Toshkentda eshitilgan o‘q ovozi, Jirinovskiyga sanksiya qo‘llamoqchi bo‘lgan Qodirov, davom etayotgan seriallar mashmashasi… Bugun nimalar bilan yodda qoldi?
Tahlil
−
21 yanvar 2022
8906Jamiyat
Toshkentda yana o‘q ovozi eshitildi. IIBB izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l o‘rtasida bir fuqaro VAZ-2199 rusumli transport vositasiga qarata o‘q uzganligi aks etgan video tarqalmoqda. Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, kecha, 20 yanvar kuni taxminan soat 11:35 larda 1990 yilda tug‘ilgan Z.S. (Spark rusumli davlat raqami 01 B 292 WA bo‘lgan avtomobil haydovchisi) Mirzo Ulug‘bek tumani Feruza dahasi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yo‘lning qatnov qismida o‘zining tanishi 1985 yilda tug‘ilgan G.A.ni ko‘rib qolgan.
Bog‘chalar ham yopiladimi? Vazirlik aniqlik kiritdi
Maktabgacha ta’lim muassasalari joriy yilning 24 yanvaridan boshlab, ya’ni qishki ta’tildan so‘ng odatiy rejimda faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Bog‘chalar yopilmaydi, o‘z faoliyatini odatdagi rejimda davom ettiraveradi. Bog‘chalarda karantin qoidalariga rioya qilinadi. Agar bironta guruhda COVID-19 aniqlansa, o‘sha guruh karantinga olinadi, bog‘cha vaqtinchaga yopiladi”, dedi vazirlik Matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayeva.
Ta’kidlanishicha, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida COVID-19 pandemiyasi davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish faoliyatiga qo‘yiladigan vaqtinchalik sanitariya-gigiyenik talablarga qat’iy rioya etiladi. Bayram tadbirlari o‘tkazilishi vaqtinchalik cheklanadi.
Tadbirlarni soxta obro‘ uchun o‘tkazmaslik kerak – Turdimov eski noutbuk masalasiga munosabat bildirdi
Avvalroq, Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi maktablardan birining 8-sinf o‘quvchisi “Bir million dasturchi” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lgan Sardor Sattorov va’da qilingan yangi noutbuk o‘rniga eskisi bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edik. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bugun, 21 yanvar kuni xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 55-sessiyasida mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
“Mana shu masalani ko‘tarib chiqqan jurnalist va blogerlarga rahmat. Bundan rahbarlar xulosa qilishi kerak. Tanqid qilgan odamni yomon ko‘rish kerak emas, ko‘tarilgan muammoni hal etish lozim”, deydi Erkinjon Turdimov.
Baliq boshidan. Farg‘onada prokuror 1000 dollar pora bilan qo‘lga tushdi
Farg‘ona viloyatida noqonuniy ravishda yer ajratib berish evaziga pora so‘ragan katta prokuror ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 18 yanvar kuni Farg‘ona viloyati prokuraturasi va davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi tezkor xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.
Tadbir davomida aniqlanishicha, Farg‘ona viloyati prokuraturasi bo‘lim katta prokurori A.T. mansab vakolati doirasiga kirmasada, fuqaro A.X.dan unga tegishli bo‘lgan go‘sht do‘koni orqa tomonida joylashgan 1,5 sotix yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan.
Surxondaryoda kundoshini “samosud” qilgan ayol va opasi qamaldi
Bundan 6 oy avval Surxondaryoda ayol qizi hamda opasi bilan kundoshini samosud qilib, ayolni kaltaklagandi. Ayol va opasiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Aytish joizki, voqea o‘tgan yilning 17 iyul kuni soat 08:00 larda sodir bo‘lgan. B.E’zoza o‘zining voyaga yetmagan farzandi O.Marjona hamda opasi Sho‘rchi tumani Hayrabod mahallasida yashovchi fuqaro A.Dilnoza bilan birga Sho‘rchi tumani Navro‘z mahallasi hududidan kesib o‘tgan avtomobil yo‘li chetki qismidagi piyodalar yo‘lakchasida S.Albinani uchratib qolgan.
Qodirov Jirinovskiyga va Rossiyaga nisbatan sanksiya joriy qilishni taklif qilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov “Kremlning og‘zi” – Rossiya Liberal-demokratik partiyasining tuturiqsiz bayonotlari bilan tanilgan raisi Vladimir Jirinovskiyga sanksiya joriy qilishni taklif qilmoqda. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozmoqda.
Bundan bir necha kun avval, Vladimir Jirinovskiy Qozog‘istondagi voqealar xususida munosabat bildirib, bu voqealar barcha postsovet mamlakatlarida birin-ketin sodir bo‘layotganini aytib, ro‘yxatda O‘zbekiston nomini ham sanagan. Uning qayd etishicha, O‘zbekistonga poytaxt Toshkent yerlari sovg‘a sifatida berilgan.
Diniy qo‘mita o‘zbekistonlik Umra ziyoratchilari uchun muhim ogohlantirish bilan chiqdi
Saudiya Arabistonida belgilangan karantin talablariga ko‘ra, Masjidi Nabaviy ziyorati va Umra tadbirini amalga oshirish “Tawakkalna” va “Eatmarna” mobil dasturlari orqali amalga oshirilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ziyoratga ketayotgan fuqarolar safardan oldin ushbu ilovalarni o‘z telefonlariga yuklab olishi kerak:
Andriod dasturi uchun:
· Tawakkalna
· Eatmarna
IOS dasturi uchun:
· Tawakkalna
· Eatmarna
Amira Rashidova uzr so‘radi
“Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi.
U bugun kun tartibiga chiqqan masalalarda QALAMPIR.UZ’ni ayblagan.
“Ikki yil bo‘ldiki, biror bir jiddiy mavzularga qo‘l urmayman. Bunga sabab, men bilan bir voqea sodir bo‘lgan edi. O‘shanda bir vaziyat yuzasidan feysbuk tarmog‘ida post yozgandim. Eski “qadrdonlar” so‘zlarimni kontekstdan yulib, g‘araz niyat bilan fikrlarimni noto‘g‘ri talqin qilishgandi…
Qarangki, ikki yil o‘tib “Sevimli” atrofida bo‘layotgan gap-so‘zlarga o‘z fikrimni bildirish uchun kecha post yozsam, hammasi qayta takrorlandi. Yana o‘sha odamlar, yana o‘sha ssenariy… So‘zlar kontekstdan yulinib, o‘ziga kerak sarlavhada tarqatildi. Go‘yoki men Saida Mirziyoyevaning “Sabriya” seriali haqidagi fikriga qarshi chiqib, kechagi postni yozgan, deb talqin qilishdi! Lekin bu unday emas!
Insof haqida gapirmayman, chunki bunday odamlarda u bo‘lmaydi… Tuhmat qilishdan to‘ymaydi, Xudodan ham qo‘rqmaydi bundaylar”, deydi Amira Rashidova (20.01.2022 yil).
Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi
Yoshlar jamiyat uchun parda ortidagi voqelik, ko‘p ham ommaviy muhokama qilinmaydigan munosabatlar sirli, sehrli tuyuladi, ularni ko‘rishga intilish kuchli bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi.
Nazarbekov bugun kun tartibiga chiqqan masala – seriallardagi axlov mavzusiga to‘xtalarkan, soha vakillarini ogohlantirdi.
“Ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama etilgan, xususiy telekanallarda namoyish etilayotgan teleseriallarga nisbatan keskin norozilik kayfiyati kuchaydi. Ta’kidlash joizki, bundan ikki yilcha avval ham seriallar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgandi. Ayni paytda ham bu holat takrorlandi. Bundan ko‘rinib turibdiki, soha vakillari kelgusida yana shunday kayfiyatdagi tomoshabin bilan yuzlashmaslik uchun bu borada aniq va to‘g‘ri yondashuvni topishi kerak. Yo‘qsa, ularning yurt taqdiriga daxldor shaxs sifatida birinchi va ikkinchi Uyg‘onish davri yangilanishlarini yaratgan ajdodlarimizning ma’naviy orzulari davomchilari bo‘lgan Uchinchi Renessans vakillarini munosib tarbiyalash uchun nima qildik, degan savolga arzirli javoblari bo‘lmasligi mumkin.
Aslida bu borada mushohada yuritish har birimizning ma’naviy burchimizdir. Ayniqsa, televideniye xodimlarining oldida "Oynai jahon orqali efirga uzatayotgan har bir telemahsulot yoshlar tarbiyasiga qanday ta’sir qiladi, bu bilan jamiyatga qanday nafimiz tegyapti?" degan savol ko‘ndalang turishi kerak”, deydi Ozodbek Nazarbekov.
Aksilkorrupsiya ishga kirishdi! “Sevimli” atrofidagi manfaatlar to‘qnashuvi o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani ehtimoli bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish boshladi.
“Mazkur masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi izoh berishi so‘ralmoqda. Hozirda agentlik mas’ul xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan barcha holatlar bo‘yicha o‘rganish va surishtiruvlar olib borilayotganligini ma’lum qilamiz. O‘rganish yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalariga qo‘shimcha axborot beriladi”, deydi Durdona Ochilova.
Olam
Bayden Putin haqidagi savolni “ahmoqona” deb atadi
AQSH Prezidenti Jo Bayden jurnalistning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan o‘zaro munosabatlarni o‘rnatish haqida bergan savolini ahmoqlik deb atadi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmatiga tayanib xabar berilgan.
Ta’kidlanishicha, kecha, 20 yanvar kuni ommaviy tadbirlardan birining yakunida “Fox News”
jurnalisti zaldan chiqib ketayotgan Prezidentga baland ovozda savol bergan.
“Nega Putin birinchi qadamni qo‘yishini kutyapsiz, ser?” degan jurnalist.
“Hozir vahima qilish vaqti emas”. Rossiya hujumini kutayotgan Zelenskiy xalqiga murojaat qildi
Ukraina urushni istamaydi, lekin unga doim tayyor turishi kerak. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy xalqqa videomurojaatida ta’kidladi.
Prezident ukrainaliklarni Rossiya bosqinining ehtimoli haqidagi xabardan vahimaga tushmaslikka chaqirgan.
“Urush sakkiz yildan beri davom etmoqda, hozir vahima qilish, vaziyatni keskinlashtirish, grechka va gugurt sotib olish vaqti emas. Sakkizinchi yil ketayotgani haqiqat emasmi? Bosqinchilik 2014 yilda boshlanmadimi? Urush xavfi endigina paydo bo‘ldimi? Bu xavflar paydo bo‘lganiga bir kun bo‘lmadi va hozir ular kattalashgani yo‘q, hozir ular atrofida hayajon kuchaygan”, degan Ukraina Prezidenti.
To‘qayev qozoq elitasining cho‘ntagini “nishonga oldi”
Qozog‘istonda iqtisodiy o‘sishdan faqat cheklangan elita guruhlarigina foyda ko‘rmoqda, oddiy aholining daromadlari esa pasayib borayapti. Bu haqda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qozog‘istonlik ishbilarmonlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Mamlakatimizda cheklangan elita guruhlari iqtisodiy o‘sishdan naf ko‘ra boshladi, aholining aksariyat qismi daromadlari esa kamayib yoki to‘xtab qolmoqda, bu davlatimiz xavfsizligiga jiddiy tahdiddir. Bu jamiyatda iqtisodiy, ijtimoiy, keyin esa siyosiy bo‘linishga olib kelishi mumkin — bunday inqirozning dastlabki belgilari allaqachon yuzaga chiqqan. Tabiiyki, bu tarzda davom etib bo‘lmaydi”, degan To‘qayev.
“Aflotun do‘stim, lekin haqiqat azizroq”. To‘qayev Nazarboyevchilarga “signal” berdi...mi?
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat boshqaruvida u haqiqatni do‘stidan ham yuqori tutishini ma’lum qildi va shu orqali Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev hamda uning yaqinlariga o‘ziga xos ishora bergandek bo‘ldi. Bu haqda u badavlat qozoq tadbirkorlari bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.
“G‘ayriqonuniy, noaniq, oshirilgan narxlar – bu faktlarni zudlik bilan hal qilish kerak. Boshqa iloj yo‘q. Men oxirgi marta bir oy vaqt beraman. Agar yechim topilmasa, qattiq qarorlar qabul qilinadi. Umid qilamanki, “Aflotun mening do‘stim, lekin haqiqat azizroq” formulasi men uchun asosiy, maqsadli qadriyatga ega ekanligiga hamma ishonch hosil qildi. Bu barcha masalalarga taalluqli. Men uchun biror kim bilan yaxshi munosabatlardan ko‘ra davlat manfaati baland”, degan To‘qayev.
Alisher Usmonov qaysi metall kelajak “oltini” bo‘lishini aytdi
Kelajakda dunyo qizil metall – misning jiddiy tanqisligiga duch kelishi mumkin. Bu haqda “USM Holding” kompaniyasi asosichisi milliarder Alisher Usmonov Jahon iqtisodiy forumi uchun yozgan maqolasida so‘z yuritgan.
“Mis ko‘pincha “yangi oltin”, “yangi neft” yoki “kelajak metalli” deb nomlanadi, chunki u past uglerodli iqtisodiyotlarda va yuqori texnologiyali sanoatda, shu jumladan telekommunikatsiyalarda ajralmas rol o‘ynaydi. Mis elektr transport vositalari va qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarishda, shuningdek, uglerodni ushlash va saqlash tizimlarini yaratishda ham muhim hisoblanadi”, degan milliarder o‘zining maqolasida.
O‘zbekistonga “tosh otgan” Lukashenko endi o‘zidan xavotirga tushdi
Belarus yanvar oyi boshida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealardan saboq olishi kerak. Bu haqda Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenko ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda vayrongarchilik va talon-torojliklarning oldini olish muhim.
“Talonchilik va “pogrom”lar. Hamma uchun yetarli. Bizda ham shunday bo‘lishini Xudo ko‘rsatmasin. Bu asosiy saboq”, degan Lukashenko.
Tinib-tinchimas xitoyliklar sun’iy Oy ixtiro qildi
Xitoylik olimlar Oyning past tortishish muhitini nazorat qilish uchun kamera qurdi. U sun’iy Oyning prototipi hisoblanadi. Bu haqda “South China Morning Post” nashri xabar berdi.
Qurilma past tortishish sharoitida kichik jismlarning harakatini o‘rganish uchun mo‘ljallangan.
Sun’iy oyning prototipi diametri 60 santimetr bo‘lgan dumaloq kameradir. Ma’lumki, Oydagi tortishish kuchi Yerdagidan taxminan olti baravar kam. Qurilmani sinab ko‘rish Oyda past tortishish sharoitida sodir bo‘ladigan oldindan aytib bo‘lmaydigan baxtiz hodisalar sonini kamaytirishga yordam beradi.
Lukashenko Rossiyaga ishonib, G‘arbni tahdidomuz ogohlantirdi
Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenko Belarus va Rossiyaga hujum qilmoqchi bo‘lganlarga bunday qilmaslikni maslahat berdi. Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan birgalikda ular Ittifoq davlati chegaralarini himoya qilish ustida doimiy ish olib boradi va mudofaa uchun tayyor, degan siyosatchi.
“Bizga tegmaganingiz yaxshi”, deya ta’kidlagan Lukashenko Ukraina bilan chegaradagi harbiy ob’ektlarni ko‘zdan kechirish uchun Brest viloyatiga kelganida.
Sport
“Australian open-2021”. Markaziy bahsda Azarenko Svitolinani taslim etdi
Belaruslik tennischi Viktoriya Azarenko mavsumdagi ilk “Katta Dubulg‘a” musobaqasi – Avstraliya ochiq chempionatining 1/8 finaliga yo‘l oldi. Musobaqada 25-raqam ostida saralangan tennischi 3-davra bellashuvida Ukraina vakilasi Elina Svitolinani 6:0, 6:2 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv 1 soat 3 daqiqa davom etdi.
Endilikda 32 yoshli tennischi chorak final yo‘lida Barbara Kreychikova (Chexiya) – Yelena Ostapenko (Latviya) juftligi g‘olibiga qarshi kortga chiqadi.
Pele yana saratonga chalindi. U kimyoterapiya olyapti
Futbol bo‘yicha uch karra jahon chempioni, braziliyalik Pele kimyoterapiya kursi uchun shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda ESPN kanali xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, sobiq futbolchi bir necha kundan beri “Albert Eynshteyn” klinikasida qolmoqda. Pelening ichaklarida va jigarida o‘simtalar, shuningdek, o‘pkasida ham dastlabki bosqichda o‘simta aniqlangan.
Uning ahvoli barqarorligi qo‘shimcha qilingan.
Konor qachon oktagonga qaytadi? UFC prezidenti javob berdi
UFC prezidenti Dana Uayt ikki vazn toifasida sobiq chempion irlandiyalik Konor Makgregor qachon qaytishi haqida gapirdi.
“O‘ylaymanki, u yozda qaytib keladi, garchi aniq ayta olmasam ham. Hamma narsa oyog‘ining qanday tuzalishiga, shuningdek, yozgacha sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan millionlab boshqa narsalarga bog‘liq bo‘ladi. Bu mavzu bo‘yicha spekulyatsiya qilish shunchaki ahmoqlik va men buni qilishni allaqachon to‘xtatdim. Konor menga qo‘ng‘iroq qilib, tayyor ekanligini va to‘liq mashg‘ulotlarga kirishganini aytganida, biz uning qaytishi mumkin bo‘lgan variantlarni muhokama qilishni boshlaymiz”, deydi Uayt.
LiveBarchasi