatish uchun sharoitlar hozir har qachongidan ham qulayroq. Bu masalada Armaniston Ozarbayjon bilan muammolarni hal qilish uchun samimiy iroda ko‘rsatishi kerak. Agar shunday qilsa, Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga hech qanday to‘siq qolmaydi”, degan Erdo‘g‘an.

Yelizaveta II ommaviy tadbirlarda ishtirok etishni to‘xtatdi

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II joriy yil 31 oktyabrdan 12 noyabrgacha Glazgoda bo‘lib o‘tadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasidagi ishtirokini bekor qildi.

Ta’kidlanishicha, 95 yoshli qirolicha shifokorlar unga tanaffus qilishni va ommaviy tadbirlardan dam olishni maslahat berganidan keyin shunday qarorga kelgan. Shu bilan birga, Bukingem saroyining aniqlik kiritishicha, hozirda Vindzor qasrida o‘z vazifalarini bajarayotgan Yelizaveta II yig‘ilgan delegatlar oldida yozib olingan video orqali murojaat qiladi. 

Ramzan Qodirovning vakili giyohvand moddalar bilan qo‘lga tushdi

Kecha, 26 oktyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasi (YHXDI) xodimlari Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (SHG‘FO)dagi vakolatxonasi rahbari Islom Xizriyevdan giyohvand moddalar topdi.

Erdo‘g‘an Baydenga AQSHning Turkiya oldidagi qarzini eslatib qo‘ymoqchi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shotlandiyaning Glazgo shahrida o‘tkaziladigan iqlim bo‘yicha konferensiyada AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashadi. U Amerika yetakchisi bilan beshinchi avlod F-35 samolyotlari  bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qiladi.

“Aftidan, Rim va Glazgoda kun tartibi o‘zgardi. Bizning uchrashuv Rimda emas, Glazgoda o‘tadiganga o‘xshaydi. Unda eng muhim mavzu, albatta”, F-35 bilan bog‘liq vaziyat bo‘ladi”, degan Erdo‘g‘an.

Litva Belarus bilan chegarada to‘siq qurishni boshladi 

Litva Belarus bilan chegarada to‘rt metrli to‘siq qurishni boshladi. Bu haqda ushbu loyiha uchun mas’ul bo‘lgan EPSO-G kompaniyasiga tayanib xabar berilgan.

“To‘siqning o‘zi Polsha va Niderlandiyada ishlab chiqarilmoqda, uning dastlabki 100 kilometri noyabr va dekabr oylarida yetkazib beriladi. EPSO-G’ga ko‘ra, bu qism 2022 yilning 30 apreliga qadar yakunlanishi kerak”, deyilgan xabarda.

Sport

“Bavariya” himoyachisi qamoq jazosidan qutilib qoldi

Germaniyaning “Bavariya” klubi himoyachisi Lyuka Ernandes Madrid sudi tomonidan belgilangan qamoq jazosini bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, sud uning apellyatsiya arizasini asosli deb topgan va 6 oylik qamoq jazosini 4 yillik sinov muddati bilan almashtirgan. Unga ko‘ra, futbolchi bu muddat ichida boshqa jinoyat sodir etmasligi kerak. Ushbu jazoga qo‘shimcha tariqasida esa 96 ming yevro miqdorida jarima belgilangan.

Boks bo‘yicha JCH: Shohjahon Abdullayev nokautga uchradi

Bugun, 27 oktyabr kuni Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha Jahon chempionatining ikkinchi kungi bahslari start oldi.

Dunyo birinchiligida 86 kg vazn toifasida ishtirok etganShohjahon Abdullayev ilk jangida belgiyalik Viktor Shelstritga qarshi ringga ko‘tarilib, mag‘lubiyatga uchradi. Bahs davomida Abdullayev nokdaun holatiga tushdi, lekin o‘zini tiklab oldi va hisobda oldinda borayotgan edi. Ikkinchi raundning so‘nggi soniyasida Shelstritning kuchli zarbasi Abdullayevni muvozanatdan chiqardi va jang o‘z yakuniga yetdi. 

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Saudiya bilan jangovar durang o‘ynadi

U-23 Osiyo kubogi–2022 saralash bosqichidan o‘rin olgan O‘zbekistoy – Saudiya Arabistoni uchrashuvi o‘z yakuniga yetdi. Unda tomonlar 2:2 hisobidagi jangovar durangga imzo chekdi.

Uchrashuvning 40-daqiqasida Saudiya a’zosi Hamid Abdulloh hisobni ochdi. 45-daqiqada O‘zbekiston vakili Otabek Jo‘raqo‘ziyev muvozanatni tikladi. Ikkinchi bo‘limning boshida Abdulmuhsin al-Qahtani saudiyaliklarning ikkinchi golini urdi. 79-daqiqada esa “Andijon” forvardi Jasur Jaloliddinov penaltidan unumli foydalanib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi. Shu hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi.

“D” guruhining ikkinchi o‘yinida Bangladesh U-23 jamoasi Kuvayt bilan bahs olib bordi. Bu o‘yinda kuvaytliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

118

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing